Ispaniyada poyezdlar to‘qnashuvi tafsilotlari: qurbonlar soni ortmoqda

18 yanvar kuni kechqurun Ispaniya janubidagi Kordova provinsiyasida ikki tezyurar poyezd ishtirokida og‘ir fojia ro‘y berdi. Adamus shaharchasi yaqinida Iryo kompaniyasining Malagadan Madridga yo‘l olgan yo‘lovchi poyezdi hamda Renfe’ning Madriddan Uelva tomon harakatlangan Alvia rusumli poyezdi to‘qnashib ketdi. Bir qarashda oddiy reys bo‘lib ko‘ringan safar bir lahzada mamlakatni titratgan halokatga aylandi.
Qanday qilib to‘qnashuv sodir bo‘ldi?
El Pais ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan 19:45 da Iryo poyezdining sostavidagi oxirgi uchta vagon relsdan chiqib ketgan va parallel o‘tgan yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Xuddi shu paytda qarama-qarshi yo‘nalishdan Alvia poyezdi kelayotgan bo‘lgan.
Afsuski, Alvia mashinistida favqulodda tormoz berishga vaqt yetarli bo‘lmagan. Oqibatda, poyezdning dastlabki ikki vagoni balandligi taxminan to‘rt metr bo‘lgan temiryo‘l ko‘tarmasidan pastga qulab tushgan. Fojianing eng og‘ir zarbasi ham aynan shu yerda yuzaga kelgani aytilmoqda.
Qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida oxirgi ma’lumot
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida 39 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Yana 152 kishi turli darajada tan jarohati olgan, shundan besh nafari o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Ispaniya transport vaziri Oskar Puente qurbonlar soni ortishi mumkinligidan ham ogohlantirgan.
Ma’lum qilinishicha, poyezdlarda jami 480 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ko‘tarmadan pastga qulagan vagonlarda 53 kishi joylashgan.
“Odamlar yordam so‘rashardi…” — yo‘lovchilar aytib bergan dahshatli lahzalar
Fojia guvohlari hodisa paytida kuchli silkinish bo‘lganini, so‘ng poyezd to‘xtagunicha vagon ichida odamlar u yoqdan-bu yog‘ga urib ketganini aytishmoqda. Yo‘lovchilardan biri poyezddan tushgach, birinchi vagon deyarli butunlay vayron bo‘lganini ko‘rganini ta’kidlagan.

Alvia poyezdida bo‘lgan yana bir yo‘lovchi esa shunday deydi: uchinchi vagondan chiqib olgach, birinchi va ikkinchi vagonlar jarlikka tushib ketganini ko‘rishgan. Qutqaruv xizmatlari kelguncha yo‘lovchilar o‘zlari imkon qadar ko‘proq odamni chiqarishga uringan.
Iryo poyezdi yo‘lovchilaridan biri esa halokatning eng og‘ir tomonini yashirmaydi: jarohatlar juda og‘ir bo‘lgan, ba’zilar esa ko‘z o‘ngida jon bergan — va o‘sha lahzada insonning qo‘li qisqa ekanini his qilishgan.
Nima uchun bu “juda g‘alati” holat? Tekshiruv boshlandi
Avariya sabablari hozircha aniq emas. Tekshiruv o‘tkazish uchun mustaqil komissiya tuzilgan. Vazir Puente fojiani “juda g‘alati” deb atagan, chunki to‘qnashuv 2025 yil mayida yangilangan temiryo‘l uchastkasida sodir bo‘lgan.
Shuningdek, izdan chiqqan Iryo poyezdi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan va hodisadan to‘rt kun oldin tekshiruvdan o‘tkazilgani qayd etilmoqda. Qolaversa, mazkur qism inson xatosi oqibatini minimallashtirishga mo‘ljallangan xavfsizlik tizimi bilan jihozlangani aytilgan.

Renfe rahbariyati ma’lum qilishicha, har ikki poyezd soatiga 200 km tezlikda harakatlangan bo‘lsa-da, belgilangan tezlik me’yoridan oshmagan.
Harakat to‘xtatildi, Adamusda dala shifoxonasi ochildi
Madrid va Andalusiya o‘rtasida tezyurar poyezdlar qatnovi kamida to‘rt kunga to‘xtatildi. Yo‘lovchilar avtobuslarga yo‘naltirilmoqda. Adamusdagi sport zali vaqtinchalik dala shifoxonasiga aylantirilgan, voqea joyida favqulodda xizmatlar, shifokorlar va ko‘ngillilar tinimsiz ishlayapti.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Davos iqtisodiy forumidagi ishtirokini bekor qilgan. U Ispaniya qiroli va qirolichasi bilan birga Adamusga borishi kutilmoqda. Parlamentda esa halokat qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi.
2013 yildan beri eng og‘ir temiryo‘l fojiasi
Andalusiyadagi mazkur halokat Ispaniya uchun 2013 yildan buyon eng jiddiy temiryo‘l avariyasi sifatida qayd etilmoqda. O‘shanda Galisiyadagi Santyago-de-Kompostela bekati yaqinida Alvia poyezdi izdan chiqib ketib, 70 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan edi.
Bu galgi fojia ham nafaqat Ispaniya, balki butun Yevropada temiryo‘l xavfsizligi, nazorat tizimlari va favqulodda vaziyatlardagi tayyorgarlik haqidagi savollarni yana bir bor o‘rtaga chiqardi. Endi eng asosiysi — sabablarni ochiq va xolis aniqlash, aybdorlar bo‘lsa javobgarlikni ta’minlash va bunday kun qayta takrorlanmasligi uchun tizimli xulosa chiqarish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!