Qirg‘iziston vitse-premyeri amerikaliklar uchun vizasiz rejimni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi

Qirg‘iziston vitse-premyeri Edil Baysalov AQSh tomonidan qirg‘izistonliklar uchun joriy etilgan yuqori miqdordagi garov talabi fonida amerikaliklar uchun vizasiz tartibni qayta ko‘rib chiqish kerakligini bildirdi. U bu tashabbusini X ijtimoiy tarmog‘ida bayon qildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Baysalovning fikricha, AQSh Davlat departamentining yangi qoidalari o‘zaro tenglik (paritet) tamoyiliga zid. Uning ta’kidlashicha, vizaga oid siyosat — bu ikki tomonlama hurmat masalasi.
X’dagi foydalanuvchilardan biri bunday qadam ortidan Vashington qirg‘izistonliklar uchun viza berishni cheklashi mumkinligidan xavotir bildirdi va AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21-yanvardan boshlab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari B1/B2 toifasidagi (biznes va turistik) vizaga ariza topshirishda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha garov puli kiritishi shart. Aniq summa suhbat jarayonida konsullik xodimi tomonidan belgilanadi. Garov puli viza berilishini kafolatlamaydi: viza rad etilsa yoki AQShda bo‘lish shartlariga to‘liq amal qilingani tasdiqlangach, mablag‘ qaytariladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!