Husanov va Donnarumma: derbida «Siti»ni sharmandalikdan qutqarganlar

Manchester derbisida “shaharliklar”ni qabul qilgan “Yunayted” kutilmaganda raqibni juda yengil yo‘l bilan yengdi. Mezbonlar “Siti” darvozasiga javobsiz ikki to‘p kiritdi, yana uchta gol esa o‘yindan tashqari holat sabab bekor qilindi. Qisqasi, tabloda 2:0, maydonda esa “Siti” uchun og‘riqli signallar.
Uchrashuvdan keyin “shaharliklar” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda jamoani qattiq tanqid qildi. Ammo umumiy norozilik fonida ikki futbolchiga nisbatan munosabat deyarli bir xil bo‘ldi: darvozabon Janluiji Donnarumma va markaziy himoyachi Abduqodir Husanov. Ular haqida “kechaning yagona yorug‘ nuqtasi” degan fikrlar ko‘paydi.
Ayniqsa, o‘zbek futbolchisi omadsiz kechgan derbida ham eng yaxshilardan biri bo‘ldi. Uning o‘sishi faqat shu bahsda emas, balki butun mavsum davomida yaqqol ko‘zga tashlanyapti — maydondagi harakat, pozitsiya tanlash, himoyadagi sovuqqonlik va to‘p bilan ishlashdagi ishonch bunga isbot.
Kadrlar bilan bog‘liq muammolar (Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Ruben Diashning jarohati) sabab Pep Gvardiola derbida markaziy himoyada vaqt sinovidan o‘tmagan tandem — 21 yoshli Husanov va 20 yoshli Maks Alleynni tushirdi. Angliyalik himoyachi o‘yinni butunlay chiqara olmadi va tanaffusdayoq almashtirildi. Husanov esa final hushtagigacha maydonda qoldi hamda uchrashuvdan keyin “Manchester Siti” tarkibida eng ishonchlilardan biri sifatida e’tirof etildi.
Abduqodir Husanovning o‘yindagi ko‘rsatkichlari quyidagicha:
- Paslar (aniqligi): 76/81 ta (94%)
- To‘pni olib qo‘yish: 2 ta
- To‘pni uzoqlashtirish: 9 ta
- To‘pni bosh bilan uzoqlashtirish: 3 ta
- To‘pni yo‘ldan olib qolish: 3 ta
- To‘pni qaytarib olish: 3 ta
E’tiborli jihati: bu ko‘rsatkichlarning aksariyatida Husanov “Siti” tarkibida eng yaxshi natijani qayd etdi. U faqat to‘pni kesish va xavfni bartaraf etish bilan cheklanmadi — to‘p bilan ham juda faol harakat qildi:
- 98 ta to‘pga teginish (faqat Rodri undan ko‘p),
- 81 ta uzatma (ikkala jamoa o‘yinchilari orasida 2-o‘rin),
- 94% aniqlik — bu borada ham faqat Rodri undan oldinda bo‘ldi.
Bunday raqamlar fonida Husanov jamoaning boshqa himoyachilari orasida yaqqol ajralib turdi va Donnarumma bilan birga kechaning eng ishonchli futbolchilari qatoriga chiqdi.
Uchrashuvdan keyin “Siti” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi fikrlarni yozdi:
Sadhorse:
Agar Donnarumma va Husanov bo‘lmaganida, hisob 5:0 ko‘rinishiga kelardi.
Drinkandrant:
Husanov — bizning yangi Serxio Ramosimiz. Unga alohida rahmat.
ThiagollPo:
Husanov va Jiji bu o‘yindan qolgan yagona yaxshi xotira. Alleyn va Lyuis transferga qo‘yilishi kerak, Xoland va Foden — zaxiraga.
Hamxamcfc:
Fodenga ham, Rodriga ham la’nat. Riko Lyuis ham shu yerda qolsin. Semeno, Ake, Dok-u, Bernardu — hammasi ketsin. “Manchester Siti”ga sharmanda.
Biz muxlislar Donnarummani yaxshi ko‘ramiz va albatta, seni ham Husanov.
DjallenDs:
Eng minimal talab — maksimal harakat qilish. Biz esa yakkama-yakka kurashlarda ham yutmadik. Bugun “Manchester Yunayted” g‘alaba qozonishni ko‘proq istadi. Faqat darvozabon va Husanov yaxshi ko‘rindi, qolganlari — mutlaq sharmandalik.
The_lawyerguy:
Bu o‘yindan keyingi yagona fikr: Husanov zaxirada o‘tirishi kerak emas. U Mark Gexi bilan yaxshi juftlik hosil qilishiga umid qilamiz.
Shunga o‘xshash izohlar juda ko‘p: muxlislar Husanovning tarkibga tez-tez kirishini istayapti, chunki boshqa o‘yinchilarning o‘yini ularni qoniqtirayotgani yo‘q. Husanov esa so‘nggi bir yilda katta o‘sish qildi va bu faqat “qo‘llab-quvvatlash” emas, aynan maydondagi ishi bilan isbotlanyapti.
Endi eng qizig‘i oldinda: agar Gvardiola himoyada yangi “barqaror juftlik” qidirayotgan bo‘lsa, Husanov bunday shansni o‘yini bilan allaqachon sotib oldi. “Siti”ga hozir aynan shunday xarakter va sovuqqonlik kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!