date

AQSHda o‘zga sayyoraliklar haqidagi ma’lumotlar ommaga ochiqlandi

AQSHda o‘zga sayyoraliklar haqidagi ma’lumotlar ommaga ochiqlandi

AQSH urush vazirligi noma’lum uchuvchi jismlar (NUJ) bo‘yicha hujjatlarni rasman e’lon qilish jarayonini boshladi. Idora vakillarining fikricha, endi jamoatchilik “noma’lum anomal hodisalar” bo‘yicha mustaqil xulosa chiqarishi mumkin. Bu haqda AP News xabar berdi.

Pentagon 8 may kuni Xda post qoldirdi. Unda aytilishicha, avvalgi ma’muriyatlar Amerika aholisini adashtirishga uringan, ammo prezident Donald Tramp maksimal shaffoflikni ta’minlashga e’tibor qaratmoqda.

“Fuqarolar ushbu fayllardagi ma’lumotlar asosida mustaqil xulosa qilishlari mumkin. Qo‘shimcha hujjatlar bosqichma-bosqich e’lon qilib boriladi”, deya ma’lum qilingan postda.


Bu loyihani Pentagon bilan birga Oq uy, Milliy razvedka direktori, Energetika vazirligi, NASA va FQB rahbarlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Noma’lum anomal hodisalar bo‘yicha hujjatlar joylashtirilgan yangi veb-sayt retro uslubida yaratilgan. Unda uchar jismlarning oq-qora tasvirlari va yozuv mashinkasi shriftidagi bayonotlar mavjud. Ilk taqdimotda 162 ta hujjat joylashtirilgan. Ular orasida Davlat departamentining eski xabarlari, FQB hujjatlari va NASAning koinotga parvozlari stenogrammalari bor.

Hujjatlar orasida FQBning dron uchuvchisi bilan suhbati ham keltirilgan. U 2023 yil sentyabr oyida osmonda “chiziqli obyekt”ni kuzatganini aytgan. Nur shunchalik yorqin bo‘lganki, hatto obyekt ichidagi qatlamlar ham ko‘ringan. Obyekt 5-10 soniya ko‘ringan va so‘ng g‘oyib bo‘lgan.

Yana bir hujjat NASAning 1972 yildagi “Apollon-17” missiyasiga tegishli fotosuratini o‘z ichiga olgan. Unda uchburchak shaklidagi uchta nuqta aks ettirilgan. Pentagonning bayonotiga ko‘ra, bu anomaliya haqida hozircha bir xil fikr yo‘q, ammo dastlabki tahlillar bu fizik obyekt bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Tramp fevral oyidan beri e’lonlar haqida ishora berib kelayotgan edi. U prezident Jon Kennedi, senator Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni ham ochiqlagan. Ammo hujjatlarda yangilik deyarli yo‘q edi.

Pentagon ko‘p yillardan beri NUJga oid hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish ustida ishlamoqda. 2022 yilda Kongress maxsus ofis tashkil etgan va 2024 yildagi hisobotda yuzlab yangi voqealar ochiqlangan. Ammo AQSH hukumati o‘zga sayyoraliklar texnologiyasini ko‘rganiga yoki ular hayoti haqida dalilga ega ekaniga oid birorta tasdiq yo‘q.

Ekspertlar e’tibor qaratmoqda: ilg‘or harbiy texnologiyalardan bexabar insonlar bunday videolarni ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qiladi. Pentagonning 2024 yil hisobotida ham o‘zga sayyoraliklar texnologiyasi yoki hayoti haqida dalillar yo‘qligi qayd etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda o‘zga sayyoraliklar haqidagi ma’lumotlar ommaga ochiqlandi