20:36 / 25.04.2020
3 187

Olimlar COVID-19’ga qarshi kurashning 4 xil strategiyasini belgilab berdi

Olimlar COVID-19’ga qarshi kurashning 4 xil strategiyasini belgilab berdi
Foto: Forbes
Amerikalik olimlar COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashda foydalanish mumkin bo‘lgan strategiyalar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, ular orasida 4 xil davolash uslubini tanlab oldi. Ushbu tajribalarning natijalari Frontiers in Microbiology nashrida e’lon qilindi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali dori vositasi hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Yuz minglab tadqiqotchi va olimlar dori ishlab chiqish, vaksina yaratish va kasallikni aniqlash testlarini takomillashtirish ustida bosh qotirmoqda. Ushbu tadqiqotlar haqidagi ma’lumotlar turli ilmiy nashrlarda chop etilmoqda.

Chapel-Xilldagi AQSHning Shimoliy Karolina universitetida Google Scholar ma’lumotlar bazasidagi COVID-19’ga bag‘ishlangan 1650 ta maqola, shuningdek, ClinicalTrials.gov reyestridagi 460 ta klinik tadqiqot tahlil qilindi.

Universitet olimlari mazkur tadqiqotlarning aksar qismi boshlang‘ich bosqichda bo‘lib, maqolalardagi ma’lumotlar ham hali taxmin ekanligiga qaramay, ular orasidan eng samarali bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrimlarini tanlab olgan.
Ular tanlab olgan universal uslub nafaqat SARS-CoV-2, balki boshqa xavfli viruslarni davolashda ham qo‘llanilishi mumkin.

«Koronaviruslar insoniyat va dunyo iqtisodiyoti chinakamiga xavf sola boshladi. Dastlab SARS-CoV-2 virusiga qarshi kurash yo‘llarini ko‘rib chiqishimiz, so‘ngra kelajakda boshqa yuqori xavf tug‘diruvchi viruslar bilan kurashish lozim», — deydi noshirlik uyi rahbari, epidemiologiya sohasidagi yetakchi olim va mikrobiologiya hamda immunologiya professori Ralf Barik.

«Kasallikni dunyo miqyosida davolashga e’tibor qaratgan holda SARS-CoV-2 va u bilan bog‘liq koronaviruslar hujumi yo‘nalishlarini o‘rgandik, xususan, SARS va MERS koronaviruslari vaksinasining klinik tadqiqotlarigacha va ulardan keyingi jarayonni tahlil qildik», – degan olim.

COVID-19’ga qarshi kurashdagi birinchi va nisbatan samarali strategiya sifatida olimlar virusning odam organizmidagi hujayralar bilan bog‘lovchi S-hujayralariga qaratilgan vaksina ishlab chiqishni qayd etgan. An’anaviy tirik inaktivatsiya qilingan vaksinalardan tashqari, DNK/RNK asosidagi, nanobirliklari va virus tashuvchilari asosidagi vaksinalar samara berishi mumkinligi aytilgan. Ammo ularni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga bir necha yil ketishi sababli parallel ravishda boshqa strategiyalar ham ishlatilishi kerakligi ta’kidlangan.

Ikkinchi usul — virusga qarshi keng miqyosda foydalaniladigan preparatlarni qo‘llash, ular virus RNK genomiga ta’sir ko‘rsatib ko‘payish jarayonini to‘xtatadi. Biroq koronaviruslar bunga muvofiqlashuvchi fermentga ega ekani inobatga olinsa, aksariyat preparatlar to‘g‘ri ishlamasligi mumkin. Bu yerda ham uzoq davom etuvchi klinik sinovlar o‘tkazilishi talab qilinadi.

Uchinchi usul — kasallikdan tuzalgan bemorlar qoni plazmasini boshqa kasallarga quyish yoki biotexnologiyalar vositasida monoklonal antitanalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Monoklonal antitanalar ishlab chiqish variant ham uzoq vaqt hamda moliyaviy xarajatlar talab qiladi, shuningdek, bu kabi passiv immunizatsiya bemorga qisqa vaqt uchun immunitet berishi mumkin.

Vaksina yaratilmagan hozirgi sharoitda olimlar eng yaxshi usul sifatida gen terapiyasini keltirgan, bu adenoassotsiatsiyalashgan virus (AAV) orqali amalga oshiriladi. Bu orqali tezda antitana, immunoagezinlar, yuqori nafas yo‘llarida virusga qarshi peptidlar va immunomodulyatorlar yetkazib berishni tezlashtirib, qisqa muddatda organizm himoyasi ta’minlanadi.

Bunda hujayralar almashinuvi yuqori bo‘lgani uchun zaharlanish ehtimoli kam. Shuning uchun ham bu kabi usullar ishlab chiqilishi, moslashtirilishi va bir oy ichida tatbiq qilinishi mumkin, deb hisoblaydi olimlar.

«AAV asosidagi passiv immunizatsiyadan koronavirusni tez davolashda foydalanish mumkin. Strategiya sodda va ikkita komponentga ega: virus vektori va antitana. Odamlarni davolashda AAV’ning aksariyat vektorlari xavfsiz. Nazariy jihatdan bir martalik doza himoya reaksiyasini bir haftadan bir yilgacha chaqirishi mumkin», — deydi maqola muallifi Lon Pin Se.

Mualliflar gen terapiyasi qimmat usul ekanini yashirmagan, lekin bunga yetarlicha talab bo‘lsa, ushbu masala ham bosqichma-bosqich hal bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar COVID-19’ga qarshi kurashning 4 xil strategiyasini belgilab berdi