Gvardiola Husanovni maqtadi: «Siti»da uzoq yillar qoladi, albatta...

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovning o‘yini va professional munosabatiga juda yuqori baho berdi. Ispaniyalik mutaxassis bu gal faqat maydondagi harakatlarni emas, balki futbolchining xarakterini ham alohida ta’kidladi.
Gvardiola aytishicha, u matbuot va muxlislar orasidagi baholarni ham o‘qib chiqqan. Va u yerdagi maqtovlar bekorga emas: Husanov haqiqatan ham yuqori saviyada. Murabbiyning fikriga ko‘ra, jamoada unga nisbatan hech qanday e’tiroz yo‘q — oxirgi o‘yinda ham, undan oldingi bahsda ham u ishonchli, sobitqadam va tartibli o‘ynagan. «Siti» shtabi esa bu barchasidan mamnun.
"Matbuotni o‘qib ko‘rdim, Husanovni qanday maqtashayotganini. Ular haq! U juda yuqori darajada. Bizda unga nisbatan hech qanday e’tiroz yo‘q. Oxirgi o‘yinda ham, undan oldingisida ham u ajoyib harakat qildi. Biz juda mamnunmiz", — deya ta’rif berib o‘tdi ispaniyalik murabbiy.
Eng qizig‘i, Gvardiola Husanovni aynan qiyin paytdagi xulqi uchun ham ajratib ko‘rsatdi. U «Arsenal»ga qarshi o‘yindan keyin bir oyga yaqin maydonga tushmaganiga qaramay, mashg‘ulotlarda ham, kiyim almashtirish xonasida ham o‘zini juda to‘g‘ri tutgan. Murabbiyning ta’kidlashicha, aynan shu jihat futbolchining kimligini ko‘rsatib beradi: sabr, intizom, jamoaviy muhitda to‘g‘ri pozitsiya.
"Ayniqsa, u "Arsenal"ga qarshi o‘yindan keyin bir oy davomida maydonga tushmaganiga qaramay, mashg‘ulotlarda va kiyim almashtirish xonasida o‘zini qanday tutganini ko‘rsangiz edi. Ana shu jihat Husanovni belgilab beradi", — dedi Gvardiola.
Gvardiola bu yetuklik tasodif emasligini ham qo‘shimcha qildi. Uningcha, Husanovga ota-ona tarbiyasi, O‘zbekistonda olgan futbol asosi, keyin Fransiyadagi oylar katta ta’sir qilgan. Shundan keyin esa u to‘g‘ridan to‘g‘ri Premer liganing eng og‘ir talablari bor klubiga — «Manchester Siti»ga keldi. Bu katta sakrash, oson bo‘lmagan o‘zgarish. Lekin Husanov bu bosqichda “shovqin” qilmadi: tingladi, o‘rgandi, moslashdi.
Ispaniyalik mutaxassis yana bir muhim nuqtani urg‘uladi: Husanovning jismoniy tayyorgarligi juda yuqori. Bu markaziy himoyachi uchun hal qiluvchi omil — duellarda chidam, tezlik, pozitsiya, 90 daqiqa davomida barqarorlik. Gvardiolaning ishonchiga ko‘ra, Abduqodir «Siti»da markaziy himoyachi sifatida ko‘p yillar o‘ynashi va eng yuqori darajada qolishi mumkin.
"Albatta, uning jismoniy holati juda yuqori darajada. "Manchester Siti"da markaziy himoyachi sifatida ko‘p yillar davomida o‘ynaydi va eng yuqori saviyada. U qanday darajaga chiqadi? Bu faqat uning o‘ziga bog‘liq, boshqa hech kimga emas", — deya ta’rif berib o‘tdi ispaniyalik murabbiy.
Murabbiy yakunda eng to‘g‘ri gapni aytdi: Husanov qanchalik baland darajaga chiqadi — bu faqat uning o‘ziga bog‘liq. Hozir esa signal aniq: Gvardiola uni ko‘ryapti, ishonyapti va qadrlayapti. Muxlislar uchun bu — oddiy maqtov emas, katta yo‘lning boshlanish belgisi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!