AQSHda “Alligator Alcatraz” qamoqxonasi yopilishi mumkinmi?

AQSHda migratsiya siyosati bilan bog‘liq yana bir shov-shuvli masala kun tartibiga chiqdi. Florida shtatida joylashgan va g‘ayrioddiy nomi bilan tanilgan “Alligator Alcatraz” hibsxonasini yopish ehtimoli muhokama qilinmoqda.
Bu haqda Ron Desantis ma’lum qilib, masala hozircha dastlabki ko‘rib chiqish bosqichida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi rahbariyat, jumladan AQSH Ichki xavfsizlik departamenti ham ushbu muassasa faoliyatini qayta tahlil qilmoqda.
Dastlab noqonuniy immigratsiyaga qarshi samarali chora sifatida taqdim etilgan mazkur markaz vaqt o‘tishi bilan jiddiy tanqidlarga duch keldi. Asosiy e’tirozlar uning juda yuqori xarajatlari va kutilgan natijani bermayotgani bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu hibsxona faoliyatini ta’minlash uchun kuniga 1 million dollardan ortiq mablag‘ sarflanmoqda.
The New York Times nashri yozishicha, hozirgi muzokaralar boshlang‘ich bosqichda bo‘lib, mutaxassislar ushbu loyihani iqtisodiy jihatdan samarasiz deb baholamoqda. Shu sababli uni saqlab qolishdan ko‘ra yopish masalasi jiddiy ko‘rib chiqilyapti.
Qizig‘i shundaki, “Alligator Alcatraz” 2025 yil yozida ochilgan va o‘zining joylashuvi bilan ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. U alligatorlar va zaharli ilonlar yashaydigan botqoqlik hududida qurilgan bo‘lib, xavfli muhit bilan ajralib turadi. Ilk rejalarga ko‘ra, bu markaz kelgusidagi shunga o‘xshash muassasalar uchun namuna vazifasini o‘tashi kerak edi.
Biroq bugungi kunda vaziyat butunlay o‘zgarmoqda. Yuqori xarajatlar, samaradorlik masalasi va jamoatchilik tanqidi sabab mazkur loyihaning taqdiri so‘roq ostida qolmoqda. Endi esa uning yopilishi yoki faoliyati davom ettirilishi bo‘yicha yakuniy qaror yaqin vaqtlarda qabul qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!