20:15 / 05.10.2018
7 037

Imomning maniken qizi (5-qism)

Imomning maniken qizi (5-qism)
Yarim tun boʻlganiga qaramay Fotimadan hamon darak yoʻq edi. Gul xonim bu holdan qattiq ranjigan boʻlishiga qaramay, erining parishon holini koʻrib unga hech narsa demadi.

Oʻsha tuni qoʻrqinchli tush koʻrib baqirib uygʻonib ketgan Yoqub imom, oʻzini masjid bogʻiga urdi. Salovat aytib duo qilgach, Allohdan taskin soʻrab, yana ichkariga kirdi. Boʻldi, qizini uygʻotishdan boshqa iloj qolmagan edi. “Qanday yoʻlga kirib qolgansanki, seni kechalari qop-qorongʻu quduq ichida tush koʻraman. Menga ayt, bolam. Ikkalamiz chora topaylik. Istasang, doʻsting boʻlay”, – derdi. Oʻrnidan turib qizining eshigini taqillatdi. Hech qanday javob boʻlmagach, yanayam qattiqroq taqillata boshladi. Qattiqroq qattiqroq... Eshik sinib ketay desa ham, qizidan sado yoʻq edi. Shovqin-surondan uygʻonib ketgan Gul xonim juda qoʻrqib ketdi.

– Eshikni sindirib yuborasiz, bekorga ovora boʻlmang. Fotima kecha uyga kelmadi.

Yoqub imomning miyasi muzlab qolganday boʻldi.

– Bu nima deganing?

Gul xonim yerga qaragancha:

– Qizingiz uyga kelgani yoʻq deganim, – deya javob berdi.

– Unda nega menga aytmading?

– Aytganim bilan nima qilardingiz? Bekorga kechasi bilan yurib chiqar edingiz. Hech boʻlmasa, uxlab oldingiz. Sizni oʻylab aytmadim, azizim. Bu qiz sizni adoyi tamom qiladi.

– Niyating yaxshi boʻlgani uchun seni kechirdim. Aslida kechiriladigan xato emas bu.

Yoqub imom uy ichida u yoqdan bu yoqqa borib kelar, “Bolamni yoʻqotyapman, kun sayin bizdan uzoqlashyapti. Ertaga darrov uning ish joyiga boramiz. Sen bilasan–ku, qayerda ishlashini.” – derdi.

Tezroq tong otib, soat sakkiz boʻlishini kutishar edi. Yoqub imom esa hech qayerga sigʻmayotgan, Gul xonim ham tinmay koʻz yosh toʻkar edi. Nihoyat kutilgan soat kelgach, Gul xonim yetti oy avval qizini tashlab kelgan fabrikani koʻrsatib dedi:

– Shu yer, birinchi qavat.

– Ey Alloh. Qanchalik katta xatoga yoʻl qoʻydim-a? Nega shu paytgacha qizimning ish joyini kelib tekshirmadim? Erkaklarning kirishi mumkin emas emish. Shunaqasiyam boʻlar ekanmi? Ey, nodon aqlim, – deya nola qildi Yoqub imom.

Eshik qoʻngʻirogʻi bosilganida juda ochiq-sochiq kiyingan ayol eshikni ochdi:

– Xizmat?!

Yoqub imom hayron boʻlgancha qizini soʻradi. Ayol esa eslay olmadi. “Fotima isimli ishchimiz yoʻq”.

Gul xonim:

– Qanaqasiga? Boʻlishi mumkin emas, axir men oʻzim qizimni shu yerga olib kelib qoʻyganman, – dedi hayratlanib.

– Kechirasiz, sizni eslay olmadim. Xohlasangiz ichkariga kirib tekshirib koʻringlar.

Eri-xotin ichkariga kirib qizlarini qidirib koʻrishdi, ammo topa olishmadi. Keyin roʻyxatdan oʻtganlarni koʻzdan kechirdilar. Topishdi-yu, lekin Fotima u yerdan allaqachon boʻshab ketgan edi. Yoqub imom oʻzini zoʻrgʻa tutar ekan, soʻradi:

– Bu yerning xoʻjayini bilan uchrashsam boʻladimi?

– Menman, dedi haligi ayol.

Yoqub imomning hayrati yanayam ortdi:

– Nimaaa? Sizmisiz? Yetti oy oldin ishga qabul qilgan ham oʻzingizmidingiz?

– Haa. Kechirasiz, buning biror gʻayritabiiy jihati bormi, tushuna olmadim.

Yoqub imom ayolining yuziga qaradi. Gul xonim uyat va sharmandalikdan yerga qaradi.

Yoqub imom yana oʻsha ayolga qarab:

– Siz xojimisiz? – deb soʻradi.

Ayol xoxolab kulgancha:

– Mening xojiga oʻxshash tarafim bormi? – dedi.

Yoqub imom oʻzini koʻchaga otdi. Oʻshanda rafiqasining yolgʻon gapirganini tushundi. Undan bunday mudxish xiyonatni aslo kutmagan edi.

Mahallalarigacha yoʻl boʻyi gaplashmay yayov yurib kelishdi.

Birdan Yoqub imomning xayoliga Betush xola keldi. Chiqmagan jondan umid deb, eshigini qoqdi. Eshik qoʻngʻirogʻini chalayotganda oddiy hayot qoidalarini ham unutganidan qoʻngʻiroqni tez-tez bosar edi. Aslida bir marta eshik qoqilgandan keyin bir muddat kutilishi lozim edi. Balki uy egasi namoz oʻqiyotgandir. Soʻngra eshik yana qoqilishi kerak, javob boʻlmasa yana biroz kutilib, uchinchi bor eshik qoqilgandan keyin ortiga qaytishi kerak edi. Qurʼonda shunday deyilgandi. Oʻziga kelganida bir muddat jim turib qoldi, biroz kutdi.

Ichkaridan uyqusiragan ovozda bir odam:

– Kim u ertalabdan? – deya soʻragani eshitildi.

Eshik ochilganida Yoqub imom qizini koʻrdi. Bir on nima qilishini, qizini urishni ham yoki uni quchoqlab yigʻlashini ham bilmay qoldi. Qaysi biri islomiyroq, otalarcha boʻlar edi? Butun fikru xayollari ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Birdan qizi bilan nigohlari toʻqnashdi. Yoqub imomning asablari boʻshashdi. Hech narsa demay, holsiz boʻlib yerga choʻkdi. Biroz muddat boshining aylanishi va oʻziga kelishini kutgach, koʻzlari yoshlangancha qiziga termulib:

– Qizim, mendan nima istaysan oʻzi? Meni oʻldirishni qasd qilganmisan? Kecha nega uyga kelmading? Aslo birovlarnikida qolma deganim uchun menga jahl qilib shunday qildingmi? Bolam, menga dushmanmisan? Senga nima qildimki, menga bunday munosabatda boʻlyapsan? Mana, garov pulini ham yigʻib qoʻydim. Yana nima qilishimni istaysan? Ayt bolam... ayt... Meni suisteʼmol qilma-a-a...

Fotimaning esa bahonalari tugamas edi.

– Oʻlik yuvishdan voz keching. Men oʻlikdan qoʻrqaman.

Hali hamon eshik tagida oʻtirgan Yoqub imom parishon holida soʻradi:

– Nega oʻlikdan qoʻrqasan, bolam. Ular senga biror yomonlik qilmasa? Qaytaga tiriklardan yomonlik kut sen, bolam. Ayt-chi, qaysi oʻlik seni Allohdan uzoqlashtirish uchun soʻz ochdi? Qaysi oʻlikning senga zarari tegishi mumkin? Sen oʻlikdan emas, tirikdan qoʻrqqin. Oʻshanda sening gapingga kirib, oʻlik yuvmayman.

– Unda mahallada birortasi vafot etsa, nima qilasiz?

– Sen vafot etsang, biror ayolni topaman. Agar men oʻlsam, sen erkak yuvuvchi topasan. Agar sen istamasang, bundan keyin oʻlik yuvmayman.

Fotimaning boshqa chorasi qolmaganidan:

– Xoʻp... – dedi.

Qizi “xoʻp” deganining oʻzi katta narsa edi. Qaysi gapiga rozi boʻlganini ham soʻramadi. Hozircha shu soʻzning oʻzi Yoqub imomni sevintirdi.

– Xoʻp, yaxshi. Bu yerda qolganing uchun men ham seni kechirdim, lekin yana bir marotaba shunday qilsang kechirmayman.

Qizi bilan boʻlib oʻtgan bu kelishuvdan soʻng, u qizining ish joyini borib tekshirishga qaror qildi. Oʻsha taksisiga mingan odami kim boʻldi ekan? Qizi kechasi qayerda qoldi ekan?

Kechki payt uyda u yana qizi bilan gaplashib oldi.

– Qizim, bolajonim, oʻzingni ehtiyot qil. Shaytoniy hoyu havaslarga berilma. Inson oltinga oʻxshagan boʻladi. Najosatga tushsa ham, tozalansa, Alloh nazdida toza hisoblanadi. Lekin insonning oltindan farqli yana bir tarafi bor-ki, bir marta ifloslandimi, tozalansa ham, odamlarning koʻz oʻngida dogʻli boʻlib qolaveradi. Ertaga farzandli boʻlganingda, ularning oldida vijdoning pok boʻlib onalik qilsang, turmush oʻrtogʻingga nisbatan ham vijdoning pok boʻlsa, koʻngling xotirjam boʻladi. Qingʻir yoʻlda yurma. Agar biror sevganing boʻlsa, ayt, oʻshanga uzatay. Qalbingda qanday hislar boʻlsa barchasini men bilan oʻrtoqlash. Men sening doʻstingman, bolam. Senga yomonlikni ravo koʻrmayman, biroq mening mehrimni suisteʼmol qilma.

Fotima miq etmay faqat tinglar edi.

Gul xonim ham orada gap qoʻshib qoʻyardi-yu, lekin Yoqub imom ayoli bilan gaplashmayotgan edi.

Ertasiga u yana qizining ortidan bordi. Bu safar ham u oʻsha bekatda toʻxtagan, lekin bu gal avtobusga oʻtirgan edi. Yoqub imom taksida avtobusning ortidan borib, qizining ish joyini bilib oldi. Lolali mahallasida fabrika atelyesida ishlayotgan edi qizi.

Kiraverishda yozib qoʻyilgan fabrika telefon raqami va xoʻjayinining ismini yozib, ortiga qaytdi.

Gul xonim eri bilan gaplashish uchun turli bahonalar qidirar edi–yu, ammo imom bunga parvo ham qilmas edi. Ayoli boshqa sabr qilolmadi:

– Nega men bilan gaplashmayapsiz, nimaga? Qizingizni oʻylab siz siqilyapsizu, men siqilmayapmanmi?

Imom unga savol nazari bilan qarab qoʻydi.

Gul xonim gapida davom etdi:

– Qizingizning qilmagan qiligʻi qolmadi, nega endi uni kechirasizu, meni kechirmaysiz?

– Bolamga ishonmagandimu, lekin uni senga ishonib topshirgan edim. Sen esa omonatga xiyonat qilding. U yerdagilar dindor odamlar ekan deding. Keldi ketdi mumkin emas, deding. Gapingga ishonib bormadim, surishtirmadim. Yaxshi, iymonli odamlar boʻlsa, bolamga zarari tegmaydi, dedim. Xoʻjayini musulmon boʻlsa, ishchilariga ham bolalariga qaraganday, koʻz quloq boʻladi, deb oʻyladim.

– Bu zamonda har bir musulmonga ishonadigan boʻlsangiz, yanayam koʻp adashasiz.

– Men namozxonlar, islomiy shartlar asosida ishlaydigan yer boʻlsa, qizimni ishonaman. Agar omonatga xiyonat qilsa, u dunyoda baribir javobini beradi. Lekin u yerdagilarning meni aldashiniyam keragi qolmadi. Sening yolgʻoning barchasidan oshib tushdi.

– Xato qilib qoʻyibmiz, kechiraqoling endi.

– Kechirish? Bunaqangi buyuk xiyonatni kechirish oson ekanmi? Allohga duo qil. Alloh azza va jalla oʻzi qalbimni senga nisbatan toʻgʻrilab qoʻysin. Boʻlmasa bu ketishda senga boʻlgan munosabatim oʻzgarmaydi. Esingda boʻlsin, yoʻldan ozgan qizlarning aybdor oʻrtoqlari ularning ezgu niyatli onalaridir. Qizlarining holatini otalaridan berkitishadi, oʻzlari ham bunga biror yechim topa olishmaydi.

– Xuddi oʻzingiz yechim topganday...

– Topishga harakat qilyapman. Qoʻlimdan kelgan hamma narsani qilyapman. Bolamni qutqarish uchun hamma yoʻllarni sinab koʻryapman, Yana nima qilay? Robbimdan sabr soʻrab yoʻlimda davom etyapman. Sen Betush xola degan ayolnikiga bor... Kim oʻzi? Qayerlik? Nima ish qilgan? Biroz oʻtirib suhbatlash, tagʻin shubhalanib qolmasin.

Maqsadi qizining ish joyiga telefon qilish boʻlgani uchun ayolini koʻchaga atayin chiqarib yuborgan edi. Gul xonim chiqib ketishi bilan telefon raqamlarini terdi.

– Alo, eshitaman?

Yoqub imom hayajondan zoʻrgʻa gapirardi:

– Assalomu alaykum, Demirxon bey bilan gaplashsam boʻladimi?

Koʻp oʻtmay Demirxon bey goʻshakni oldi:

– Eshitaman, men Demirxonman.

– Yaxshimisiz Demirxon bey? Men qizim haqida siz bilan gaplashib olmoqchi edim.

– Bemalol, lekin qizingiz kim boʻladi?

– Fotima... sizda ishlaydi.

– Kechirasiz, bizda Fotima ismli xodim ishlamaydi. Yanglishibsiz shekilli.

– Yoʻq, yanglishganim yoʻq. Ertalab oʻz koʻzim bilan qizimning sizning ish joyingizga kirib ketayotganini koʻrdim.

– Tavba. Bu yerda Fotima ismli xodimim boʻladi-yu, men tanimas ekanmanmi?

Soʻngra goʻshakni biroz oʻzidan uzoqlashtirib, kotibadan ishchilar roʻyxatini soʻradi.

– Zaxro, ishchilar roʻyxatini berib yubor.

Koʻp oʻtmay, daftar varoqlanayotganining tovushi eshitila boshladi. Keyin kotibasiga murojaat qilib, “Bizda Fotima ismli ishchi bormi?” – deb soʻrab, keyin “Ha, topdim. Bor ekan” – dedi.

– Alo.

– Eshitaman, gapiravering.

– Ha, bizda Fotima ismli qiz bor ekan. Faqat ismini Chechak deya oʻzgartirib olibdi.

– Sizlarda nima ish qilyapti u?

– Manekenimiz boʻladi. Qizingizning nima ish qilishidan xabaringiz yoʻqmi hali?

– Nimaa?.. Qanaqa maneken?

– Biz ulgurji savdo bilan shugʻullanadigan firmamiz. Qizingiz bizda sotiladigan narsalarni reklama qiladi.

– Nima? Manekenlikni qayerdan oʻrganibdi?

– Kurslarga qatnab oʻrgangan-da. Biz hammaniyam ishga olavermaymiz. Hujjat asosida ishga olganmiz.

Yoqub imom titrayotgan edi:

– Ishoning, bu gaplardan xabarim yoʻq edi, faqat iltimos, qoʻngʻiroq qilganimni qizim bilmasin.

– Jahlingiz chiqdimi? Yoʻq, siz qizingiz bilan faxrlanishingiz kerak. Shunday goʻzal qomatli qizingiz bor ekan.

Yoqub imom qizining qomati haqidagi gaplardan juda noqulay ahvolga tushdi. Shundogʻam quloqlari shangʻillar, goʻyo butun dunyo uning boshiga tushib ketayotganday edi. Gapiradigan holatda emasligidan:

– Sizni ham bezovta qildim. Vaqtingizni ajratganingiz uchun rahmat, – deya goʻshakni joyiga qoʻygan edi-yu, eshitgan gaplaridan oʻziga kelolmas, qotib qolgan edi. Turgan joyida harakatsiz karaxt boʻlib qoldi. Hatto yigʻlay ham olmayotgan, bu safar joni, qoni, ruhi, qalbi va butun aʼzolari yonayotgan edi.

Oʻziga kelganida ayolining tepasida turganini payqadi. Hech narsa boʻlmaganday, oʻzini tashqariga urmoqchi boʻlgan edi, ayoli gapirib qoldi:

– Betush xola haqida surishtirdim. Ilgarilari ayollarni sotish bilan shugʻullangan nomussiz ayol ekan. Uyalmay endi tavba qilganman, deydi. Ammo hecham tavba qilganga oʻxshamaydi. Kim biladi, qizimizga nimalarni uqtirgan ekan? Vaqtliroq u ayol haqida surishtirsak boʻlar ekan.

Yoqub imom hech narsa demadi.

Kech boʻlib, Fotima bilan Usoma uyga vaqtli kelishdi. Usoma-ku uyga har doim vaqtli kelar edi. Butun borligʻi bilan darsiga shoʻngʻib ketgan Usoma birdaniga yodiga tushib qolgan voqeasini gapira ketdi.

– Opaaa, bugun nima boʻlganini bilasizmi? Gazetada bir rasm koʻrdim. Unda surati bosilgan bir qiz xuddi xuddi sizga oʻxshaydi. Shunaqangi yomon boʻlib ketdim-ki, darrov gazetani sotib oldim. Qarasam, Chechak ismli maneken ekan. Sal qolsa xushimdan ketar edim.

Fotima esa doimgiday sukut saqlar edi.

Yoqub imom gapga qoʻshildi:

– Nima kiyib olgan ekan oʻsha maneken?

– Mini yubka kiyib olgan edi. Shunaqangi opamga oʻxshab ketar ekanki...

– Opang unaqa ish qilmaydi-ku. Qanday qilib undan shubhalanishing mumkin, oʻgʻlim?

Shu payt Yoqub imomning aqliga yana qiziga dars berib qoʻyish keldi:

– Opang aqlli qiz. Alloh bergan vujudini hammaga koʻz-koʻz qilmaydi. Shayton yoʻldan urib, shunday qilgan taqdirda ham, darrov tavba qilgan boʻlar edi. Ha, ilgari sochining bir tolasini ham koʻrsatmagan farzandlarimizni, endi moda deb yechintirishdi. Choʻmilish kiyimlari deb qizlarimizni erkaklarning koʻz oʻngiga yalangʻoch qilib chiqarishdi. Choʻmilish kiyimi deyilsa, xuddi yalangʻochlik hisoblanmaydi. Yo Rabbim. Halqimizning koʻzi bu haromlarga shunchalik oʻrganib qoldiki, endi bu oddiy holga aylandi.

Usoma savolini ichida tutib tura olmadi:

– Qizingiz boʻlganida uni oʻldirar edingiz, toʻgʻrimi?

Yoqub imom qizini oʻylab soʻngra javob berdi:

– Yoʻq, oʻldirmas edim. Qizimning Alloh huzuriga oʻsha holatda chiqishini istamaganim uchun, uni toʻgʻri yoʻlga qaytarish maqsadida qoʻlimdan kelganini qilar edim.

Ertasiga Yoqub imom yana doʻsti Ahmad bilan dartlashar edi.

– Qizimni umuman boy beryapman, doʻstim. Bir qora qoʻl koʻrinmay uni mendan olib ketdi. Men esa ona jayron kabi uzoqdan ovchilarga qarab qoldim. Kecha kunduz uxlolmayman. Nima qilishimni bilmayman. Men taklif qilayotgan hayotning jozibasi u dunyoda, ular taklif qilayotganniki esa bu dunyoda. Bular yoshlarni yoʻldan ozdiryapti. Bu dinsiz oqim bizni pichoqsiz soʻyyapti. Oilalar ich-ichidan yemirilyapti, lekin odamlar buni tushunib yetayotganlari yoʻq.

– Haliyam qizingning aqlini kiritib qoʻymadingmi?

Masjid tashqarisidagi stulda oʻtirar ekan, uzoqlarga tikilib qoldi:

– Qizimning ich dunyosini zabt etolmaganimdan keyin nima foydasi bor? Xato qildim, doʻstim, xato qildim. Men qizimga gul tutdim, ammo qop-qora idishda. Ular esa zaharni chiroyli idishda tutishdi. Bolalarimiz oʻsha goʻzal va shirin koʻringan narsaning tub tubidan zaxar sizib chiqishini bilmaydilar ham.

Ahmad imomning bu gaplaridan achchiqlangan edi.

– Sendan juda jahlim chiqyapti. Oʻzingni bunchalik aybdor qilma. Nechogʻlik namunali ota ekanligingni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Dinsizlik qizingning ich-ichidan, ruhidan chiqyapti. Oʻzingni qiynashni bas qil endi.

– Hammasi sen bilganday emas, doʻstim.

– Xoʻsh, ayt-chi? Sening xatoing, gunohing nimada edi?

– Hamma aybimni yaxshi bilmayman. Bilganlarim esa Alloh izn bergan narsalarga men izn bermadim. Hech esimdan chiqmaydi. Oʻshanda Fotima 9-10 yoshlarda edi. Lunaparkdan oʻtayotgan edik. “Men ham minay” – deb qizim rosa yolvordi. Ruxsat bermadim. Tinmay ancha yigʻladi. Bolamning koʻz, burunlari yigʻlayverib ishib ketdi, ammo men baribir ruxsat bermadim. Nega ruxsat bermadim, doʻstim nimaga?

– Nega ekan?

– Qish edi, bir kuni qor toʻpi yasab, hech kim koʻrmasin deb, choʻntagimga solib qoʻydim. Uni choʻntagimga solishga majbur qilgan nima boʻlsa, oʻshanda qizimni argʻimchoqda uchishiga ruxsat berdirmagan ham oʻsha. Bundan boshqa xatolarim ham boʻldi, lekin ularning nima ekanliklarini bilmadim. Aytdim–ku, islomni qaytadan oʻrganmoqchiman deb. Kecha Fotimaga ham aytdim: “Mening xatolarimni deb islomdan voz kechma. Keyin dinsiz yoki Alloh qabul qilmaydigan dinga kirasanu abadiy azobda qolasan. Alloh qolgan dinlarni qabul qilmaydi. Boshqa dinlarning payti oʻtdi. Aslida Qurʼonga ishongan odam, oʻtgan hamma dinlarni qabul qilgan hisoblanadi”. U esa faqat tingladi. Har doimgidek. “Men dinsiz boʻlishni, dinsiz oʻlishni xohlamayman-ku” – dedi. Bechora bolam, dinsizlarday yashab, musulmon boʻlib oʻlishni istaydi.

– Ana koʻrdingmi? Axir sen bularning barchasini tushuntirgansan-ku. Tushuntirgansan, lekin u tushungisi kelmayapti.

– Bir marta bilasanmi, uning joniga ham tegib ketgan edim. Nima desam ham eshitgisi kelmay: “Bilaman, dada. Buni ming marta aytgansiz” – derdi. Ishonaman, oradan oʻn yil oʻtsa ham, qizim mening gaplarimga quloq soladi.

Fotima uyga yana vaqt allamahal boʻlganda kirib keldi. Kelgan zaxoti xonasiga kirib olgan, hech kim bilan gaplashmay yotgan edi. Otasi esa uning har bir harakatini kuzatar edi. Fotima kechasi uygʻonib, koʻngli aynib rosa qayd qildi. Qiziga nima boʻldi ekan? Ertalab qizining uygʻonmaganini koʻrgan imom qizining xonasini taqillatib kirib, uni hushidan ketgan holda koʻrdi, baʼzan esa ingrab qoʻyardi. Koʻtarib shifokorga olib borish fikriga keldi-yu, ammo toʻsatdan qizining kundalik daftarini oʻqib koʻrish niyati tugʻildi. Bu safar ish ancha vahimali tus olgan edi. Beruxsat daftarni oʻqish haqida oʻylab oʻtirmadi. Chunki qizi zarur paytlarda baʼzi qoidalarni chetlab oʻtish joiz ekanligini bilar edi. Daftarni qidirib topdi. Darrov oxirgi sahifani ochdi. Yoqub imom oʻqigan sarlavha uni dahshatga tushirib qoʻygan edi.

Bugun “oq” bilan tanishdim.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (5-qism)