«Aston Villa» 44 yillik tanaffusdan keyin tarix yozmoqda

Angliyaning mashhur klublaridan biri sanalgan “Aston Villa” yana Yevropa futboli markaziga qaytmoqda. Birminghem jamoasi oradan 44 yil o‘tib, ilk bor yevrokubok finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Unai Emeri boshchiligidagi jamoa Yevropa Ligasi yarimfinalida “Nottinghem Forest”ni ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Birinchi bahsda 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan “Aston Villa” javob uchrashuvida raqibini 4:0 hisobida tor-mor etdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Endi ingliz klubi hal qiluvchi bahsda Germaniyaning “Frayburg” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Futbol muxlislari uchun eng qiziq jihatlardan biri shundaki, “Aston Villa” so‘nggi marta 1982 yilda yevrokubok finalida ishtirok etgan edi. O‘sha yili klub Yevropa chempionlar kubogi finalida Germaniyaning “Bavariya” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixidagi eng katta sovrinlardan biriga ega chiqqan.
Bu g‘alaba haligacha klub tarixidagi eng yorqin sahifalardan biri sifatida esga olinadi.
Shuningdek, birminghemliklar 2001 va 2008 yillarda Intertoto kubogida ham zafar quchgan. Ammo keyingi yillarda jamoa Yevropa sahnasidan biroz uzoqlashib qolgan edi.
Hozir esa Unai Emeri “Aston Villa”ni yana katta maydonga olib chiqishni uddaladi. Ispaniyalik mutaxassisning tajribasi va taktik qarashlari jamoaga yangi nafas bag‘ishlagani ta’kidlanmoqda.
Finaldagi raqib — “Frayburg” uchun esa bu umuman tarixiy natija hisoblanadi. Nemis klubi o‘z tarixida birinchi marta yevrokubok finaliga chiqdi.
Bunga qadar “Frayburg”ning Yevropa musobaqalaridagi eng yaxshi natijasi Yevropa Ligasi 1/8 finali bo‘lib kelgan. Jamoa bu bosqichga 2022/23 va 2023/24 yilgi mavsumlarda chiqqan edi.
Mutaxassislar fikricha, finalda tajriba va tarix “Aston Villa” tomonida bo‘lsa, “Frayburg” yoshlik shijoati va intilishi bilan xavfli raqib bo‘lib turibdi.
Yevropa Ligasining hal qiluvchi final bahsi 20 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. Muxlislar esa allaqachon ushbu uchrashuvni katta qiziqish bilan kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!