date
views 2 400

Dunyodagi vaziyat: Yevropa Italiyadan uzr so‘radi, Tramp karantindan chiqishga shoshilmoqda

Dunyodagi vaziyat: Yevropa Italiyadan uzr so‘radi, Tramp karantindan chiqishga shoshilmoqda
Dominik Raab / AFP
Britaniya hukumati payshanba kuni koronavirus tufayli karantin choralarini yana kamida uch haftaga uzaytirdi, bu haqda Tashqi ishlar vaziri, hukumatni vaqtincha boshqarib turgan Dominik Raab brifing chog‘ida e’lon qildi.

Britaniyada 26 martda joriy etilgan karantin hozircha may oyi boshiga qadar davom etishi aniq, ammo hukumat virus tarqalishi to‘xtasagina choralarni bekor qilishi mumkin.

So‘nggi bir kunda Britaniyadagi shifoxonalarda yana 861 kishi koronavirus qurboniga aylangan. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda koronavirusdan halok bo‘lganlar soni 13728 nafarni tashkil qilmoqda.
«Biz hali virus tarqalishi tezligini yetarli darajaga tushira olmadik», degan Raab.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda karantinni bekor qilish kasallanish holatlari soni keskin ortishiga olib keladi.
U Britaniya hukumati karantinni bekor qilishda bir qator mezonlarga rioya qilishini bildirdi.

Bu kriteriyalar - birinchi navbatda, yangi zararlanish holatlari soni va o‘limlar soni barqaror ravishda kamayishi, shifoxonalarga yuklamalar kamayishi ta’minlanishi bilan bog‘liq.

Mart oyi oxiridan Birlashgan qirollikning aksar aholisi jamoat joylarida guruh bo‘lib to‘planish taqiqlangan holatda yashay boshladi. Istisnolar faqat muhim ish faoliyati bilan band bo‘lganlar uchun qo‘llanadi.

Uydan chiqish taqiqlanmagan - faqat bunga sabab bo‘lishi kerak, sabablar ro‘yxati keng. Bular qatorida ko‘chada yugurishga va boshqa jismoniy mashqlarni bajarishga chiqish, shuningdek, xaridga, dafn marosimiga yoki sudga, qon topshirishga va yana bir qator sabablar bor.

Yevropadagi vaziyat
Fransiya yana 1438 kishi koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi - bu epidemiya boshlanganidan buyon kunlik o‘lim bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ammo, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu raqam Pasxa bayrami kunlarida qariyalar uylarida qayd etilgan o‘limlarni ham o‘z ichiga oladi.

Nima bo‘lganda ham, Fransiyadagi vaziyat juda jiddiyligicha qolmoqda. Fransuz armiyasining «Sharl de Goll» nomli aviatashuvchisi bortida ham Covid-19 tarqalgan. Qariyb 700 nafar dengizchida virus aniqlangan, ulardan 20 nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Mamlakatda avvalroq qat’iy karantin choralari 11 mayga qadar uzaytirilgandi, ko‘p ehtimol bilan bu muddat yana uzayadi.

Buyuk Britaniyada qayd etilayotgan har 10 o‘limdan 9tasida bemorlar sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lishgan
GETTY IMAGES

Juma kuni Serbiyada ham qat’iy karantin choralari kuchga kirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunday choralar 84 soatga kiritilgan. Shu tariqa, mamlakat hukumati Pasxa kunlari davrida koronavirus keng tarqalishining oldini olmoqchi.

So‘nggi bir kunda Rossiyaning 78 regionida jami 3 448 kishida koronavirus infeksiyasidan zararlanish holati aniqlandi. Bu epidemiya boshlanganidan buyon eng ko‘p kunlik o‘sish ko‘rsatkichidir. Payshanba kuni holatiga ko‘ra, mamlakatda 84 regionda jami 27 938ta zararlanish holati qayd etilgan, 34 bemor vafot etgan.

Lixneshteyn hukumati biometrik bilaguzuklar tizimini joriy etdi, u koronavirus alomatlari haqida signal beradi - tana harorati ko‘tarilishi, nafas olishda qiynalish va yurak urishi o‘zgarishi.

Bilaguzuk yuborgan ma’lumotlar Shveysariyadagi laboratoriyada qayta ishlanadi, shundan so‘ng uning egasi va u bilan aloqada bo‘lganlar Covid-19 uchun test topshirishi mumkin.

Payshanba kuni bunday qurilmalar knyazlik fuqarolaridan har yigirmanchisiga taqdim etildi, kuzgacha mamlakat fuqarolarining barchasi shunday bilaguzuklarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

16 aprel holatiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari 2,16 milliondan oshdi, qurbonlar soni 144 mingdan ortiqni tashkil etmoqda, 546 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.

Yevropaning boshqa qismida bo‘shashish
Shu bilan birgalikda, Yevropaning bir qator davlatlari karantin choralarini bekor qilishni boshlagan. Hafta boshida Ispaniyada bir qancha zavodlar va korxonalar faoliyati tiklandi hamda millionlab ishchilar o‘z ish joylariga qaytishdi. Yevropa Ittifoqi esa bu qaror uchun mamlakat hukumatini tanqid qilgan va mamlakatda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Barselona meri Ada Kolau / GETTY IMAGES
Ispaniyada bolalar hamon uydan chiqishi taqiqlanadi. Bunday qat’iy chora Yevropaning biror davlatida qo‘llanmagan. Barselona meri Ada Kolau feysbukdagi sahifasida «Ispaniya bolalarini ozod qiling» sarlavhali post qoldirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z farzandlari va mamlakatdagi barcha bolalarning ruhiy holati o‘zgarishidan tashvishda. Kolauning hisoblashicha, ushbu karantin chorasini zudlik bilan yumshatish darkor.

Yevropa Ittifoqi Italiyadan epidemiya boshlangan vaqtda ushbu mamlakatga yetarlicha yordam ko‘rsatmagani uchun uzr so‘radi. Italiya Covid-19dan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatdir, shu vaqtgacha bu yerda 21 500 odam virusga chalinish oqibatida halok bo‘ldi. Zararlanishlar soni bo‘yicha esa Ispaniya (165 155) Italiyani (182 816) ortda qoldirgan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen YEI o‘z vaqtida Italiyaga yordam qo‘lini cho‘zmaganini tan olib, o‘sha vaqtga hech kim bunday vaziyatga tayyor bo‘lmaganini aytib o‘tgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel keyingi haftadan mamlakatda cheklangan miqdorda do‘konlar ochilishini ma’lum qildi.
Merkel xonimning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda epidemiyaga qarshi kurashda «muvaqqat muvaffaqiyatga erishilgan». Germaniyada o‘lim darajasi nisbatan past - 135 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgani holda 3 804 o‘lim qayd etilgan.

JSSTning Yevropa bo‘limi payshanba kuni qator davlatlarda ijobiy dinamika kuzatilayotganiga qaramay qit’ada umumiy vaziyat yomonlashishda davom etayotganini ta’kidladi va mamlakatlarni karantin choralarini barvaqt yumshatmaslikka chaqirdi.

Amerikalik milliarder va filantrop Bill Geytsning The Gates Foundation fondi pandemiyaga qarshi kurashga qo‘shimcha vositalar ajratdi. Fond butun dunyo bo‘ylab qator loyihalarni, jumladan Covid-19ga qarshi vaksina yaratishni moliyalashtirmoqda.

AQSHdagi vaziyat
Payshanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning ayrim shtatlarida karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishi rejasi haqida e’lon qildi.
Tramp iqtisodiy manfaatlarni hisobga olgan holda karantin choralari tezroq bekor qilinishi tarafdori hisoblanadi.

Nyu-Yorkning Bronks tumanida tibbiy niqobsiz odamni uchratish qiyin. AQSH zararlanish, o‘lim va ishsizlik bo‘yicha rekordlarni yangilamoqda EPA
Epidemiya boshlanganidan buyon ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qilgan amerikaliklar soni 21 million nafardan oshdi. Bu AQSH tarixida ishsizlik darajasi bo‘yicha bemisl ko‘rsatkichdir.

Ayni vaqtda mamlakat Covid-19 dan zararlanish va o‘lim holatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda. Ayni vaqtgacha AQSHda koronavirusdan zararlanish holatlari 670 mingdan, qurbonlar soni 34 mingdan oshgan.

Trampning fikricha, mamlakat virus tarqalishining avj olish nuqtasidan o‘tib bo‘lgan, ammo qator shtatlar gubernatorlari karantin choralarini bekor qilishga hali vaqtli deb hisoblashmoqda va prezidentga u mahalliy hukumatlar qarorlarini bekor qilishga haqli emasligini eslatishmoqda. Tramp avvalroq AQSH prezidenti mutlaq hokimiyatga egaligini aytgan, ammo keyinroq gubernatorlarning qarorlarini bekor qila olmasligini tan olib, ularni bahamjihat ishlashga chaqirgandi.

U yirik korxonalar va sanoatchilar bilan muzokaralar o‘tkazgani, ulardan o‘z xodimlarini ish vaqtida zarur himoya vositalari bilan ta’minlashi hamda ular orasida yetarli miqdorda testlar o‘tkazilishini ta’minlashni so‘ragan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: Yevropa Italiyadan uzr so‘radi, Tramp karantindan chiqishga shoshilmoqda