Ramp kompaniyasi o‘z qiymatini 40 milliard dollardan oshirmoqchi

Korporativ xarajatlarni boshqarish bo‘yicha startap hisoblangan Ramp o‘z qiymatini 40 milliard dollardan yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, kompaniya yangi investitsiya bosqichida 750 million dollar mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Garchi bitim hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich kompaniyaning investorlar orasida yuqori talabga ega ekanligini ko‘rsatadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Eslatib o‘tamiz, Ramp o‘tgan yilning noyabr oyida 32 milliard dollar baholash qiymati bilan 300 million dollar sarmoya jalb qilgan edi. Kompaniya 2025-yil davomida bir necha bor moliyalashtirish bosqichlarini o‘tkazdi va har safar o‘z qiymatini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, iyul oyida kompaniya 22,5 milliard dollar, undan oldin esa 16 milliard dollar qiymatida baholangan edi.
Ramp asoschisi va bosh direktori Eric Glyman kompaniya daromadi bir yil ichida ikki barobarga oshib, 1 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. Muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri sifatida xarajatlarni boshqarish mahsulotlariga sun’iy intellekt texnologiyalarining integratsiya qilingani ko‘rsatilmoqda.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan aqlli agentlar qoidalarga zid xaridlarni avtomatik tarzda bloklaydi, firibgarlik holatlarini aniqlaydi va mablag‘larni foizli investitsiyalarga yo‘naltiradi. Aynan shu o‘sish sur’ati va sun’iy intellektga asoslangan yechimlar venchur investorlarining e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!