date
views 12 651

Dunyodagi eng qimmat dorivor gul

Dunyodagi eng qimmat dorivor gul
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yili Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar qatorida 2017-2019 yillarda o‘rmon fondi yerlari va fermer xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish loyihasini ilgari surgan edi. Unga asosan, bosqichma-bosqich ravishda Respublikamizning 23 ta tumanida 50 gektardan qimmatbaho za’faron o‘simligini yetishtirish, uning gulbarglari, shirasi va ziravorini qayta ishlash, piyozini ko‘paytirishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizning turli viloyatlarida ushbu zirovorni yetishtirish ishlari boshlab yuborildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yili mamlakatimizda ilk bor za’faron hosili yig‘ishtirib olingan. Mazkur o‘simlikning xususiyatlari, za’faron yetishtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar to‘g‘risida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Shifobaxsh dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi qoshidagi «Shafran» ilmiy tadqiqot markazi rahbari, biologiya fanlari doktori, professor Boboqul To‘xtayev bilan suhbatlashdik.

Bir kilo gul 15 ming AQSh dollari turadi
— Gulsafsardoshlar oilasiga mansub za’faron dunyodagi eng qimmat dorivor o‘simliklar sirasiga kiradi, — deydi Boboqul To‘xtayev. — Bugungi kunda uning 1 kilogrammi jahon bozoridagi sifatiga qarab, 400 AQSh dollaridan 15 000 AQSh dollargacha baholanadi. Mazkur o‘simlik, asosan, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.
Yurtimizda ushbu o‘simlikni ko‘paytirish va plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog‘i olimlari tomonidan olib borilgan.

Natijada rivojlangan mamlakatlarda farmatsevtika, kosmetologiya, xalq tabobati, hatto pazandalikda keng foydalaniladigan za’faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to‘liq mos ekani, Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida, bog‘ va tokzorlar qator oralarida, o‘rmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjudligi isbotlandi.

Bir yilda 11 kilogramm hosil yetishtirildi
Prezidentimiz tashabbusidan so‘ng zudlik bilan mazkur o‘simlik plantatsiyalarini yaratishga kirishdik. «Shafran» ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilib, «Brand Investment Group» MChJ tadbirkorlar guruhi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2017 yilda Gollandiyadan 36 tonna za’faron piyozlari olib kelinib, belgilangan maydonlarga ekildi. Piyozlar mamlakatimizning uchta mintaqasi — Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 10 gektar, Andijon viloyatining Izboskan tumanida 5 gektar, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 22,5, jami 37,5 gektar maydonga qatorasiga ekildi. Shu o‘rinda za’faronni qatorasiga, egat olib ekish usuli birinchi marta O‘zbekistonda sinab ko‘rilganini ham ta’kidlash lozim. Bu xomashyoning sanoat darajasida yetishtirilishiga ko‘maklashadi.

Birinchi vegetatsiya yilida har gektardan 300 grammdan, jami 11 kilogrammdan ko‘proq xomashyo olindi. Bunga ajablanishning hojati yo‘q. O‘simlik xususiyatiga ko‘ra, bir gektar plantatsiyadan birinchi yili o‘rtacha 250, 300 gramm hosil beradi. Keyinroq hosildorlik 7-8, 15-16 kilogrammgacha ko‘payadi. Hatto za’faronning vatani hisoblangan mamlakatlarda ham gektaridan uch kilogacha mahsulot yetishtiriladi, xolos.

Piyozini ham o‘zimiz yetishtiryapmiz
Prezidentimiz za’faron piyozlarini ham mamlakatimizda yetishtirish bo‘yicha aniq topshiriqlarni belgilab bergan edi. Shu bois hozirda yangidan tashkil etilayotgan plantatsiyalarga xorijdan piyozlar olib kelinayotgani yo‘q. 2018 yilda Qashqadaryo viloyatidagi 10 gektar, Andijonda 5 gektar za’faronning birinchi vegetatsiya yilidan so‘ng ko‘paygan piyozlari kovlanib, respublikamizdagi o‘n uchta o‘rmon xo‘jaligida yangi plantatsiyalar yaratildi. Jumladan, Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridagi o‘rmon ho‘jaliklari hududida 27 yarim gektar qo‘shimcha plantatsiya tashkil etildi.

Fermerlar ham tashabbusni qo‘llamoqda
O‘tgan yili ilmiy tadqiqot markazimizga xususiy tadbirkorlar va fermerlar tomonidan za’faron yetishtirishda ko‘maklashish yuzasidan ilk takliflar kelib tusha boshladi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida uch nafar tadbirkor va fermer tomonidan 5 gektar maydonda za’faron plantatsiyasi tashkil etildi. Joriy yilda kovlab olinishi rejalashtirilayotgan 125 tonna za’faron piyozining 100 tonnasi o‘rmon xo‘jaliklari tarkibida plantatsiya tashkil qilishga yo‘naltirilsa, qolgani fermer xo‘jaliklari hududiga ekiladi.

Ibn Sino za’faron haqida
Xalq tabobatida za’faron o‘nlab xastaliklarni davolashda ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino za’faron ichish rangni chiroyli, ko‘zni ravshan, yurakni quvvatli, nafas a’zolarini sog‘lom qilishini yozib qoldirgan.

Hozirgi kunda ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq bo‘yoq beruvchi krotsin, 2,7 foiz yog‘, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo‘lib, ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. O‘simlik o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yorqin rang va ta’m berishi bois turli taomlarga qo‘shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za’faron qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo‘qotmaydi.

Yurtimizda yana qanday dorivor o‘simliklar yetishtiriladi?
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi tashabbusi olimlarni yanada rag‘batlantirdi. Ilmiy tadqiqotlarimiz doirasida iqlim sharoitimizga mos shifobaxsh va oziq-ovqat tarmog‘ida ishlatiladigan sano o‘ti, dorivor valeriana, bo‘yoqdor ro‘yan, dorivor lavanda, tukli erva, dorivor rozmarin va ikki bo‘lakli ginkgo kabi o‘simliklar aniqlandi. Kelajakda import o‘rnini bosuvchi, eksportbop bu turlarni ham mamlakatimizda ko‘paytirish, dastlabki plantatsiyalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Mazkur loyihaning ishga tushishi za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni ko‘paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Suhbatni “Mahalla ” gazetasi muxbiri Ulug‘bek Ibodinov yozib oldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi eng qimmat dorivor gul