21:58 / 07.08.2018
9 794

Qur’oni karimdan xato izlagan g‘arb olimi

Qur’oni karimdan xato izlagan g‘arb olimi
Professor Gari Miller Kanadaning Toronto universitetida matematika va mantiq fanlaridan saboq berish bilan birga, nasroniy dinini targ‘ib qilar, Injildan xabardor kishi edi. Qur’on arablarning 14 asr burungi madaniyati, turmush tarzini aks ettirgan qadimgi kitob, degan fikrda edi. Miller musulmonlarni nasroniylikka da’vat qilishda asos bo‘lar, degan maqsadda Qur’oni Karimni o‘rganib, undan xato izlashga kirishdi.

Muqaddas kitobni o‘qir ekan, professor kutganidan mutlaqo boshqa manzarani ko‘rib, ajablanadi. Qur’oni Karimda dunyodagi boshqa hech bir kitobda topilmaydigan ma’lumotlar jamlanganiga amin bo‘ldi.

Kitobda Muhammad payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlari, boshidan kechirgan og‘ir kunlari, ayollari Xadicha onamiz (roziyallohu anho) va farzandlari vafotiga oid ma’lumotlarga duch kelsam kerak, deb o‘ylagan olim bu mavzuda biror misra topolmaydi.

Qur’ondagi butun bir sura Maryam onamizning ismi bilan nomlangani, unga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromga guvoh bo‘lib, hayratdan yoqa ushlaydi. Axir nasroniylarning kitoblari, hatto Injilda ham Maryam onamizga bunday munosabatni uchratmagan edi-da! Qur’oni Karimda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning rafiqalari Oysha yoki farzandlari Fotima (roziyallohu anhumo)larning ismlari bilan nomlangan sura ham bo‘lsa kerak, degan o‘yi puchga chiqdi.

Muqaddas Kitobni varaqlab, Muhammad Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ismlari bor-yo‘g‘i 4 marta, Iso (alayhissalom)ning ismlari esa 25 marotaba zikr qilinganini ko‘rib hayrati yanada oshadi.

Endi Gari Miller Qur’onni diqqat bilan o‘qib chiqadi. Mutolaa jarayonida bir oyat, ayniqsa, uning e’tiborini tortadi. “Qur’on (oyatlarining ma’nolarini) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (“Niso” surasi, 82-oyat).

Oyatni o‘qigach, professor quyidagicha mulohaza qiladi: «Hozirgi kunda ilmiy izlanishlar turli nazariyalarni tadqiq etib, ulardagi xatoliklarni topish, soxta yoki haqiqiyligini aniqlashga asoslangan. Dunyoda biror muallif o‘z asari haqida: «Bu kitob nuqsondan xoli, qani, biror xato topib ko‘ring-chi», deyishga jur’at etolmaydi. Lekin Qur’oni karim, buning aksi o‘laroq, musulmonlar va musulmon bo‘lmagan barchani o‘zidan xato topishga chorlayotgani ajib hol. Yana unda: «Hargiz biror xato topa olmaysiz».

Quyidagi oyat ham professorni o‘ylantirib qo‘yadi: “Kofir bo‘lganlar osmonlar ham, Yer ham (avvalda) yaxlit bo‘lganini, bas, ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Endi ham iymon keltirmaydilarmi?!” (“Anbiyo” surasi, 30-oyat).

Professor mazkur oyatni alohida o‘rgandi. «Aniq aytishim mumkinki, ushbu oyat 1973 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilmiy tadqiqotning mavzusidir. Tadqiqot «Big Bang», ya’ni, «Katta portlash» nazariyasiga oid. Unga ko‘ra, borliq, yeru osmon, yulduzlar aynan ana shu portlash natijasida paydo bo‘lgan. Oyatda kelgan «rotq» kalimasi yaxlit bir narsani bildirsa, undan keyin kelgan «fatq» kalimasi esa o‘sha yaxlitlikning parchalangani, yorilganini anglatadi. Qur’ondagi oyat mazkur nazariyaning ayni o‘zi-ku! Oyatning davomiga kelsak, unda hayot manbai – suv haqida gap ketadi, ya’ni: «…Barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?!» To‘g‘ri, zamonaviy ilm-fan tirik hujayraning sitoplazmadan tashkil topganini, sitoplazmaning asosiy qismi, ya’ni 80 foizi suvdan iboratligini isbotlagan. Ammo o‘qish-yozishdan bexabar Muhammad payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) 1400 yil ilgari bunday gaplarni qayerdan olganikin? Nahotki, bu chindan ham Alloh taolo tomonidan yuborilgan vahiy bo‘lsa?!» deb taajjubini yashirolmadi Gari Miller.

Nihoyat, u Kur’oni karim Haq taoloning kitobi ekanini tan olib, Islomni qabul qildi. Bu voqea 1977 yili sodir bo‘lgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qur’oni karimdan xato izlagan g‘arb olimi