
Ilgari Gruziyaga “korrupsiya”, “haddidan oshib ketgan militsiya” so‘zlarining sinonimi sifatida qaralgan. Bu mamlakatda jinoiy dunyoning bir qismi politsiyaga sizib kirgan, politsiyaning o‘zi esa professional kriminal guruhlar, korrupsiyalashib ketgan hokimiyat amaldorlari va siyosatchilar bilan birlashib ketgan edi.
U zamonlar politsiya va kriminal shaxslarni ajratib ko‘rsatish qiyin, poraxo‘r amaldorlar ustidan shikoyat qilish befoyda edi. Aholi himoyani politsiyadan emas, kriminal shaxslardan izlagan. Gruziyada politsiyaga ishonch darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan – 2003 yilda 5 foiz.
Ichki ishlar vazirligini isloh qilish natijasida politsiyaga ishonch 87 foizga ko‘tarildi (2010 yil), bu Yevropadagidan ham yuqori ko‘rsatkichdir. Politsiya endi pora olmaydi, unga murojaatlar soni 15-20 barobar oshdi.
Mudhish jinoyatlar soni kamaydi, chunki jinoyatlarni ro‘yxatga olish (registratsiya) muqarrar qilib qo‘yildi, endilikda politsiyaning har qanday chiqishi jinoyatni taftish qilishga chiqish sifatida qaraladigan bo‘ldi. Gruziyada odamlarni boshqa olib qochmaydigan (ilgari bu organ xodimlarining sevimli biznesi bo‘lgan), mashinalarni o‘g‘irlab ketmaydigan, mobil telefonlarni o‘marmaydigan bo‘lishdi.
Politsiya shunchaki davlat instituti emas, balki odamlarga ularning muammolarini hal qilishda yordam beradigan bir servis-xizmatga aylandi. Qarashlar o‘zgardi va odamlar shuni angladiki, endilikda politsiya jamiyat ustidan hukmronlik qiluvchi kuch emas, balki uning tarkibiy qismidir.
Bu islohotni kim va qanday amalga oshirdi?
Bir narsani yaxshi tushinish kerak, Gruziya mo‘’jizasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani, “osmondan tushgani” yo‘q. 2003 yilda boshlangan fantastik gruzincha islohotlarning ildizi 1990-yillar boshiga borib taqaladi. Sovet respublikalarining ichida eng boyi bo‘lgan Gruziya oz fursat ichida kambag‘al va qoloq davlatga aylandi.
Gruziya iqtisodi amalda to‘xtab qoldi – YaIM tushishi sur’ati bo‘yicha Gruziya Tojikiston bilan “raqobat qilgan”, 1990-yillar o‘rtalariga kelib esa mahsulot ishlab chiqarish 1960 yil darajasigacha tushib ketdi. Infratuzilma xarob ahvolga kelib qoldi. Vaziyat doimiy fuqarolik va millatlararo urushlar bilan tobora murakkablashib bordiki, buning oqibatida mamlakat o‘z hududining 20 foizini yo‘qotdi.
Gruziyaliklar vaziyatdan chiqish yo‘lini axtara boshladi. Yo‘lki, Gruziyani faqatgina eng radikal (yumshoq o‘qilsin) va qat’iyatli islohotlar bilan “da’volaydigan” yo‘l. Gruzin xalqi bu yo‘lni boshlab beradigan bir xaloskor kelishini kutib yashadi va bu Mixail Saakashvilli bo‘ldi.
Misha (xalq uni sevib shunday atagan) hokimiyatni o‘zi olib kelgan yosh maslakdoshlariga tayanib boshqardi. Boshida ularning soni 10 edi, keyin 50 nafar bo‘ldi – zamonaviy, yevropacha fikrlaydigan, 25-35 yoshlar atrofidagi (eng qarisi – Ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili 1968 yil tug‘ilgan).
Ko‘pchiligi asosan siyosiy va iqtisodiy ta’limga ega bo‘lgan, G‘arbda o‘qigan yoshlar, yevropacha andozadagi yangi Gruziyani quraman degan eng zo‘r menejerlar edi.
Gruzin islohotchilarining bosh maqsadi – amaldorlik rolini keskin pasaytirish, eski amaldorlar apparatini butunlay almashtirish, yosh kadrlarga tayanish, iqtisodiyotni davlat tasarrufidan chiqarish, uni maksimal liberallashtirish, deyarli cheksiz xususiylashtirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi qattiq kurash.
Hamma, u kim bo‘lishidan qat’i nazar (islohotchilar jamoasining a’zosi bo‘lgan vazirmi, amaldor va politsiyachimi, futbol va estrada yulduzimi, oddiy fuqaromi), qonun oldida teng bo‘lishi, qonun esa so‘zsiz ijro etilishi shart bo‘lgan!
(Bu mavzuning debochasi, keyingi to‘liq shaklini uzoq kuttirmasdan e’lon qilishga harakat qilamiz. Davomida politsiyani isloh qilishda konkret nimalar amalga oshirilgani beriladi).
Margarita Filippova
Maqola Ildizuz'da o‘zbek tiliga o‘girildi
Gruziya IslohotlariPolitsiya IshonchKorrupsiya KamayishiJinoyatlar Ro‘yxatiJamiyatda O‘zgarishYosh Iqtisodchilar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar