OpenAI API uchun yangi ovozli intellekt funksiyalarini taqdim etdi

OpenAI kompaniyasi o‘zining API platformasi uchun dasturchilarga foydalanuvchilar bilan muloqot qiluvchi, nutqni matnga o‘giruvchi va tarjima qiluvchi ilovalar yaratishga yordam beradigan yangi ovozli intellekt funksiyalarini ishga tushirdi. Yangi GPT-Realtime-2 modeli realistik ovozli simulyatsiyani taqdim etib, foydalanuvchilar bilan tabiiy suhbat qurish imkonini beradi. Avvalgi versiyadan farqli o‘laroq, bu model GPT-5 darajasidagi mantiqiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lib, murakkabroq so‘rovlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Shuningdek, kompaniya GPT-Realtime-Translate funksiyasini taqdim etdi. U suhbat jarayonida real vaqt rejimida tarjima qilish xizmatini ko‘rsatadi va 70 dan ortiq kirish hamda 13 ta chiqish tillarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, GPT-Realtime-Whisper vositasi jonli efirda nutqni matnga o‘girish imkoniyatini taqdim etib, o‘zaro muloqotni darhol yozib boradi.
OpenAI vakillarining ta‘kidlashicha, ushbu yangi modellar ovozli interfeyslarni oddiy savol-javob tizimidan murakkab vazifalarni bajara oladigan, ya‘ni tinglaydigan, tahlil qiladigan va harakat qiladigan vositalarga aylantiradi. Ushbu texnologiyalar mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ta‘lim, media va kontent yaratish kabi sohalarda katta o‘zgarishlar yasashi kutilmoqda.
Xavfsizlik masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, kompaniya suiiste‘molliklar, firibgarlik va spam xabarlarining oldini olish uchun maxsus himoya tizimlarini joriy etgan. Agar suhbat davomida zararli kontent qoidalari buzilsa, tizim avtomatik ravishda muloqotni to‘xtatadi. Yangi ovozli modellar OpenAI Realtime API tarkibiga kiritilgan bo‘lib, ularning narxlari foydalanish vaqtiga yoki tokenlar sarfiga qarab belgilanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!