11:55 / 29.11.2018
4 410

Skripal ishi: sobiq josusni zaharlash kimga kerak edi?

Skripal ishi: sobiq josusni zaharlash kimga kerak edi?
2018 yil 4 mart, yakshanba kuni Buyuk Britaniyaning sokin Solsberi shahri markazidagi o‘rindiqda sobiq ittifoq va Rossiya razvvedkachisi, iste’fodagi polkovnik Sergey Skripal hamda uning 33 yoshli qizi Yuliya hushsiz holatda topildi. 1995 yilda Buyuk Britaniya foydasi uchun josuslik qilish, shu orqali davlat to‘ntarilishini sodir etganlikda ayblanib, 2006 yilda hukm qilinib, polkovnik unvonidan mahrum etilgan 67 yoshli sobiq razvedkachining zaharlanishi G‘arb mamlakatlarining Rossiya bilan munosabatlarini yanada taranglashtirib yubordi. «Skripal ishi» bo‘yicha mashmashalar, turli davlatlarning e’tiroz va munosabatlari, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar va boshqalar o‘zbek matbuotida ham e’lon qilib borildi. Ammo aksariyat hollarda ma’lumotlarning uzuq-yuluqligi yoki asosan bir tomonlama – Rossiya nuqtai nazaridan yoritilishi (zotan o‘zbek internet nashrlarining asosiy axborot manbai rus OAVlaridir) tushunasiz va mavhum tasavvurlarni hosil qildi.

Aytish mumkinki, «Skripal ishi» haqida biz ham aniq va mutlaqo haqiqat bo‘lgan ma’lumotlarni keltira olmaymiz. Chunki bu ishga aloqador bo‘lgan ikki tomon ham o‘zini haq deb hisoblaydi, buning uchun fakt va dalillarni istaganimizcha taqdim etishi mumkin. Ammo sobiq josusning zaharlanishi nima uchun bu qadar keng ko‘lamli mojarolar, sanksiyalar to‘lqinini keltirib chiqardi, bu shov-shuvlardan kim ko‘proq manfaatdor degan savollarga o‘zimizning taxminiy javoblarimizni berishimiz, eng kamida munosabatimizni bildirishimiz mumkin. Undan avval esa Skripal biografiyasi, zaharlanish voqeasining borishi va «Skripal ishi» oqibatlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Skripal kim?

Sergey Viktorovich Skripal 1951 yil 23 iyunda Kiyevda tug‘ilgan. Uzoq vaqtlar davomida u Rossiya Razvedka bosh boshqarmasida hamda bir necha yil RF TIVda ishlagan. 1999 yilda Skripal iste’foga chiqadi. Iste’fo davrida u o‘z biznesiga ega bo‘ladi – maydonlarni minasizlashtirish bilan shug‘ullanuvchi «Yuniekspl» kompaniyasining 10 foizlik ulushiga egalik qiladi. Harbiy-muhandislik ta’limini olgan Sergey Skripal maxsus portlatish ishlarini olib bordi, eskirgan qurol-aslahalar va jangovar texnikalarni utilizatsiya qilish bilan shug‘ullandi.

2004 yilda FSB Skripalni 1995 yilda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Maxfiy razvedka xizmati – MI-6 bilan hamkorlik qilish, o‘zining sobiq hamkasblari orqali maxfiy ma’lumotlarni britanlarga yetkazib turganlikda aybladi.

Rus matbuoti Skripal o‘z aybini tan olgani, 100 ming dollar gonorar evaziga Rossiya maxsus xizmatlarining 300 nafarga yaqin agenti nomini fosh qilganini tan olgani haqida yozdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u jami 20 ming maxfiy hujjatni britan maxsus xizmatlariga topshirgan. Sud uni davlat to‘ntarishida ayblab, 13 yil muddatga qamoq jazosini tayinladi. Skripal belgilangan muddatning yarmini qamoqda o‘tkazdi. 2010 yil iyulida esa Skripal hamda AQSh va Buyuk Britaniya foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan yana uch rossiyalik 2010 yil iyunida AQShda qo‘lga olingan o‘nlab Rossiya razvedkachilari bilan almashuv bo‘yicha operatsiya doirasida afv etildi. Shundan buyon u Britaniyada yashab kelmoqda. Buyuk Britaniya Skripalga nafaqa tayinladi, hayotiy muammolar tug‘ilgan taqdirda qo‘llab-quvvatlashni kafolatladi.

Sergey Skripal zaharlanishi va sanksiyalar xronologiyasi

4 mart. Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Solsberi shahridagi savdo markazlaridan birida xushsiz holatda topildi.

7 mart. Britaniyaning The Guardian nashri sobiq josus va uning qizi asabni shol qiluvchi modda bilan zaharlanganini ma’lum qildi.

12 mart. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey zaharlash uchun qo‘llanilgan modda katta ehtimol bilan Rossiyada ishlab chiqarilganini ma’lum qilib, Rossiya hukumatidan izoh berishni talab qildi.

14 mart. Rossiya tomoni Tereza Mey qo‘ygan muddatda izoh bermagani sababli Britaniya 23 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi.

28 mart. 27 mamlakat Buyuk Britaniyaga sodiqlik izhor qilib, 140 nafar Rossiya diplomatini o‘z mamlakatidan chiqarib yubordi.

9 aprel. Yuliya Skripal shifoxonadan chiqarilib, xavfsiz yerga joylashtirildi. Rossiya elchixonasi bu ishlar uning ixtiyorisiz amalga oshirilganini isbotlovchi dalillarni talab qildi.

12 aprel. Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilot Britaniya hukumati Sergey Skripal va uning qizi zaharlangan moddani to‘g‘ri aniqlaganini tasdiqladi.

18 may. Sergey Skripalning ham shifoxonadan chiqarilgani, u qo‘riqlanuvchi ishonchli joyga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

8 avgust. AQSh hukumati Skripalning zaharlanishi ortida Rossiya turganini, unga nisbatan sanksiyalar joriy etilishini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Rossiya bu ayblovlarni rad etib, uni nomaqbul va noqonuniy deb atadi.

27 avgust. Skripalga suiqasd uyushtirilgani ortidan AQShning yangi sanksiyalari kuchga kirdi. AQSh Rossiya kimyoviy qurollarni ishlab chiqarish va undan foydalanishdan voz kechishni kafolatlamasa, yanada qat’iy sanksiyalar joriy etilishini ma’lum qildi.

5 sentyabr. Britaniya bosh vaziri Tereza Mey parlamentda nutq so‘zlar ekan, Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotgan ikki rossiyalik nomini ma’lum qildi. Ular Britaniyaga Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomi bilan kirgan.

Skripalni zaharlashdan kimga foyda?

Skripal zaharlanganidan so‘ng G‘arb matbuotida deyarli har kuni voqealar rivoji, yangidan-yangi tafsilotlar e’lon qilindi va jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzularidan biriga aylandi. Aslini olganda Skripalni kim zaharlagani noma’lum. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu voqealarni tomonlar o‘z manfaatidan kelib chiqib yoritdi, o‘zicha xulosalar chiqardi. Ehtimol ularni Rossiya va G‘arb o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqishidan manfaatdor uchinchi tomon zaharlagandir. Rossiya hukumati sobiq josusni terroristlar zaharlagan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surganda, balki haqdir. Yana bir taxmin shundan iboratki, ularni Britaniya maxsus xizmatining o‘zi zaharlagan. Chunki shu bahona Rossiyaga yangidan-yangi sanksiyalar joriy etib, uni siyosiy va iqtisodiy jihatdan zaiflashtirishni, ayrim mintaqalarda kuchayib borayotgan ta’sir kuchini kesishni mo‘ljallagan bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Ukraina tashqi razvedkasining sobiq rahbari, general Nikolay Malomujning fikricha, Skripallarning zaharlanishini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan Vladimir Putinning raqiblari uyushtirgan bo‘lishi ham mumkin. Bunda avval Rossiyada yashagan kimyogarlar yordamidan foydalanilgan bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey esa sobiq razvedkachining zaharlanishida Rossiyani ayblash uchun aniq yo‘qligini ta’kidlagan holda, urg‘uni britan tashqi ishlar vaziri Boris Jonson va boshqalarning bayonotlariga qaratadi. U parlament va BMT Xavfsizlik kengashining rasmiy bayonotlarida zaharlashda qo‘llanilgan qurol «go‘yoki Rossiyada ishlab chiqilgani» ko‘rsatilganini ta’kidlab o‘tadi. «Mazkur jumla mazkur bu rus quroli, deyishdan juda farq qiladi», - deydi sobiq elchi.

Myurreyning fikricha, Skripallarga suiqasd qilishdan Britaniya harbiy-sanoat majmuasi vakillari manfaatdor bo‘lishi mumkin. Chunki bu kabi hodisalar mudofaa uchun ajratiluvchi byudjet mablag‘larining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning fikricha, bu holat yangi sovuq urushning avj olishiga xizmat qiladi.

«Britaniya mudofaa sektorida 100 ming nafarga yaqin kishi ishlaydi: 60 million aholiga ega mamlakatda bu juda kuchli va daromadli soha», - dedi sobiq elchi va konservatorlar uchun «Skripal ishi» o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun juda yengil yo‘l ekanini qo‘shimcha qildi.

Ekspertlar Skripallarni zaharlash kimga foyda ekani haqida bahs va munozaralarni davom ettirayotgan bir vaqtda Britaniyaning o‘sha sokin shaharchasi – Solsberidagi Zizzi italyan restorani bugun mijozlar bilan gavjum. Gap shundaki, Skripallar zaharlanishi ortidan hodisalar markaziga aylangan bu restoranda o‘sha kuni Sergey va Yuliya Skripallar tushlik qilishgan.

Restoran xodimining eslashicha, parkdagi o‘rindiqda Skripallar zaharlangan kuni politsiya xodimi kirib keladi va muassasani zudlik bilan yopishni buyuradi. Shunday qilib, martda yopilgan restoran shon va shuhratga ko‘milgan holda noyabrda «dunyoga qaytadan kelib», dunyoning taniqli restoranlaridan biriga aylandi. Tabiiyki, restoran egalari «Skripal ishi»dan foyda ko‘rishni boshlaganlardan biri.

Sanksiyalar Rossiyani haqiqatdan ham zaiflashtira oldimi?

Qrim anneksiyasi, Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi jangovar harakatlar, «Boing»ning urib tushirilishi va boshqa bir qator voqea-hodisalardan ortidan Rossiyaga nisbatan joriy etilayotgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga, uning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmasligi aniq. Shu bilan bir qatorda, G‘arb mamlakatlarining sanksiyalari Rossiyaning Xitoy, Eron, Turkiya, Jamol Qoshiqchi atrofidagi mojarolardan so‘ng Saudiya Arabiston kabi boshqa mamlakatlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlashi ham bor gap. Xususan, yaqinda Britaniyada chop etiluvchi Financial Times nashrida sharhlovchi Henri Foy sanksiyalar Rossiyani tashqi dunyodan izolyatsiyalab, uni zaiflashtirmadi, deb yozdi.

«Rossiya mudofaa sanoatiga qaratilgan sanksiyalardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri mamlakat uchun o‘ta muhim hisoblangan S-400 zenit-raketa tizimi eksportiga chek qo‘yishdan iborat edi. Shunga qaramasdan, Moskva dunyodagi eng ilg‘or zenit majmualaridan birini faollik bilan sotishda davom etmoqda. So‘nggi bir yilda Turkiya va Hindiston bilan sotib olish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, Xitoy esa birinchi partiyani olib ulgurdi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Qatar va Iroq bilan S-400 sotib olish to‘g‘risida muzokaralar olib bormoqda», – deyiladi maqolada.

Sanksiyalardan Rossiya qanchalik zarar ko‘rgani yoki zaiflashmagani mavzusida uzoq mulohaza yuritish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy oqibatlar to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlarni keltirish mumkin. Bu – alohida mavzu.
Sanjar SAID

Manba: Tahlil.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Skripal ishi: sobiq josusni zaharlash kimga kerak edi?