08:53 / 10.10.2018
7 860

Imomning maniken qizi (10-qism)

Imomning maniken qizi (10-qism)
Koʻrshapalakka oʻxshagan, kechani kunduz deb oʻylaydi.

Fotima oʻrtoqlari Laylo, Nejla va Bonular bilan birga yashashga kelishib olishgach, Galatasaroy litseyining orqa tarafidagi koʻchadan uy topishdi. Xarajatlarni barchalari birgalikda toʻlaydigan boʻlishdi.

Avvaliga uyni saranjomlab, jihozlashdi. Uch xonali va kattagina zali boʻlgan bu uyda toʻrt qiz oʻzlarining erkin yashashga boʻlgan istaklarini nihoyat birgalikda amalga oshirishdi. Uyga koʻchib kelingan kunning ilk kuni Laylo barchaga taklif kiritdi:

– Dugonalar, kelinglar, bugun hamma oʻz hayotini gapirib bersin. Bir birimiz bilan yaxshilab tanishib olaylik. Biz endi bir oila boʻldik axir. Xohlasangiz men boshlab berishim mumkin.

Bu taklifni barchalari qabul qilishgach, Laylo soʻzini boshladi.

– Men Izmirlikman. Yaqindagina oʻn sakkiz yoshim bilan xayrlashdim. Oilada uch farzandmiz, yaʼni uchta qizmiz. Dadam temir tijorati bilan shugʻullanadilar. Bu oʻqishga dadamning qistovi bilan kirdim. Litseyni bitirganman. Universitetga kirish uchun tayyorgarlik koʻrmoqchiman.

Uy kulgi bilan toʻldi. Nega desangiz Nejla va Bonu giyohvandlar oʻqiy olmasliklarini juda yaxshi bilishar edi. Navbat Nejlaga keldi.

– Men Bursalikman, 19 yoshdaman. Oilada ikki farzandmiz. Dadam bizni tashlab Germaniyaga ketgan. U yerda jozibali olmon ayollarini koʻrgach, onamni tashlab ketgan. Onam fohishalik qilib meni oʻstirgan. Men boʻlsam, fohishalikni emas, manekenlikni tanladim. Uch kundan beri erkak qoʻli tegmagan yosh qizman.

Fotima hayratdan dong qotgan edi. U oʻzining imom otasini, or–nomusli onasi haqida gapirib berishga oʻzidan or qilayotgan bir paytda Nejla tamoman uyat hissini unutib fohisha onasini bexijolat gapirib bergan edi.

Xonani yana qahqaha ovozi toʻldirdi. Endi gal Bonuga keldi.

– Men azaldan ayol qilib yaratilgan Anqaralik yosh qizman.

Hammalari yana kula boshlashdi. Bonu bunga eʼtibor bermay gapida davom etaverdi.

– Otam degan... onamni bir suyuqoyoq sababli tashlab ketganida mening onam fohishalik qilib kun kechirgani yoʻq.

Nejla xandon otib gapga aralashdi:

– Asalim. U ishni oʻzing qilyapsan-ku...

Bonu bu gapga asabiylashib ketdi:

– Ogʻzingga qarab gapir. Jahlimni chiqarsang, ayab oʻtirmayman, aytib qoʻyay! Men nomusli ayolman. Hozir tuppa-tuzuk boshliqni qoʻl ostida ishlayapman. Giyohvand ham emasman.

– Nimaga oʻqimagansan?

– Meni yoʻldan urishdi. Ayol kishiga oʻxsharmishman. Koʻcha-koʻyda menga gap otadiganlar yoʻldan ozdirdi. Demak, aslida ayol ekanman-da, dedim. Oʻsha paytlarda unaqangi operatsiyalar juda shuxrat qozonayotgan paytlar edi. Butun boshli mamlakat shu haqda gapirar edi. Men ham aldandim. Bilsam, onam qiz bolalarni juda yaxshi koʻrar ekanlar. Ammo onam juda koʻp koʻz yosh toʻkdilar, yolvorib soʻradilar. Men esa quloq solmadim. Operatsiya qildirib ayol boʻldim.

Navbat Fotimaga yetib keldi:

“Otasining imom ekanligini aytsamikan? Yoʻq! Aymayman. Ehtiyot boʻlishim kerak. Mening ham ustimdan kulishadi”, deb oʻzi hikoya toʻqiy boshladi.

– Aslida Istanbullikman. Otam fabrikada ishchi. Onam esa modelyer. Ikki farzandmiz. Maneken boʻlishimni ota-onam oʻzlari istashgan. Litsey bitiruvchisiman. Universitetga tayyorgarlik koʻryapman.

Nejla savollarini ichida tutib tura olmadi:

– Istanbullik boʻlsang, unda nega uyingda yashayvermaysan?

Fotima bunday savolni kutmagan edi:

– Haligi... Uyda koʻpchilikmiz-da, shunga u yerda siqilib ketaman...

– Ikkita farzandmiz, deding-ku. Qaytaga bu yerda koʻpchilik emasmizmi?

Hech qaysi yolgʻonchi gapirgan gapini yodida uzoq saqlab tura olmas, shuning uchun bir kun kelib albatta yolgʻoni fosh boʻlar edi. Ammo Fotimaning yolgʻoni oʻsha zaxoti yuzaga chiqdi. U esa bir yolgʻondan qochaman, deb ikkinchisini toʻqidi.

– Uyda oyimning maneken dugonalari, dadamning ish joyidagi doʻstlari bilan qadam qoʻygani joy qolmaydi. Shunga uyda yashamaslikka qaror qildim. Fotima bu gaplarni aytayotib, uyidan ketgan ilk kunini koʻz oldidan kechirdi.

Otasining oqargan sochlari; ishga kelganida kotiba unga otasining uni qidirib kelgani haqidagi xabarni esladi. Oʻshanda goʻyo butun boshli dunyo boshiga qulab tushganday boʻlgan edi, soatlab oʻziga kela olmagan edi. Keyin esa otasining koʻziga koʻrinishga jasorat topa olmay, uydan ketgan edi. Bir necha kun tanish–bilishlarining uyida tunagan, keyin esa bir nechta qiz birgalashib ijarada yashayotgan edilar. Ismini yana almashtirishga majbur boʻlib qolgan Fotima xayolga choʻmib qolgan edi. Bonuning ovozidan oʻziga keldi:

– Demet nimani bunchalik oʻylab qolding?

Nejla kulib gap qoʻshdi:

– Anavindan koʻproq tortvorgandir-da.

Fotima bu ismga oʻrganishi ancha qiyin boʻlayotgan edi. Baʼzan juda sovuq tuyulayotgan edi. Birdan Nejlaning gaplarini eshitib qoldi.

– Bu nima deganing? Men uni ikkinchi martasida tashlaganman. Sal qolsa hayotimni zaxarlar edim.

Nejla suyunib ketib yana soʻradi:

– Chindan aytyapsanmi? Qanday qilib tashlading?

– Yaxshilab oʻylab koʻrdim. Qaysi giyohvand sogʻlom va baxtli hayot kechirgan? Bundan tashqari oʻlimga guvoh boʻldim. Haligi sen taniydigan Salima bor-ku eski manekenlardan, oʻsha, bir marta urishib ham qolgan ekansizlar. Shunday qilib, oʻshaning uyida edik. Ikkinchi marta oʻsha zaxarni ichgan edim. U yerdan oʻynab–kulib chiqdik. Ertasiga oʻlim xabarini eshitib hayratdan qotib qoldim. “Dozasini oshirib yuborgan emish”. Militsiya xodimlari ham oʻshanda yonida boʻlganlarni topamiz deb qolsa boʻladimi? Ancha vaqt qoʻrqib yashadim. Keyin bu zaxarni umuman ogʻzimga olmaslikka qaror qildim.

Bonu gapini boʻldi:

– Men uni ogʻzimga olmayman. Shaytonga ergashib, fohishalik qildim, lekin keyin tavba qildim. Yaxshiyamki, meni giyohvandlikka mubtalo qila olishmadi. Lekin qanaqangi vijdonsiz odamlar–a! Bizni oʻldirish uchun tuzilgan tuzoq u. Yaxshiyamki, u tuzoqqa ilinmadim.

– Toʻgʻri aytasan! Bizni oʻzimizga aytmasdan, oʻldirishga intiladiganlar bor. Qarashsa, bizni urushlarda yenga olishmadi. Endi bu yoʻlga oʻtishdi.

Laylo ham ularga qoʻshildi:

– Demak, biz ham oʻzligimizni yoʻqotib, ularga aylanibmiz-da.

Fotima Layloning gapini eshitib lol qoldi:

– Agar seni podiumlarda moda namoyishlarida koʻrmaganimda dindor qiz deb oʻylardim. Juda chiroyli gap gapirding.

– Yoʻgʻ-ye. Qoʻysang-chi. Juda dinsizlashib ketmaymiz-ku axir. Lekin diniy siyosatdan nafratlanaman.

Bonu gapni davom ettirdi:

– Mendan soʻrasang, men ham xuddi shunday dinga ishonaman-ku, dindorlikka qarshiman.

Laylo giyohvand modda qabul qilgani uchun bir nimalar deb aljiray boshladi.

– Boʻldi-da endi. Bu nimasi, masjid qilib yubordinglar-ku bu yerni. Din... dinsizlik. Shu narsalarni gapirmanglar, gapirgan saying odamni ichini zulmat qoplaydi.

Nejla bu gapga hayron qoldi:

– Uni bunga nima aloqasi bor? Hech tushuna olmadim.

– Aloqasi bor, mening ichimni zulmatga aylantiryapti, vassalom.

Bonu ham jim tura olmadi:

– Ieye, manavining gapini qaranglar, nima sendan soʻraymizmi endi? Bir dindan, sal turib ichkilik, sevgi-muhabbatdan gaplashamiz. Senga hisob berishimiz qolgan edi.

Laylo Bonuga qarab qolgach, keyin uzr soʻrab dedi:

– Toʻgʻri aytasizlar, bu gaplarning menga qanday taʼsir qilishini sizlar qayerdan bilardinglar. Davom ettiraveringlar.

Mavzu allaqachon oʻzgarib boʻlgan edi. Oradan koʻp oʻtmay bir odam kelib Nejlani olib ketdi... Sal turib Layloning ham yigiti kelib, ular ham chiqib ketishgach, uyda Bonu va Fotima yolgʻiz oʻzlari qolishdi.

Bonu miyasiga kelganini soʻray boshladi:

– Sening yigiting qachon keladi?

Fotima avvaliga oʻzini eshitmaganga olib, kundaligiga yozishda davom etaverdi.

Fotima hammasidan charchagan edi. Kirgan yoʻlining oxiri baxayr boʻlmaydiganga oʻxshar, ammo u bunga ahamiyat bermaslikka harakat qilar edi.

Bonu savolini yana qaytarib qistayverdi:

– Senga gapiryapman, seniki qachon keladi?

Fotima unga oʻqrayib:

– Meniki yoʻq, dedi.

– Nimaaaa... Haliyam biror boyvachchaning boshini aylantirmadingmi? Boʻy basting kelishgan, chiroylisan. Yoki mendan berkityapsanmi?

– Yoʻq, nimaga berkitar ekanman.

– Lekin men seni bir kuni yoʻlda avtostop qilayotganingni koʻrgandim.

– Nima qilibdi, hamma qiladi-ku.

– Oʻzingni nomusli qizday koʻrsatishga urinma, seni mashinasida tekinga olib borib qoʻyadi–ku, xaqqini talab qilmaydimi? Buni bilmaysanmi?

– Ilgari bilmas edim. Keyin bilib oldim. Insonmiz, hammamiz ham xato qilamiz, lekin buni kech tushunib yetamiz.

Bonu stulini Fotimanikiga yaqinlashtirib oʻtirgach, soʻradi:

– Xoʻsh, gapirib ber-chi. Nima boʻldi-ki, tushunib yetding?

– Bir kuni taksiga oʻtirdim. Xaydovchisi ovqatlanishga olib boray, deb turib oldi. Rad qilsam, yolvora boshladi. Baribir koʻnmadim. “Senday goʻzal qizni ovqatlantirishga olib bormasdan qoʻyib yuborarmidim?” – dedi. Qarasam, boshqa yoʻldan yura boshladi. “Toʻxtang” – desam ham toʻxtatmadi. Men ham oʻzimni mashinadan tashqariga otdim. Suyugʻoyoqmasman-ku, qayerga taklif qilsa ketaveradigan. Oʻsha voqeadan soʻng hecham avtostop qilmadim.

– Ofarin, shu ketishda davom et, lekin sal qiyinchilik koʻrasan-da. Nima uchrashib yuradiganing yoʻqmidi?

Fotima yana bir marta oʻqrayib qarab qoʻygach, kundaligiga yozishda davom etdi. Lekin Bonudan qutulish oson emasligini bilgach, dedi:

– Ha, bittasi bor edi. U bilan oila qurish niyatida tanishgan edim. U esa boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun doʻst boʻlgan ekan. Buni bilib juda qattiq xafa boʻldim. Unga ham “men sen oʻylagan qizlardan emasman. Oʻshanaqasini topib ol ”, deb ajrashdim.

– U nima dedi?

– “Voy–boʻoʻ. Ja zamondan orqada qolgan qiz ekansanu. Sening manekenligingga ishonish uchun odam axmoq boʻlishi kerak”, – dedi. Xuddi mening kasbim asli fohishalikday gapirsa boʻladimi? Tepa sochim tikka boʻldi.

– U ham xaq. Hozir baʼzi manekenlar bilan fohishalar orasida farq qolmagan. Lekin oralarida pul uchun vujudini sotmaydiganlarini ham koʻrganman. Juda jirkanchlari ham boru, bokira boʻlganlari ham bor. U yoq-bu yogʻini ochishga majburliklarini aytmaganda javohirday qizlar bor.

Fotima xomush tortib Bonuga qarab dedi:

– Toʻgʻri aytasan, ish deb qizlarni yechintirishdi. Shuning uchun men ich kiyim namoyishlariga chiqmayman. Koʻp joylarda meni ishga olishmaydi, shuning uchun boshqalardan kamroq pul topaman. Lekin hayotimdan mamnunman.

Fotima oʻz-oʻzini aldar edi. Hayotidan umuman mamnun emas edi. Durustroq ish joyi topgunicha necha marotabalab ish almashtirgandi axir.

Bonu esa tinmay savol ustiga savol beraverardi. Fotima unga tushuntirishga urindi:

– Iltimos qilaman, Bonu. Kundaligimga yozishga imkon bermayapsan. Savol beravermagin.

Bonu endi mavzuni oʻzgartirdi:

– Yaxshi, lekin nima haqda yozyapsan? Menga ham oʻqib ber.

– Yoʻq, iloji yoʻq.

– Nega iloji yoʻq ekan? Zerikib ketyapman. Ikkalamiz qolgan boʻlsak, sen bilan gaplashmasam kim bilan gaplashaman axir.

– Boʻlmaydi, dedim-ku, hadeb qistayvermagin.

– Seni ikki oydan beri bilamanu, lekin aslida sen haqingda hech narsa bilmayman. Oʻqisang nima boʻlardi? Osmon uzilib yerga tusharmidi?

– Shuni ayt, osmon uzilib tusharmidi? Mayli, faqat bir betini oʻqib beraman. Lekin boshqa soʻramaysan, kelishdikmi?

– Hoʻp.

– Oʻqiymanu, lekin hech kimga aytmayman deb soʻz ber, aks holda senga ishonmay qoʻyaman.

– Soʻz beraman. Nomusimni oʻrtaga qoʻyib soʻz beraman.

Fotima Bonuning koʻzlariga tikilib soʻradi:

– Nomus?! Qaysi oʻlchovga koʻra nomus?

Bonu hayron boʻlib qoldi

– Bu nima deganing? Nomus-da axir.

Fotima boshqa hech nima demay, kundaligini oʻqiy boshladi:

“Sizni judayam sogʻindim onajonim... Sizni ham dadajon, sizni ham juda sogʻindim. Koʻz oldimdan hecham ketmaysizlar. Yillab bu yorugʻ dunyoni sizlar uchun zulmatga aylantirgan edim. Endi esa oʻzimga oʻzim zulm qilyapman. Har qanday qiyinchiliklarni koʻryapman, onajon. Mayli hammasiga roziman. Lekin sizlarsiz yashay olmayman. Qaytib borishning iloji boʻlganda edi, uchib borgan boʻlar edim. Lekin endi kech...

Siz–chi dadajon. Qilgan ishlarimdan xabar topganingizdan soʻng endi faqat oxiratda yuzingizga qaray olaman. Albatta siz Jannatga, men Jahannamga ketayotganimizda bir tasoduf tufayli koʻrishib qolsak... ”

Bonu taʼsirlanib ketgan edi:

– Nimalar deyapsan?! Jahannamlik boʻladigan hech nima qilganing yoʻq-ku.

Fotima Bonuning koʻzlariga yoshli koʻzlarini tikib:

– Menga ayt-chi, Jannatiy boʻlish uchun nima ish qilyapman oʻzi? Iltimos gapimni boʻlma, oxirigacha oʻqib olay.

“Sizga bir gap aytaymi, dadajon?! Tez-tez “haqiqiy bilim oltinday boʻladi, qadri tushmaydi” der edingiz-ku, juda haq ekansiz. Bergan oltinday bilimlaringiz tufayli yomon yoʻlga kirib ketmadim. Uydan ketganimga hali unchalik koʻp boʻlmadi-ku, lekin ichim yonyapti, dadajon. Olov boʻlib alangalanib yonyapti. Bilsangiz edi, uyimizning taxta devorlarini ham sogʻindim. Derazaga bogʻlab qoʻygan boʻz lattangizni ham sogʻindim. Sizni-chi? Sizning sabr-irodangiz, qanchalik mukammal inson ekanligingizga kundan kun ishonib bormoqdaman. Endi sizni tanidim, sizni sogʻindim”.

Fotima yigʻlaganidan davomini oʻqiy olmadi, boshini stol ustiga qoʻyib:

– Endi yigʻlash navbati menga keldi, menga keldi dadajon... – deb hoʻngray boshladi.

Bonu oʻrnidan turib Fotimaga suv olib kelgach:

– Mana, suv ichib ol. Shuncha darding bor ekan-a. Agar bu yoʻl senga yoqmayotgan ekan, ortinga qaytishing mumkin, – dedi.

Fotima oʻzi sezmagan holda:

– Hamma gap shunda-da. Bularni yozayotgan boshqa Fotima. Mana bu hayotni xohlayotgan esa boshqa Fotima, – deb yubordi.

– Kim u Fotima? Sen Demet emasmisan? Tushunarli, sen ismingni oʻzgartirgan ekansan-da, – dedi ajablanib.

Fotima biroz suv ichib olgach, oshxonaga oʻtib choy qoʻyib, oʻzini tinchlantirishga urindi. Biroq Bonu yana oldiga kelib, savolllarini yogʻdira boshladi:

– Uyimizning taxta devorlarini sogʻindim, debsan, nima sizlarning dachalaringiz taxtadanmi? Derazangizda nimaga boʻz boʻlagi bor edi? Uyingizga Sharq uslubida bezak berganmidingiz?

Fotima birdan oʻziga kelib, Bonuga jahl bilan dedi:

– Boʻldi, yetar Bonu. Hadeb savol beraverma. Ichimni tirnayotgan savollar ham yetadi oʻzi menga.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (10-qism)