190 ming gektar o‘rmon yerida noqonuniy konchilik aniqlandi

Indoneziya hukumati o‘rmon hududlarida olib borilayotgan noqonuniy konchilik faoliyatiga qarshi keng ko‘lamli choralarni boshladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 190 ming gektar o‘rmon yerlarida ruxsatsiz qazib olish ishlari aniqlangan. Hukumat ushbu hududlarni davlat tasarrufiga qaytarishni rejalashtirmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rohmat Marzuki parlament yig‘ilishida so‘zlab, mazkur kon maydonlari tegishli ruxsatnomalarsiz faoliyat yuritganini ma’lum qildi. U noqonuniy ish olib borgan kompaniyalar nomini ochiqlamadi. Hozircha qazib olinayotgan resurslar va aniq muddatlar haqida ham ma’lumot berilmadi.
Maxsus nazorat guruhi hozirga qadar 8 ming gektardan ortiq hududni qaytarib olgan. Bu yerlarda nikel, ko‘mir va boshqa foydali qazilmalar qazib olingani aniqlangan. Shuningdek, noqonuniy palma yog‘i plantatsiyalari ham davlat nazoratiga o‘tkazilmoqda.
Bosh prokuratura noqonuniy faoliyat olib borgan kompaniyalarga yirik jarimalar solinishi mumkinligini bildirdi. Hukumat o‘rmonlarni himoya qilish va tabiiy boyliklardan qonuniy foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!