Tesla Model Y AQShning yangi xavfsizlik sinovlaridan o‘tgan ilk avtomobil bo‘ldi

Tesla Model Y AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) tomonidan haydovchilarga yordam berish tizimlari (ADAS) uchun joriy etilgan yangi xavfsizlik talablariga javob bergan birinchi avtomobilga aylandi. Yangilangan standartlar doirasida to‘rtta majburiy sinov joriy etilgan bo‘lib, ular piyodalarni aniqlashda avtomatik tormozlash, ko‘r zonalarni nazorat qilish va avtomobilni yo‘lakda ushlab turish funksiyalarining samaradorligini tekshiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozircha Model Y natijalari Tesla kompaniyasining o‘zi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanadi, chunki 2026-yilgi model yili uchun ishlab chiqaruvchilarga dastlabki ma’lumotlarni mustaqil taqdim etishga ruxsat berilgan. Biroq, NHTSA ushbu ko‘rsatkichlarni kelgusida o‘zining mustaqil laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazadi. Agar avtomobil belgilangan talablarga javob bermasa, uning muvofiqlik maqomi bekor qilinadi.
Ushbu yangilik NCAP dasturining bir qismi bo‘lib, u an’anaviy besh yulduzli xavfsizlik reytinglarini yanada kengaytiradi. Ilgari avtomobil ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining yordamchi tizimlarini marketing maqsadlarida turli xil taqdim etishgan bo‘lsa, endilikda NHTSA ushbu funksiyalarni yagona davlat standarti asosida baholashni boshladi.
2027-yilgi model yilidan boshlab NHTSA ADAS tizimlarini to‘liq mustaqil sinovlardan o‘tkazishga o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu qadam avtomobil sanoatida xavfsizlik texnologiyalari bo‘yicha shaffoflikni oshirishga va raqobatni shunchaki funksiyalar emas, balki tasdiqlangan xavfsizlik darajasi asosida qurishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!