09:22 / 22.04.2019
3 005

Shri-Lankadagi 8 ta portlash sodir etildi. Hozirgacha nimalar ma’lum?

Shri-Lankadagi 8 ta portlash sodir etildi. Hozirgacha nimalar ma’lum?
Yakshanba tongida, butun dunyodagi katoliklar Pasxa bayramini nishonlashayotgan vaqtda Shri-Lankadagi mehmonxonalar va katolik cherkovlarida davomli portlashlar sodir etildi. Quyida hozirgacha bu voqea bo‘yicha nimalar ma’lumligi eslab o‘tiladi.

Barchasi qanday sodir bo‘ldi?

Foto: REUTERS
Dastlabki 6 portlash bir vaqtda sodir etildi. Teraktlar Koxchaykade, Battikaloa va Nekombo shaharlaridagi cherkovlarda, shuningdek poytaxt Kolombodagi «Shangri-La», «Sinnamon Grand» va «Kingsberi» nomli elita mehmonxonalarda ro‘y berdi. Avvaliga bir necha o‘n kishi halok bo‘lgani aytildi.

Ikki soat o‘tib Kolomboda yettinchi portlash sodir etildi - hayvonot bog‘i yaqinidagi kichik mehmonxonadagi portlash tufayli ikki nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Ko‘p o‘tmasdan sakkizinchi portlash Kolombo yaqinidagi Dematagoda shaharchasida xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirildi va bu terakt yana uch nafar politsiyachining umriga zomin bo‘ldi.


Qurbonlar

Foto: epa/vostock-photo
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, teraktlar qurbonlari soni 215 nafarga yetgan, yana 450 nafardan ortiq kishi jarohatlangan.

Shu bilan birgalikda, bu raqamlar yakuniysi emas, yuzlab kishilar og‘ir ahvolda shifoxonalarga yotqizilgan va qurbonlar soni vaqt o‘tib ortishi mumkin.

Mahalliy hukumatning rasmiy xabarlariga ko‘ra, qurbonlarning 27 nafari xorijiy fuqarolardir. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSh, Turkiya, Portugaliya, Hindiston va Niderlandiya fuqarolari bor. Xitoydagi nashrlarda esa bu teraktlar oqibatida XXR fuqarolari ham halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Ayni vaqtda Shri-Lankada komendantlik soati joriy etilgan - hozircha qachongachaligi ma’lum qilinmagan. Shuningdek, mamlakatda yirik ijtimoiy tarmoqlar va internet-messenjerlar vaqtinchalikka bloklangan.

Mamlakatdagi barcha maktablar va universitetlar yopilgan.

Portlashlarni kimlar uyushtirgan?

Hozircha hech bir guruh bu xunrezliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Ammo Shri-Lanka Mudofaa vaziri Ruvan Vidjevarande portlashlarni kim uyushtirgani hukumatga ma’lum ekanini bildirdi.

«Biz bu dahshatli teraktlar ortida turgan shaxslarning barchasini yaqin vaqtlar ichida javobgarlikka tortamiz. Ular kimligi bizga ma’lum va ularning barchasi qo‘lga olinadi», dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, portlashlarning aksar qismi terrorchi-xudkushlar tomonidan sodir etilgan. Ayni vaqtga kelib teraktlarga aloqadorlikda gumon qilinib 15 kishi qo‘lga olingan. Gumondorlarga qarshi reyd davomida Kolomboda uch nafar politsiyachi halok bo‘lgan.

IShIDning Yaqin Sharqda tor-mor etilishi ortidan bu tashkilot safida jang qilgan jangarilar Shri-Lankaga qaytishi kuzatildi va sobiq jangarilar mamlakat xavfsizligiga jiddiy tahdidga aylandi.

Shri-Lankada xristianlar - asosan katoliklar - aholining 7,6 foizini tashkil etadi. 2012 yilgi hisoblarga ko‘ra, mamlakatda istiqomat qiluvchi 22 million kishining 70 foizi buddizmga, 12,6 foizi induizmga, 9,7 foizi islom diniga, 7,6 foizi xristian diniga e’tiqod qiladi.

Orol davlatdagi xristianlarning aksar qismi g‘arbiy qirg‘oqdagi okruglarda istiqomat qiladi. Bugungi portlashlar sodir etilgan Kolombo va Negombo joylashgan g‘arbiy provinsiyalarda xristianlarning ulushi 13 foizgacha yetadi.

Bugungi portlashlardan jabrlangan Battikaloa shahri orolning sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan, bu hudud aholisining 65 foizi induistlar, 25 foizi musulmonlar, xristianlar esa 9 foiz atrofida.

Foto: REUTERS
1983-2009 yillarda Shri-Lankada markaziy hukumat va «Ozod Tamil yo‘lbarslari» guruhi o‘rtasida fuqarolik urushi bo‘lib o‘tgan. Bu guruh oroldagi etnik guruhlarning eng yirigi (11 foiz) bo‘lmish tamillar tomonidan tuzilgan bo‘lib, ular o‘zlari mustaqil davlatga ega bo‘lishni istashadi.

«Tamil yo‘lbarslari» ko‘p yillar davomida asosiy aholisi musulmon diniga e’tiqod qiladigan tumanlarda nazorat o‘rnatgan. Fuqarolik urushi vaqtida musulmonlar qatag‘onga uchragan, urush hukumat kuchlari g‘alabasi bilan yakunlangan.

2014 yilda Shri-Lankadagi musulmonlar jamiyati rahbarlari hukumatni mamlakatdagi musulmonlar xalqaro guruhlar ta’sirida radikallashayotganidan ogohlantirgandi. 2016 yilda Shri-Lanka Adliya vaziri musulmon oilalar farzandlari bo‘lgan 32 yigit IShID a’zosiga aylangani haqida ma’lumot tarqatgan.

Keyinroq orolda IShID ta’siridagi kuchlar harakati faollashdi. Shu yilning yanvarida sharqiy qirg‘oqdagi qishloqlardan birida jangarilar mashg‘ulot o‘tkazadigan lager aniqlandi. Bu lagerda tayyorlangan jangarilar Anuradxapur shahridagi buddistik obidalarni portlatishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, shu oy boshida, 10 kun muqaddam Shri-Lanka politsiyasi boshlig‘i xorij razvedkasi tomonidan ehtimoliy teraktlar haqida ogohlantirilgandi.

Dunyoda ushbu teraktga qanday munosabat bildirilmoqda?
Butun dunyodagi siyosatchilari Shri-Lankadagi fojiaga e’tibor qaratishdi va mamlakat aholisiga hamdardlik so‘zlarini bildirib o‘tishdi. Hindiston prezidenti va bosh vaziri, Avstraliya bosh vaziri birinchilardan bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Shri-Lanka prezidenti Maytripale Sirisenega ta’ziya bildirib telegramma yo‘lladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shri-Lankada yuz bergan portlashlar oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakat prezidenti Maytripala Sirisenaga hamdardlik bildirdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ta’ziyanomasida terrorchilik aktini qattiq qoralab, Qo‘shma shtatlar Shri-Lankaga yordam berishga tayyorligi haqida ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham o‘z telegrammasida ushbu fojiadan qattiq qayg‘uda ekanini bildirib, Rossiya xalqaro terrorizm tahdidiga qarshi kurashda Shri-Lankaning ishonchli hamkori bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «turklar shri-lankaliklar bilan hamdard» ekanini bildirib, bu teraktlarni «insoniyatga qarshi qaratilgan xunrezliklar» sifatida baholadi.

Rim papasi Fransisk Vatikandagi Pasxa marosimi vaqtida Shri-Lankadagi portlashlarni «shafqatsiz zo‘ravonlik» sifatida qoraladi.
Yevroparlament rahbari Antonio Tayani ushbu hodisani xristianlarga qarshi genotsid sifatida baholadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shri-Lankadagi 8 ta portlash sodir etildi. Hozirgacha nimalar ma’lum?