21:03 / 12.03.2018
25 469

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 5-qism)

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 5-qism)
Avvalo shuni aytib o‘tish joizki, shu kunlarda Turkiyaning «TRT-1» telekanali orqali usmoniylar sulolasiga poydevor qo‘ygan, o‘z davrining yengilmas jangchisi, adolatli lashkarboshisi va vafodor yor, ota-onasining faxri, qabiladoshlarining ideali, do‘stlarning joni dili Ertug‘rulbey haqidagi ko‘p seriyali o‘tkir syujetli filmning so‘nggi seriyalari namoyish etilmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlaymizki, Turkiya kinoijodkorlari tarafidan yaratilgan «Ko‘sem sulton imperiyasi», «Muhtasham yuz yil», «Ertug‘rul» filmlarini mamlakat prezidenti Rajap Toyip Erdo‘g‘an shaxsan homiyligiga olgan. Bosh rollarga ham aynan unga yoqqan aktyor, aktrisalar tanlab olingan. Qolaversa, prezident ushbu filmlarda nafaqat usmoniy turklarning g‘alabalari, ijobiy xislatlari, balki, kamchilik-nuqsonlari, kechirib bo‘lmaydigan xatoliklariga ham alohida urg‘u berishni rejissyorlardan talab qilgan. Bu talab ijrosini filmlarni tomosha qilganlar albatta ilg‘ab olishadi.

Ana endi yana «Ertug‘rul» filmiga qaytamiz. Bu film ijodkorlari, aniqrog‘i, rejissyorlari deyarli ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydigan, tushida ham ko‘rmaydigan o‘ta nozik va kichik masalaga e’tibor qaratishgan. Xuddi shu narsa filmning reytingini ham, ta’sir kuchini ham bir necha yuz barobarga oshirgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu film uchun o‘ylab topilgan Ibn-Al-Arabiy personajidir. Aslida bu personaj haqiqatan o‘ylab topilgan. Hayotda bo‘lmagan. Shunday ekan, nimaga aynan «Ertug‘rul» filmi uchun bu obraz tanlandi, o‘ylab topildi.

Ibn Al-Arabiy
Rejissyorlar birinchi navbatda Al Arabiy obrazi orqali tomoshabinlarga Ollohning qudratini qisman bo‘lsa-da, namoyish etishga harakat qilishgan. Ya’ni, Arabiy bu yerda Ertug‘rulning qo‘riqchi farishtasi sifatida maydonga chiqqan. To‘g‘ri, obraz dramatizatsiyalashtirilgan. Xuddi boshqa qahramonlar kabi atrofdagilar bilan muloqot qiladi, xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, ranjiydi. Lekin aslida u Ertug‘rulning qo‘riqchi farishtasi. Shu sababli Ertug‘rul qayerda og‘ir ahvolga tushsa, albatta Al-Arabiy hozir-u nozir. Juda olisda bo‘lsa ham Ertug‘rulning har bir harakati, so‘zlagan so‘zlari ko‘z oldidan o‘tib turadi. Arabiyning qo‘riqchi farishta ekanini Ertug‘rul mo‘g‘ullar dala komandiri Noyan, tampliyerlar, «krestonosets»larga qarshi kurashi jarayonida, qiynoqqa olingan chog‘idan bilib olish qiyin emas. Tiyrak nigoh bilan kuzatgan tomoshabin albatta buni ilg‘ay oladi.

Bundan tashqari, Ollohning qudrati yana bir misolda o‘z aksini topgan. Shubhasiz, bu misol ham ba’zilarni bee’tibor qoldirishi mumkin. Shuni hisobga olib biz bu mavzuga chuqurroq yondoshamiz.

USMONIYLARNING BENIKOH TUG‘ILGAN AVLODLARI

Tarixiy materiallarga nazar tashlasak, arxivlarni titkilab ko‘rsak, usmoniy turklarning yana bir nomaqbul, kechirilmas gunohga yo‘l qo‘yganiga guvoh bo‘lamiz. Hatto, Ertug‘ruldek halol, pok otaning tarbiyasini olgan Usmon G‘ozi-1 ham imperiya tuzgach, o‘zi uchun haram tashkillashtirgan. Ishonchli odamlar podsho uchun dunyoning turli burchaklaridan nasroniy, katolik dini vakillari bo‘lmish qizlarni haramga zo‘rlik bilan olib kelishgan. Podshoga «haram ona» lavozimining egasi deyarli har kuni qizlarning eng go‘zallarini ajratib tayyorlagan. Qolgan qizlar esa turli foyda keltiruvchi ishlarga jalb etilgan. Haramdagi qizlarning barchasiga majburiy tarzda turk tili o‘rgatilgan. Podsho esa nikohsiz o‘sha nasroniy dini vakilasi bilan ishrat qilgan. Shunday zinoga qo‘l urib ham besh vaqt namoz o‘qishda davom etgan. Tunda xufton namozi paytida joynamoz ustiga o‘tirib xudodan yaxshiliklar so‘ragan, tavba qilgan. Lekin namozdan so‘ng yana zinoga yo‘l qo‘ygan. Yoki bomdod namozini erta tongda o‘qib bo‘lgach, begunoh bandalarning boshini tanasidan judo etgan. Achinarlisi, usmoniylar sulolasiga tegishli podsholardan dunyoga kelgan farzandlar haromi bo‘lishiga qaramay, oliy zotli hisoblangan. Tili chiqqandanoq saroy ahlidan tortib, mamlakatdagi fuqarolargacha «qullarim» deyishdan tiyilishmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, usmoniy turklar sulolasi 20- asr boshlariga kelib inqirozga yuz tutdi. Bu kechirilmas gunohlarning, adolatsizliklarning intihosi bo‘lsa ajab ermas.

Ana, endi rejissyorlarning fantaziyasiga, diniy bilimga ozmi-ko‘pmi ega ekaniga e’tibor qarating. Ertug‘rulga nega xudoyimning o‘zi tengsiz omadlar hadya etdi? Garchi eng qaltis yo‘llarni bosib o‘tsa-da, ertasi porloq kechdi? Imperiya uchun poydevor hozirladi? Ko‘plab hududlarni zabt etib, o‘sha maskanlarda adolat tarozisini o‘rnatdi? Chunki xudo barchasini ko‘rguvchi, eshitguvchi, anglaguvchidir. Ertug‘rul shu qadar kuchli bilaklarga, ta’sirga, qudratga ega bo‘lishiga qaramay, Ollohning g‘azabi keladigan harakatlarni sodir etmadi. Hatto, Xonli bozorni zabt etish arafasida tatarlar qabilasi boshlig‘i o‘z qizini Ertug‘rulga ikkinchi xotin qilib berishni istaganda, buni ochiqdan-ochiq aytganda ham e’tiqodidan voz kechmadi. Halimadek sevgilisi, jufti haloliga xiyonat qilishni xohlamadi. Zinodan tiyildi. To‘qsondan oshgunga qadar umr kechirib ham birovdan pora olmadi, o‘zi uchun haram tashkil etish haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Hamisha adolat tarafdori bo‘ldi. Adolatsizlik qurboni bo‘lishga doim tayyor turdi. Ana shuning uchun ham Yaratgan egam Ertug‘rulni balolardan sog‘-omon olib chiqdi. Bu ish albatta uning qo‘riqchi farishtasi Al-Arabiy iltijolari natijasida amalga oshirildi. Ollohim Ertug‘rul va Al-Arabiy siymosida adolat, haqiqat qanchalar qudratli ekanini bandalarga ko‘rsatib qo‘ydi.

Iloyim, biz bandalarini ham to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Hamisha xudoyimning nazarida bo‘lish barchamizga nasib etsin!

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 5-qism)