
Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ishlab chiqarish samaradorligini 10% oshirish deyarli 2 million yangi ish o‘rni yaratishi mumkin. Bu haqda Jahon bankining yangi hisobotida aytiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, iqtisodiyotni rivojlantirishda asosiy omil nafaqat kapital va ishchi kuchi ko‘payishi, balki samaradorlikni oshirish bo‘lishi kerak. Hisobotda qayd etilishicha, global moliyaviy inqirozdan keyingi davrda iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi, asosan, samaradorlik sur’atlarining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Islohotlar sust amalga oshirilgan, ko‘plab resurslar samarasiz davlat korxonalarida qolib ketgan va rivojlanish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, mintaqadagi eng samarali kompaniyalar eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalardir, ammo ularning soni yetarli emas.
Shu bilan birga, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining savdo aylanmasi o‘z imkoniyatlaridan o‘rtacha 45% past bo‘lib, bu esa global iqtisodiyotga integratsiya va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun katta imkoniyatlarning mavjudligini ko‘rsatadi. Jahon banki mintaqadagi mamlakatlarga islohotlarni tezlashtirish va savdo, investitsiyalar, raqamlashtirish, samaradorlikni oshirish hamda malakalarni rivojlantirish kabi beshta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Bu nafaqat sifatli ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga, balki iqtisodiyotlarning barqarorligini mustahkamlashga yordam beradi.
"Mintaqa hal qiluvchi bosqichda turibdi. Samaradorlikni oshirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak", — dedi Jahon bankining mintaqaviy direktori Asad Alam.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.