AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston Rossiyadan neft xarid qilishni to‘xtatmaguncha, bu mamlakatdan import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan “katta bojlar”ni saqlab qolishini ma’lum qildi. U bu fikrni Oq uyga qaytayotgan paytda jurnalistlarga aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi unga Rossiya nefti xaridi to‘xtatilishini bildirgan.
Trampning bayonotidan so‘ng Hindiston rasmiylari bu masalada hech qanday telefon suhbati bo‘lmaganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, Tramp Hindiston Rossiya bilan neft savdosini davom ettirsa, bojlar bekor qilinmasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu bojlar Hindistonning Rossiyadan neft xarid qilgani uchun joriy etilgan.
AQSh hukumati Rossiya neftidan tushadigan daromad Ukrainadagi urushni moliyalashtirayotganini aytib keladi. G‘arb davlatlari Rossiya neftiga sanksiya qo‘ygach, Hindiston bu neftning eng yirik xaridoriga aylandi. Shu bois, AQSh Hindistonni bu savdoni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Hindiston va AQSh o‘rtasidagi savdo muzokaralari hozirda davom etmoqda. Hindiston hukumati vakillarining aytishicha, muzokaralar “do‘stona” muhitda o‘tmoqda. Ammo ular tafsilotlarni oshkor qilmagan. Tramp esa boj siyosatini Hindistonga bosim vositasi sifatida ishlatayotgani ayon bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning Rossiyadan neft importi bu oyda 20 foizga oshgan. Mutaxassislar fikricha, bu o‘sish Tramp tahdidlariga qaramay, yaqin oylar davomida kamaymasligi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!