13:06 / 04.10.2018
8 052

Imomning maniken qizi (3-qism)

Imomning maniken qizi (3-qism)
Oradan haftalar, oylar oʻtar, Fotima esa uyga televizor olinishini soʻrab turib oldi. Otasi:

– Baʼzi televizion kanallar razolatdan boshqa narsa emas, qanday qilib razolatni oʻz qoʻlim bilan uyga olib kiraman? – desa ham

Fotima va onasi:

– Yoʻq, biz faqat islomiy kanallarni tomosha qilamiz, dedilar.

Shundogʻam qizi tez-tez qoʻshnilarnikiga chiqib ketadigan odat chiqargan. Qiziq, agar uyga televizor olsa qizining bu isyonlari tugarmidi? Yoqub imom ikkilanayotgan edi. Yuragidagi dardini doʻsti Ahmadga ochdi.

– Nima deysan, doʻstim. Farzandlarimizning miyalariga oʻrnashib olgan bu dunyoni ularga qanday beramiz?

– Toʻgʻri aytasiz, lekin boshqa choramiz ham yoʻq-da. Men ham rosa harakat qildim oilamni fikrlaridan qaytarishga. Lekin oxiri baribir televizor oldim. Uydaligimda islomiy kanallar koʻrishadi, yoʻqligimda esa yana oʻsha seriallar, behayo kliplar... Oldini olib boʻlmayapti. Hatto baʼzi islomiy kanallar ham hozir oʻsha kanallarga yoʻl ochib berayotganday. Nima qilishni bilmay qoldim. Boshqa chora boʻlmagandan keyin olib berasiz-da.

– Mayli nima boʻlganda ham olishga rozi boʻldim deylik, lekin qaysi pulga? Baʼzida onamni koʻrib kelgani ham pul topa olmay qolsam. Odamlarchi? Odamlar nima deydi? Men uyga televizor olganimdan keyin...

– Imomlar nima desa desin, xalq allaqachon olib boʻlgan. Mahallada kimning televizori yoʻq ekan, mana oʻzingiz ayting.

Yoqub imomga televizor sotib olish juda ogʻir boʻlayotgan edi.

– Ey doʻstim. Qani endi shu filmlarni oila davrasida koʻrib boʻlsaydi? Bolalarimni yoʻldan ozdiradi degan qoʻrquvda boʻlmaganimda edi. Toʻgʻri oʻzimniyam televizorga ehtiyojim bor. Yangiliklarni, bahs koʻrsatuvlarini koʻrgim keladi. Lekin ahvolimizni qara. Hatto Rossiya ham bunaqangi filmlarni koʻrsatishga yoʻl qoʻymasa kerak. Ha mayli, seni ham boshingni ogʻritib yubordim.

– Yoʻq, aslo. Nima deyapsiz, shuncha yillardan beri siz bizning dardimizni tinglar edingiz, biz ham birozgina siznikini eshitsak eshitibmiz-da. Koshki, dardingizga darmon boʻla olsaydim.

Yoqub imom uyga kelganida yarim kecha boʻlgan edi. Har doimgiday uyga kirar kirmas qizining oyoq kiyimlariga qaradi. Fotimaning oyoq kiyimi yoʻq edi. Boshidan qaynoq suv quyib yuborishganday his qildi. Darrov ayolini uygʻotib soʻradi:

– Fotima qani?

– Betush xolasinikiga ketgan. Borma desam ham gapimga kirmadi.

Yoqub imom bu gapni eshitib qattiq jahli chiqdi.

– Tez kiyin, oʻsha Betush xolanikiga boramiz.

Gul xonim uyqusiraganidan rad etayotgan edi:

– Rosa uyqum kelyapti. Oʻzingiz borib kelaqoling.

– Uyida erkagi yoʻq uyning eshigini ayolimsiz taqillatmayman. Bu mening prinsiplarimga toʻgʻri kelmaydi. Tur oʻrningdan, kiyin. Judayam asabiylashib ketyapman oʻzi, yoʻq demagin.

– Xoʻp, xoʻp mana turdim. Oʻzi gapingizni faqat menga oʻtkazasiz.

Koʻp oʻtmay Betush xolaning eshik qoʻngʻiroqlarini chalishdi. Saldan keyin eshik ochildi. Yoqub imomni koʻrgan odam uning qattiq asabiy ekanligini darrov sezar edi:

– Fotima shu yerdami?

Yoqub imomga boshdan oyoq razm solgach Betush xola:

– Shu yerdaku-ya. Bugun biznikida yotib qolsa yaxshi boʻlardi-da, – deya javob berdi.

– Yoʻq boʻlmaydi, agar malol kelmasa uni menga chaqirib bersangiz.

Bir–necha daqiqadan soʻng eshik oldida Fotima koʻrindi. Dadasining qattiq jahli chiqqanini koʻrgach, hech qanday eʼtiroz bildirmay ustiga kiyimini kiyib yoʻlga tushdi.

Yoʻl boʻyi gaplashmay keldilar. Uylariga yetib kelgach Yoqub imom qiziga dedi:

– Men kechasi qizimni hech kimnikiga yubormasligimni bilmasmiding?

Fotima javob bermadi. Yoqub imom oxirgi soʻzini aytdi:

– Bundan keyin bunday ish qila koʻrma. Senga yaxshilikcha gapiryapman. Meni suisteʼmol qilma, xoʻpmi?

Fotima esa gapni boshqa yoqqa burdi:

– Siqilib ketyapman. Roʻmolimni deb oʻqitmadingiz. Hech boʻlmasa ishlay. Bugun aytishdi. Bizdan oʻn daqiqacha yoʻl narida tikuv fabrikasi bor ekan. U yerga ishchilar kerak deyishdi. Erkaklar umuman yoʻq ekan.

Yoqub imom biroz oʻylab qolgach dedi:

– Sen nima faqat erkaklar xavfli boʻladi deb oʻylaysanmi, qizim? Hozirgi paytda erkak yo ayolga eng katta zarar oʻz jinsidan keladi. Men bilmagan insonlarimning orasiga qizimni yubora olmayman.

– Ular menga nima ham qila olardilar?

– Dunyoqarashingni oʻzgartira olishadi. Eʼtiqodingni...Seni oʻzgartira olishadi, qizim. Agar Allohdan uzoq jamiyat boʻlsa, shunaqangi taʼsir qilishadiki, oʻzingni oʻzing topa olmaydigan holatga olib kelishadi. Toʻgʻri yaxshi, durust insonlar ishlaydigan fabrikalar ham bor. Koʻramiz. Agar rostdan ham yaxshi joy boʻlsa yuboramiz. Buni ham sendan pul kutayotganim uchun emas...

Gapini tugata olmadi u.

Ertasi kuni Fotima onasi bilan fabrikaga borishdi. Fabrikaga kirishdan avval Fotima roʻmolini orqadan oʻrab, yubkasini sal koʻtarib oldi. Ular ish joyini koʻrib, hamma narsani kelishib olishdi. Uyga qaytayotganlarida esa Fotima onasiga tanbeh bera boshladi.

– Qarang oyi. Dadamga “u yerdagi qizlar ochiq-sochiq ekan” – deya koʻrmang. “Hammasi namozxon ekan. Xoʻjayini esa hoji ekan, – deysiz, xoʻpmi?

Yoʻl boʻyi ham yurib, ham esiga tushganida onasiga gap oʻrgatar edi:

– Aytgancha, “u yerga erkak kishilarning kirishi mumkin emas ekan” – deb qoʻying, tagʻin koʻrgani kelib qolmasin... Sal oʻzimga kelib qolardim men ham.

– Yoki umuman oʻzingdan ketasan.

– Dadamga oʻxshab gapirmang. Aytganlarimni dadamga yetkazasiz-a?

– Boshqa choram bormidi? Ikkalangizning orangizda qiynalib ketdim. Men ham sal nafas olay endi.

Shunday qilib Gul xonim eriga birinchi xiyonatini amalga oshirar va qizining “kelajagi” uchun zamin hozirlar edi.

Masjidning yoniga kelishganida ular nogiron yigitchani koʻrib qolishdi. U ayvonda oʻtirgancha kitob oʻqir edi. Kitobdan boshini koʻtarganida koʻzlari Fotimaning koʻzlari bilan toʻqnash keldi-yu, biroq u yana kitobini oʻqishda davom etdi. Fotima unga eshitiladigan ovozda onasiga dedi:

– Bilasizmi oyi, baʼzi odamlar oʻzlarini loviyaga oʻxshab neʼmat hisoblashadi.

Gul xonim qizining nima demoqchi boʻlganini darrov tushungan edi.

– Nima loviya neʼmat emasmi?

Yigitcha Fotimani koʻrmaganga olib, Gul xonimga dedi:

– Gul xola, assalomu alaykum. Yaxshimisiz?

– Yaxshi oʻgʻlim, rahmat, oʻzing tuzukmisan?

– Shukur, men ham yaxshiman. Imtihonlarga tayyorlanyapman.

– Qanaqa imtihon ekan?

– Universitet imtihonlariga-da! Ularga ham oz vaqt qoldi.

– Imtihondan oʻtsang, qayerda oʻqiysan?

– Tibbiyot sohasida oʻqimoqchiman.

– Alloh yordamching boʻlsin!

– Omiyn.

Fotima yoʻlda davom etar ekanlar, dedi:

– Koʻrdingizmi, oyi. Ataylab menga eshittirib gapirdi.

– Sen shunaqa deb oʻylayver. Nima endi u bechora gapirmay yursinmi?

– Uning har bir soʻzi asabimni oʻynatadi. Ovozini eshitishga ham toqatim yoʻq.

* * *

Oradan ikki hafta oʻtmasdan Fotima oʻziga boshqa ish topdi. Bu yerda oylik maoshi koʻproq berilar, ammo u otasiga bu haqda ogʻiz ochmagandi.

Yoqub imom qizida kun oʻtgan sayin boʻlayotgan oʻzgarishlarni sezib turardi. Bu hol uni ranjitar edi, albatta. Minglab yosh qizlar ishlasalar ham, toʻgʻri yoʻldan adashmas edilar; lekin imom qizining xarakteridan xabardor boʻlgani uchun unga ishonmas edi. Ichidan bir ovoz qizini yoʻqotayotganini taʼkidlar edi nuqul. Shuning uchun imom pul topishning turli yoʻllarini qidirar edi.

Nihoyat bir qarorga keldi. Masjid devorining tagiga aravada meva sabzavotlar sotib, pul topadi va qizini ish joyidan boʻshatib oladi. Hozircha bu qarorini hech kimga aytmadi. Ozgina pul topsin, darrov qiziga kerakli narsalarni olib beradi.

Bir kuni Fotima ishga ketgach, xonasiga kirgan Yoqub imomning sigaret hididan koʻngli behuzur boʻlib ketdi. Qizi sigaret chekishni boshlabdi. Bu yomon odatlarga tashlagan ilk qadami edi. U dardini borib yana doʻsti Ahmadga toʻkib soldi:

– Mana qizim oxiriyam chekishni boshladi. Hali bir kun kelib ichishga ham oʻtadi. Oldinlari chekish ichishday ayb sanalar edi. Hamma chekishga oʻtgach, hozir hatto hijobli qizlar ham koʻcha-koʻyda bemalol chekib yurishadi, gapirsangiz sirkasi suv koʻtarmaydi. Erta bir kun ichish ham odatiy holga aylanadi. Nima qilsam ekan? Qizimga islomiy tarbiya bera olmadim. Bitta–yu bitta choram aravada qovun-tarvuz, sabzi piyoz sotish.

Ahmad ham juda xomush edi:

– Juda haqlisiz, bir chora topish kerak. Unga islomni tushuntirish bilan ish bitmaydi shekilli. Lekin chekishiga siz qattiq siqilmang. Chunki hamma sigaret chekadiganlar buzilib ketgan hisoblanishmaydi. Hammasiyam ichishga oʻtib ketmaydi. Insha Alloh hammasi oʻz yoʻliga tushib ketadi. Qizingiz hali yosh. Aql kirib qoladi.

Yoqub imom xafa boʻlib:

– Balki yaxshi boʻlib ketar, ishqilib meni adoyi tamom qilib keyin toʻgʻri yoʻlga kirmasa boʻldi.

Yoqub imom ich-ichidan yonib, adoyi tamom boʻlayotgan edi. Qayerda xato qildi ekan? Nega qiziga islomni sevdira olmadi?

Masjidda namoz oʻqiyotganlarida ham, maʼruza oʻqiyotgan paytida ham ich-ichidan ezilardi. Baʼzida oʻziga oʻzi “demak men namunali inson emas ekanman, namunali boʻlganimda edi qizimni tarbiya qila olgan boʻlar edim” – deb maʼruzani ham qisqa qiladigan boʻldi. Yoqub imom tushkunlikka tushib qolgan edi, ilgari oʻzini hech qachon bunday darajada yomon his qilmagan edi. Ovozi jonsiz, gaplari esa boʻlak-boʻlak tushunarsiz tuyulardi oʻziga. Holbuki bu kursiga chiqish uchun ancha–muncha harakat qilgan edi. Professorlarning oʻsha darajaga chiqish uchun qilgan say-harakatlari hisobga olinadi-yu, imomlarniki nazarga ham ilinmaydi.

Yoqub imomning xayolida islomiy qonunlarga asoslangan oila qurishdan boshqa narsa yoʻq edi. Bu niyatiga yetish uchun u koʻp harakat qildi. Bolalariga sevikli ota boʻlishni xohlagan edi. Biroq nega natija bunday boʻldi-yu, qayerda xato qildi?

Bugun qizi bilan yaxshilab gaplashib oladigan boʻldi, balki uni tushuna olar. Masjid eshigidan uyiga chiqadigan zinadan osilib chiqar edi. Shuncha yillardan beri uni koʻtarib yurgan oyoqlari goʻyoki undan toʻyib ketgandek edi. “Demak” – dedi u, “oyoqlarning jonli qadam tashlashi ham insonning miyasiga bogʻliq ekan. Mening xomushligimni bilib, ular ham oʻz xomushliklarini bildirmoqdalar”.

Choʻntagida kaliti boʻlsa ham, eshik qoʻngʻirogʻini chaldi. “Balki uyda ayol mehmon bordir” – deb doim shunday qilar edi.

Stolga oʻtirgancha yana boshini changallab oldi. Bu oʻy-xayollardan qutula olmayotgan edi. “Qiziga qanday usul qoʻllasa ekan? Kelaqol qizim, gaplashib olamiz”, desa, qizini yaxshi biladi. Fotima hech narsa demay otasini tinglardi. Yoki “gaplashadigan gaplar qolmadi–ku, necha yildan beri gapirasiz”, – derdi. Mayli nima boʻlsa ham bugun yana bir bor urinib koʻradi.

Fotima uyga yana kechikib keldi. Yoqub imom qizini xonasiga chaqirganida yana qalbi toʻla mehr bilan soʻzlar edi.

– Fotima qizim, kel sen bilan bir dardlashaylik. Fotimaning esa ovozi chiqmas edi. Bu safar sal balandroq tovushda dedi:

– Fotima, meni eshityapsanmi?

– Ha, mana keldim.

– Xush kelibsan, qizim. Kel mana bu yerga oʻtir, bir gaplashaylik.

Fotima havotirli koʻrinar edi. Dadasining muomalasini yoqtirmadi. Tinchlikmikan? Yoki otasi biror narsani sezib qoldimikan? – deb xayolidan oʻtkazdi. Sekin koʻrsatilgan joyga oʻtirdi. Shaddodligi yoʻqolib, aybdor odamday dadasining nima deyishini kuta boshladi.

Yoqub imom qiziga bir razm solgach:

– Qandaysan qizim? Ish joying yoqyaptimi? – deb soʻradi.

– Al... albatta yoqyapti.

– Bilasanki qizim, odam yashagan joyida qoʻshnisi muhim boʻlsa, ish joyida hamkasblari muhim hisoblanadi. U yerdagi oʻrtoqlaring qanaqa qizlar ekan? Senga foydalari tegyaptimi yoki zararlarimi?

– Ularning menga qanday zararlari tegishi mumkin?

– Yomon boʻlishsa zararlari juda katta boʻladi. Yaxshi boʻlishsa foydalari.

Fotima oʻylab ham oʻtirmay javob berdi:

– Hammalari juda yaxshi odamlar. Undan keyin menga kim ham taʼsir eta oladi? Mening oʻzimga yarasha fikrim bor.

– Unday dema qizim, insonning doʻsti qaysi tomonga yursa, sherigini ham oʻsha yoʻlga daʼvat qiladi. Sigaret cheksa, senga ham chektiradi. Narkotik moddalar qabul qilsa, seni ham shu yoʻlga boshlaydi. Shuning uchun sen bilan gaplashishni xohlagandim. Ular senga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishmasa, sen ularga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishing kerak.

Qizi bilan nari beri boʻlib qolmaslik uchun u shu usulni qoʻllayotgan edi. Keyin yana gapida davom etdi:

– Koʻrib turibsan, hozir hamma narsa yoshlarni izdan chiqarish uchun rejalashtirilyapti. Sen oʻrtoqlaringga namuna boʻlishing kerak. Senga “Imomning qizi ekanligingni unutma demayman” “Allohning quli ekanligingni unutma” – deyman. Shuni yodda saqlaginki, sen Allohni unutsang, majozan aytaman, U ham seni unutadi.

Yoqub imom gapida davom etar, qizi esa jimgina tinglar edi-ku, hech qanday taʼsiri sezilmayotgan edi. Yoqub imom buni koʻrib turgani uchun, soʻzini tugatib, qiziga javob berdi.

Bir necha kun oʻtgach Yoqub imom aravacha sotib olgan edi. U qarz olib ishini hal qilgan edi.

Bir kuni Fotima uydan chiqib ishi tomon yoʻl olar ekan, dadasining aravacha tepasida baqirgancha odamlarni chorlayotganini koʻrib qoldi:

– Kelib qoling, yap-yangi uzilgan pomidorlardan oling!

Fotima muzday boʻlib ketdi. Dadasini bu ahvolda koʻrishni istamas edi. Unga yaqinlashib jahl bilan soʻradi:

– Bu nima qilganingiz dada?

– Savdo qilyapman, qizim. Pul topishim kerak. Seni baxtli koʻrishni istayman. Oyingga aytayotganingda eshitib qoldim. Eski kreslolarimizdan uyalar ekansan. Birinchi qiladigan ishim seni magazinga olib borish boʻladi, oʻzing bizga yangi kreslo tanlaysan. Seni ish joyingdan boʻshatib olaman, qizim. Uyda oʻtir. Sirtqi oʻqishga kir. Kitoblar oʻqi, bilim ol. Lekin tanimagan insonlaringning orasida boʻlma, bolam. Shuning uchun mana bu ishlarni qilyapman, bolam.

Yoqub imom qizining judayam xursand boʻlib ketishini kutgani uchun uning koʻzlariga tikilib qarab turar edi. Otasining bu fidokorligini angladimi u? Fotima hayron va havotirli tarzda otasiga qaradi. Koʻp oʻtmay darrov uyga qaytdi. Onasi dasturxonni yigʻishtirayotgan edi. Uyga gʻazab bilan kirib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlay boshladi.

– Toʻyib ketdim, toʻyib ketdim dadamdan. Menga qarang oyi. Eringizga ayting, meni oʻz holimga qoʻysin. Menga saroy olib bersa ham ishimni tashlamayman. Men ishimni yaxshi koʻraman. Unga hech narsa deya olmaganim uchun oʻzidan ketmasin. Aytib qoʻying, meni ishdan boʻshatib olishni xayoliga ham keltirmasin.

Bu safar u baqirib–baqirib yigʻlar va qoʻliga tushganini devorga otar edi. Koʻzlari katta-katta boʻlib, joyidan chiqib ketay derdi. Baʼzan sal tinchlanar, baʼzan yana oʻzini tuta olmay ogʻzidan koʻpik sachrab baqirar edi. Inson isyon qilayotganida juda xunuk koʻrinib ketar ekan.

– Bu qanday azoblar boʻldi? Nima men sizlarni deb boshqa yoshlar kabi yashay olmaymanmi? Bolaligimdan boshlandi oʻzi. Arqon oʻynasam, imomning qizi arqonda sakrar ekanmi? Toʻp oʻynasam, hojining qizi toʻp oʻynar ekanmi? Dadam imom boʻlganiga mening ham imom boʻlishimni xohlashdi. “Otasi imom boʻlsa nima qilibdi, mayli baribir bola bola-da” – deyishmadi. Nuqul mening qilgan ishlarim, xatti-harakatlarimni hisob–kitob qilishardi. Yana oʻsha gap-soʻzlar bilan yoshligimni oʻtkazmoqchisizlar. Oʻtkazmoqchisizlar!

Gul xonim xotirjam ohangda qizidan soʻradi:

– Qizim, islomga boʻysunib yoshlikni yashab boʻlmaydimi? Sen yoshlik deganingda oʻsha koʻchasangʻi, ochiq–sochiq kezadiganlarning hayotini aytyapsanmi? Gunoh ichida “erkinlik” boʻlganda yashaladimi yoshlik? Islomiy chegaradagi “erkinlik” yetmaydimi senga? Imomning qizi boʻlishga kelsak, u azoblarni men ham tortganman. Mening ham har bir harakatimni kuzatib yuradiganlar bor edi. Bu millat agar imomni, bolasini-yu ayolini kuzatib yurganchalik oʻz oilasini tartibga solib olsa edi, hayotimiz ancha izga tushgan boʻlar edi. Bularning hammasini bilaman, lekin nima qilay? Senga yana bir marta aytaman, islomiy “erkinlik” bilan yasha.

Fotimaning koʻz yoshlari tinmay oqar edi. U ham koʻz yoshini artar, hamda ovozining boricha qichqirar edi:

– Qayoqda? Islomiy “erkinlik”ni yashashimga ham imkon berishmadi–ku. Qoʻgʻirchoq oʻynash gunohmidi? Arqonda sakrashim, toʻp oʻynashim gunohmidi? Menga erkinlik berildimi? Ayting-chi, berildimi? Nima qilsam, “bolam, sen imomning qizisan” demasmidingiz? Imom qizining Allohi boshqa-yu, boshqa bolalarning Allohi boshqami? Nega mendan oʻzgacha bola boʻlishimni xohlashdi?

Zaldagi yigʻma kravatda bagʻrini yerga berib yigʻlashda davom etdi. Keyin birdan oʻrnidan sakrab turib, onasiga dedi:

– Eringizga ayting, ishlarimga aralashmasin. Boʻlmasa uydan ketaman.

Uy ichida birdan jimjitlik hukm sura boshladi. Goʻyo motam havosi hukm surar edi. Bu gaplar dushmanlar uchun gʻalaba edi. Ilgari qaysi farzand “uydan qochib ketaman” deya olar edi?

Fotima yuz-qoʻlini yuvib yana uydan chiqdi. Dadasining yuziga ham qaramay oʻtib ketdi. Yoqub imom qizining yigʻlab, koʻzlari ishib ketganini sezdi. Tushunarli, demak, qizi borib onasiga xarxasha qilibdi. Nima dedi ekan? Savdosini tashlab, darrov ayolining oldiga keldi. Zinalardan hayajon bilan koʻtarildi. Ichkariga kirganida ayolining yigʻlab idish yuvayotganini koʻrdi-yu, vaziyatni yanayam aniqroq tushunganday boʻldi. Qoʻlini oshxona eshigiga tiragancha, soʻradi:

– Nima dedi?

Gul xonim koʻzlarini eridan berkitganday, boshini koʻtarmay:

– Hech nima demadi, – deya javob berdi.

– Mendan berkitishga urinma, chunki foydasi yoʻq baribir.

– Qizimiz boshidan oyogʻigacha isyonga toʻla. Gapirmagan gapi qolmadi. Dadam ishlarimga aralashmasin, deyapti. To kichkinaligida imomning qizi deb toʻp oʻynatishmaganidan tortib, bugungacha boʻlgan hamma narsani sanab, rosa yigʻladi. Imom qizining Allohi boshqa boʻladimi, dedi. Bolaligini ham miriqib yashay olmabdi.

Yoqub imom choʻkib qolgan, ruhidagi olov alanga olgan edi. Biroz vaqt xotiniga qarab qolgach, sekin yerga choʻkkaladi.

– Qizimizning gaplari toʻgʻriku-yu, lekin isyon qilishga haqqi yoʻq. Isyon etishning hech qanday uzrli bir ish emasligini unga tushuntirishim kerak. Xalqimiz juda tushunchasiz. Imom qizini boshqacha boʻlish kerak deb oʻylashadi.

– Ha, mening ham imom boʻlishimni xohlashdi, deb aytdi oʻzi. Shunaqangi gaplarni gapiradiki, odam nima deyishni bilmay qoladi.

– Bilaman, azizam. Qizimiz, ancha aqlli. Shaytonni ham orqada qoldiradi.

Gul xonim erining soʻzini boʻlib, ichidagilarini toʻkib sochmoqchi boʻldi:

– Sizga bir narsa aytay: biz qizimizni yoʻqotyapmiz. Nima qilsak ham uni toʻgʻrilaylik. Uning butun fikru xayoli boshqa yoqlarda.

– Toʻgʻri, lekin qayerda, nima istaydi?

– Bilmayman, lekin menimcha, ochilib sochilmoqchi shekilli.

– Balki u birortasini sevib qolgandir. Agar shunday boʻlsa, sen bir aniqlagin-chi, kim ekan. Kerak boʻlsa, oʻzim borib taklif qilaman.

– Unga aslo bunday deya koʻrmang. Biror bezorini sevib qolib kuydirmasin.

– Nima boʻlsa ham mayli, musulmon yigit boʻlsa bas. Yaxshi musulmon boʻlsa boʻldi.

Bu gaplardan soʻng yelkasidagi yuk yanayam ogʻirlashganday boʻldi. Bu yuk uning butun jismini egib qoʻydi, koʻzlarida yosh bilan rastasining boshiga borib oʻtirdi. U odatda peshingacha savdo qilib, namoz vaqti boʻlganida aravachasini masjid hovlisiga olib kirib qoʻyardi.

Yoqub imomning ruhi yigʻlar edi. Qizini qanday yoʻl bilan toʻgʻri yoʻlga solishi haqida oʻylayverganidan, oʻgʻlini unutib qoʻyibdi. Qiziq oʻgʻli nimalar qilib yurgan ekan? U-chi, u qaysi olamda yurgan ekan? Endi oʻgʻlining qaygʻusiga tushdi. Ertaga birinchi qiladigan ishi oʻgʻlining maktabiga borib surishtirib kelish boʻladi.

Oʻsha kuni Fotima uyga yana kech keldi. Ostona xatlar xatlamas dadasiga eshittirib:

– Ishda ushlanib qoldim, shunga kech qoldim, – dedi ovozini balandlatib.

Keyin xonasiga kirib ketdi. Yoqub imom esa qizining ortidan qarab qoldi.

Ertaga qizini kuzatib boradi.

Tongda qizidan avval uydan chiqib, taksiga oʻtirdi–yu, qizining oʻtadigan yoʻlida kutib turdi. Nihoyat Fotima qoʻlida sumkasidan tashqari bir paket bilan koʻrindi. Taksining yonidan oʻtayotganida imom koʻrinmaslik uchun egilib turdi. Qizi avtobus bekatiga borib, kuta boshladi. Koʻp oʻtmay, xususiy taksi kelib bekatda toʻxtadi. Imom oʻzi oʻtirgan taksi haydovchisiga chetroqda toʻxtab turishni aytdi-da, qizining nima qilishini kuzata boshladi. Fotimaning oʻsha xususiy taksiga oʻtirganini koʻrgach, oʻzini butunlay yoʻqotib qoʻyayozdi. Haydovchi esa hech narsaga tushuna olmaganidan soʻradi:

– Endi nima qilamiz?

Yoqub imom javob bera oladigan holatda emas edi.

Savolni yana takrorlagan haydovchi bu safar ham javob ololmagach, orqaga oʻgirilib qaradi. Yoqub imom titrab-titrab, ammo unsiz yigʻlar edi. Biroz muddat oʻtgach zoʻrgʻa:

– Mana shu mashinaning ortidan boraylik, – dedi.

– Xoʻp boʻladi, nima desangiz shu, – javob berdi haydovchi.

Yoqub imomning koʻzlari qizida edi. Qizi hech qanday istiholasiz erkin harakatlar bilan boshidagi roʻmolini yechib, sumkasiga soldi. Endi esa sochlarini tarab, yonidagi odam bilan kulishib alla nimalarni gaplashib ketar edi. Yoqub imom koʻz oldidagi manzarani koʻrar ekan, ich-ichidan yonar edi. Qizi uni eshitmasa ham yigʻlab unga gapirib ketardi.

– Ketma qizim, bolajonim. Ularning tuzogʻiga tushma. Oʻzimning goʻzal qizim, ketma bolam. Yolvoraman, ketma...

Yoqub imom oʻkirib-oʻkirib yigʻlar edi. Shuncha yillardan beri qizining haqiqiy musulmon boʻlishi uchun harakat qilgan edi-yu, ammo hozir koʻzlari nimalarni koʻrmayapti-ya.

Oʻsha lahzalarda u Qurʼonning yana bir hikmatini tushunib yetayotgan edi. Yoqub alayhissalomning ham islom amriga zid ishlar qilgan oʻgʻillari ukalarini quduqqa tashlagan edilar. Lekin Yoqub alayhissalom ukalarini oʻldirish uchun rejalar tuzgan oʻsha oʻgʻillaridan voz kechmas, hatto ularning hidoyatga erishishlari uchun Allohga tinmay yolvorib, duo qilar edi.

U juda yaxshi bilar edi. Bular “Yusuf”imga yomonlik qilib, endi menga ham yolgʻon gapiryapti, der edi. Yoʻqotgan ham, yoʻqolgan ham oʻz jigarbandi edi. Lekin u tilidan duo tushmay, sabr bilan kutdi.

Yoqub imom men undan yaxshiroq vaziyatdaman, deb oʻyladi. Hech boʻlmaganda qizimni boshqa bolam yoʻldan urgani yoʻq. Men azaldan beri dushman boʻlgan tuzum yoʻldan urdi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (3-qism)