07:58 / 07.01.2020
4 571

Yaqin Sharqda yana bir urush o‘chog‘i paydo bo‘ladimi?

Yaqin Sharqda yana bir urush o‘chog‘i paydo bo‘ladimi?
Ayni paytda butun dunyo Eron va AQSH o‘rtasidagi taranglikni xavotir bilan kuzatib turibdi. Jahon afkor ommasi shundoq ham porox bochkasiga o‘xshaydigan Yaqin Sharqda yana bir urush o‘chog‘ining paydo bo‘lishini istamaydi, albatta. Isroil va Falastin muammosiga qariyb yetmish yildan beri yechim topilgani yo‘q, Iroq, Suriya va Yamanning ahvoli ham hammaga ma’lum, Katar esa boshqa arab davlatlari tomonidan yakkalab qo‘yilgan. Endi Eronda ham urush boshlangudek bo‘lsa, “porox bochkasi” portlab ketishi mumkin.

Trampning qaltis qarori
3 yanvarga o‘tar kechasi Iroq poytaxti Bag‘dodda amalga oshirilgan aviahujumda eronlik general, 62 yoshli Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Oradan hech qancha o‘tmay, suiqasdning ortida AQSH turgani va generalni o‘ldirishga shaxsan prezident Donald Tramp buyruq bergani ma’lum bo‘ldi.

Trampning bu buyrug‘i juda qaltis bo‘ldi. Zero, o‘ldirilgan odam shuncha oddiy harbiy xizmatchi emas, Eronning eng nufuzli shaxslaridan biri edi. Ammo AQSH va G‘arb mamlakatlari uni terrorchi deb hisoblab, «Al-Qoida» va ISHID yetakchilari bilan bir qatorda ko‘rgan.

Sulaymoniyning nufuzi shunchalik kuchli ediki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatning oliy rahbariga hisob berar va Ali Hamanaining o‘ng qo‘li, ya’ni mamlakatdagi ikkinchi qudratli shaxs edi. U qariyb chorak asr (1997-2020) davomida Eron inqilob posbonlari korpusining chet ellarda operatsiyalar o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi «Quds» maxsus bo‘linmasiga boshchilik qildi. General Sulaymoniy oxirgi yigirma yilda Iroq, Suriya, Livan, Falastin, Afg‘onistonda yuz bergan hodisalarga u yoki bu darajada aloqador bo‘lgan. Bir qator mamlakatlarga, jumladan, Suriyaga shia jangchilarini jo‘natgan.

CNN xabariga qaraganda, Qosim Sulaymoniy Iroqqa diplomatik pasport bilan kirgan. Agar mazkur ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, generalning o‘ldirilishi AQSH tomonidan 1961 yilda qabul qilingan diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining qo‘pol buzilishi hisoblanadi.

Sulaymoniyning o‘ldirilishini amerikalik siyosatchilar ham qoraladi. Demokratik partiya vakili, prezidentlikka da’vogar Elizabet Uorren “garchand general Sulaymoniy qotil bo‘lsa-da, uning o‘ldirilishi o‘ylanmay tashlangan qadam” bo‘lganini ta’kidladi. Sobiq vitse-prezident Jozef Bayden esa eronlik generalni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyani “o‘ta taranglik keltirib chiqaruvchi” deb atadi. “Prezident Tramp porox bochkasiga dinamit tashladi. Endi u amerikaliklarga qo‘shinlarimiz va elchixonalarimiz xodimlarini, odamlarimiz va manfaatlarimizni, mintaqadagi va uning tashqarisidagi hamkorlarimizni himoyalash uchun nima qilmoqchi ekanini tushuntirib berishi kerak”, – dedi u.

Bundan tashqari, o‘tgan haftaning oxirida AQSHning bir qator shaharlarida general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi va Eron bilan ehtimoliy urushga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Iroq rahbariyati ham AQSHning Bag‘doddagi maxsus operatsiyasidan mamnun emas. Xususan, Milliy xavfsizlik kengashi operatsiyani qoraladi va uni Iroq suverenitetiga hurmatsizlik deb baholadi. Yakshanba kuni esa Iroq parlamenti xorijiy davlatlar, xususan, AQSH qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qildi. Hukumat katta ehtimol bilan bu qarorning bajarilishi uchun ishga kirishadi, chunki bu taklif muvaqqat bosh vazir Odil Abdulmahdiylning o‘zidan chiqqan. Albatta, besh mingdan ortiq amerikalik harbiy qurol-yarog‘iyu texnikasi bilan birga bir necha kun ichida Iroqni tark eta olmaydi, buning uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Tehron qasos olishga qasam ichyapti
General Sulaymoniyning o‘ldirilishi olov olay deb turgan AQSH – Eron munosabatlariga benzin sepgandek bo‘ldi. Eron rahbariyati generalning o‘limi uchun o‘ch olishga qasam ichmoqda. Tramp esa mabodo Tehron tomonidan Amerika fuqarolari va ob’ektlariga hujum uyushtirilsa, Erondagi 52 ta ob’ektga zarba berilishini ma’lum qildi. Xullas, ikki tomon ham bir-biriga tish qayrab turibdi.

Garchand prezident Tramp general Sulaymoniy urush boshlash uchun emas, balki uni to‘xtatish uchun o‘ldirilganini aytgan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik yangi bosqichga o‘tgani aniq. Tehronning bu suiqasdni javobsiz qoldirmasligiga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ham ishonyapti. “Yuqori martabali qo‘mondonning o‘ldirilishi javobsiz qolmasa kerak deb o‘ylayman”, – dedi u.

Inqilob posbonlari korpusi generali G‘ulomali Abuhamza Eron AQSHdan o‘ch olish uchun 35 ta harbiy nishonni belgilab qo‘yganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy kemalariga ham hujum uyushtirilishi ehtimoli bor.

Biroq Fors ko‘rfazida AQSHning yirik harbiy kuchi yig‘ilganini e’tiborga olsak, Eron AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga borishdan tiyiladi.

Eronning o‘ch olishi aniq. Lekin bu qachon va qay yo‘sinda amalga oshirilishi noma’lum. Milliy xavfsizlik oliy kengashi juma kuni o‘tkazgan shoshilinch yig‘ilishida aytilganidek, AQSHdan “zarur vaqtda va zarur joyda” qasos olinadi.

Ubaydulloh Adhamov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaqin Sharqda yana bir urush o‘chog‘i paydo bo‘ladimi?