De Beers bir yil ichida ilk bor olmos narxlarini pasaytirdi

De Beers kompaniyasi olmoslar bo‘yicha rasmiy narxlarni tushirdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya oxirgi bor 2024 yil dekabrida narxlarni pasaytirgan edi.
Avvalroq De Beers bozorni ushlab turish maqsadida ayrim toshlarni yopiq savdolarda chegirma bilan taklif qilgan, biroq rasmiy narxlar ayrim toifalarda bozor bahosidan qariyb 25% yuqori darajada qolayotgan edi.
Narxlar qayta ko‘rib chiqilishiga bir nechta omil turtki bo‘ldi: Xitoyda qimmatbaho taqinchoqlarga talab susayishi, sun’iy olmoslarning ommalashuvi hamda olmoslarni eng ko‘p eksport qiluvchi davlatlardan biri bo‘lgan Hindistondan importga AQSh joriy etgan yuqori bojlar.
Yilning ilk savdosida De Beers, ayniqsa, hajmi uchdan to‘rt karatdan kattaroq bo‘lgan qayta ishlanmagan olmoslar narxini sezilarli pasaytirdi. Bloomberg qayd etishicha, odatda kompaniya bozorni beqarorlashtirmaslik uchun narxlarni tushirishdan qochadi, biroq bu safar shunday qadam tashlandi. Pasayishning aniq ko‘lami hozircha ochiqlanmagan — bunga taklif tarkibi va narx belgilash uslubi o‘zgargani ham sabab bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!