date

Rossiya dronlari Polshaga kirgach aholi xavotirga tushdi: «Ona urush bizga ham keldimi?»

Rossiya dronlari Polshaga kirgach aholi xavotirga tushdi: «Ona urush bizga ham keldimi?»

10-sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaga tegishli 20 dan ortiq uchuvchisiz qurilmalar Polsha hududiga kirib keldi. Ulardan bir qismi urib tushirildi, qolganlarini tutib olish maqsadida qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi. Bu voqea Ukraina bilan chegaradosh sharqiy hududda yashovchi aholini jiddiy tashvishga soldi, deb yozadi The Wall Street Journal.

Nashr suhbatlashgan mahalliy aholi vakillaridan biri, Ala Vesolovska, shu kuni ertalab nonushta tayyorlash paytida uyi ustidan pastlab uchib o‘tgan dron tovushini eshitganini aytadi. «To‘g‘ridan-to‘g‘ri boshim ustidan, juda pastda va qattiq shovqin bilan uchdi», – deydi u. Vesolovskaning uyi Ukraina chegarasidan bor-yo‘g‘i 30 kilometr uzoqlikda joylashgan.

38 yoshli Katajina Jvigala esa bolalari bilan Vixalyov qishlog‘ida yashaydi. U shu kuni farzandlarini maktabga tayyorlar ekan, kuchli portlashga o‘xshash tovush eshitgan. Keyinroq bu dron ekanini anglab yetibdi. «O‘g‘lim: “Ona, urush bizga ham keldimi?” deb so‘radi», – deydi u. Ayol bolasini tinchlantirishga harakat qilgan, ammo o‘zi ham shunga o‘xshash o‘ylarga borganini tan oladi.

WSJ ta’kidlaganidek, Rossiya dronlarining Polshaga kirib borishi mamlakatda Ukrainadagi urushga bo‘lgan qarashlarda yangi bosqichni boshladi. Polsha allaqachon Rossiyaning qo‘poruvchilik harakatlari nishoniga aylangan edi, bunday operatsiyalarning maqsadi esa Varshavaning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini sustlashtirish hisoblanadi. Biroq dronlar hujumi ehtimoli to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv xavfini kuchaytirayotgani qayd etildi.

13 sentyabr, shanba kuni Polsha qiruvchi samolyotlari yana havoga ko‘tarildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu harakatlar profilaktik xususiyatga ega bo‘lgan. Shu kuni Lyublin shahri aeroporti vaqtincha yopildi. Kshivovejba qishlog‘ida yashovchi Edita va Tomash Vechereklar esa qahva ichayotgan vaqtda telefonlariga «dron hujumi xavfi» haqida ogohlantirish kelgan. Ular jurnalistlarga hukumatning aholini bunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida tushuntirmaganidan norozi ekanini bildirishdi. Editaga ko‘ra, davlat bu masalada aholi uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilishi zarur. Uning qizi esa, dron parchalari qishloqdagi uy tomiga tushganidan so‘ng, uyning ikkinchi qavatida uxlashdan bosh tortmoqda.

Aholi hanuz rasmiy izoh kutishda. Ular: «Osmonda nima bo‘ldi? Nima uchun samolyotlar ko‘tarildi? Bu xavfli emasmi?» degan savollarga javob izlamoqda.

WSJ yozishicha, bu voqea Polsha jamiyatini ikki lagerga bo‘lib yubordi. Kimlardir ukrainlarga nisbatan hamdardlik yanada kuchayganini aytsa, boshqalar Kiyev Polshani mojaroga tortayotgani haqida fikr bildirishmoqda. Ayrimlar esa Rossiya tomoni tarqatayotgan «dronlarni ukrainlar maxsus Polshaga yo‘naltirgan» degan iddaolarni ham takrorlay boshlagan.

Viriki-Volya qishlog‘i rahbari Bernard Blashchuk esa, «Dezinformatsiya ham haqiqiy xavfdir. Biz Ukraina chegarasidan atigi 12 kilometrda yashaymiz. Shu sababli NATO qo‘shinlarini bu yerda ko‘rishni xohlardim», – dedi. Uning qishlog‘ida dron parchalari uylardan biriga zarar yetkazgani ham ma’lum qilindi.

Shunday qilib, Rossiya dronlari bilan bog‘liq insident Polshani yanada hushyorlikka chaqirdi va mamlakat xavfsizlik siyosati yuzasidan yangi savollarni kun tartibiga olib chiqdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya dronlari Polshaga kirgach aholi xavotirga tushdi: «Ona urush bizga ham keldimi?»