Samsung Galaxy S27 flagmanlari xitoycha ekranlar bilan jihozlanishi mumkin

Samsung kompaniyasi bazaviy Galaxy S27 smartfonlari uchun ekran yetkazib berishda Xitoyning BOE ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. ZDNet Korea va ITHome manbalariga ko‘ra, koreyalik texnologiya giganti komponentlar narxining oshib borishini jilovlash maqsadida ta’minot zanjirini diversifikatsiya qilishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xotira va saqlash qurilmalari narxlarining qimmatlashuvi Samsung kompaniyasini Galaxy S26 turkumidagi mahsulotlar narxini oshirishga majbur qilgandi. Endilikda Galaxy S27 modelining bazaviy versiyasini arzonlashtirish uchun nafaqat Samsung Display, balki BOE kompaniyasining OLED-panellaridan ham foydalanish varianti ko‘rib chiqilmoqda.
Bunday qadam ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga yordam berishi mumkin, biroq turli yetkazib beruvchilarning panellari o‘rtasidagi sifat farqi foydalanuvchilarda e’tiroz uyg‘otishi ehtimoli ham yo‘q emas. BOE allaqachon Apple ta’minot zanjirida mavjud, biroq kompaniya o‘tmishda sifat barqarorligi va hajmi bo‘yicha ayrim muammolarga duch kelgan edi.
Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Samsung va BOE o‘rtasidagi hamkorlik hali rasman tasdiqlanmagan va tomonlar kelishuvga erishmasligi ham istisno etilmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!