
Foto: Getty Images
Dunyoda bugungi siyosiy holat Ikkinchi jahon urushidan so‘ng shakllangan desak, bo‘rttirish bo‘lmaydi.
Yevropada natsistlar ustidan qozonilgan g‘alaba hali hammasi emas, hali Yaponiyada ham g‘alaba qilish kerak edi, ammo aynan 9 maydagi g‘alaba dunyo siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirdi. Urushdan so‘ng AQSH dunyodagi yetakchi harbiy superderjavaga aylandi, shuningdek, yadro quroli yaratish bo‘yicha ham Rossiyani ortda qoldirdi. Bu esa strategik jihatdan eng qudratli bo‘lish uchun hal qiluvchi omil edi.
Ko‘p o‘tmay SSSR ham o‘z atom bombasiga ega bo‘ldi. Imperiyaning Sharqiy Yevropada nazorat o‘rnatishga intilishi keyinchalik dunyo siyosatida mojarolar kam bo‘lishiga umid qilmasa ham bo‘lishini anglatardi. Keyinchalik Shimoliy Atlantika harbiy alyansi NATO paydo bo‘ldi va bir qarashda AQSH hamda G‘arbiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi harbiy, diplomatik aloqalar iziga tushgandek ko‘rindi. Tarixchi Enn Epplbaum VVS nashriga bergan intervyusida urushdan keyin o‘ziga xos «G‘arb» tushunchasi paydo bo‘lgani, bu nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaradosh, balki qadriyatlar bilan bog‘langan ittifoqlarni birlashtirganini qayd etdi.
Yana bir tarixchi Maykl Klarkning aytishicha, dunyoda nafaqat NATOning tuzilish kabi katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, balki butun boshli yangi tizim yuzaga keldi: «Urushgacha bo‘lgan davrdan deyarli hech narsa qolmadi. «Urushdan keyingi xarobalarda global miqyosda tartib o‘rnatish» muhimligi ko‘rinib qoldi. Bunga ehtiyoj 1919 yildagidan ham (Birinchi jahon urushi nazarda tutilmoqda) yuqori edi».
Urushdan keyingi dunyoda tuzilgan asosiy tashkilot, shubhasiz, BMT bo‘ldi. Keyinchalik Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Bretton-Vuds valyuta tizimi kabi muhim xalqaro tashkilotlar tuzildi.

BMT 1945 yilda tuzilgandi / GETTY IMAGES
Maykl Klarkning fikricha, nomi sanalgan bu tashkilotlarning tuzilishida Britaniyaning hissasi katta bo‘lsa-da, hal qiluvchi so‘zni AQSH aytgan: «Deyarli barcha xalqaro tashkilotlarning paydo bo‘lishi AQSHning unga qiziqishi va qo‘llashiga bog‘liq edi. G‘arb nazoratidagi bu tashkilotlarning paydo bo‘lishi 1950-60-yillarda dunyo iqtisodiyotida, umuman, butun dunyoda tartib o‘rnatdi. Hozir ana shu tartib xavf ostida qolgan, chunki uni nazorat qiladigan siyosiy muhit tez-tez o‘zgarib turibdi».
Bu balans o‘zgarayotganining sababini har kuni teleyangiliklarda ko‘ryapmiz. Bir tomonda Xitoy kuchayishda davom etmoqda, bir tomonda Osiyo va Uzoq Sharq davlatlarining iqtisodiy qudrati o‘sgan. Yevropaning aksar davlatlarida esa populistik harakatlar urchigan.
Dunyodagi tartib yo‘qolib borayotganiga NATOning o‘zidagi ichki ziddiyatlarni ham keltirish mumkin. Darvoqe, Donald Tramp uning avj olishiga «o‘z hissasini qo‘shdi». U alyansning Vashington uchun muhimligini shubha ostida qoldirdi. VVS’ga ko‘ra, NATOga a’zo Turkiya va Vengriya kabi davlatlarda avtoritar tizim amalda ekanini ham unutmaslik kerak.
Tarixchi Enn Epplbaum urushdan keyin o‘rnatilgan tartiblar buzilayotganiga qiziq bir sabab keltirdi. Uning aytishicha, hozirgi aksar siyosatchilarning urushdan keyingi davrda yashamagani, ya’ni avlodlar almashinuvi ham qadriyatlar darz ketishi va balans buzilishiga sabab bo‘lgan.
Yana bir muammo shundaki, zamonaviy tarix rad etilmoqda. Masalan, Xitoy dunyo sahnasiga kecha kelib qolgani yo‘q. Bu davlat BMT xavfsizlik kengashining dastlabki doimiy a’zolaridan biridir. Tarixchi Maykl Klarkning fikricha, AQSHda anchadan buyon Xitoydan hayiqishadi: «AQSHda doim Xitoydan xavfsirash bo‘lgan. Urushdan oldin ham, keyin ham». Uning fikricha, AQSHda Xitoy kommunizmga o‘tishidan avval ham hali katta kuchga aylanishi va Britaniya, Fransiya kabi eski imperiyalarning ta’sirini yo‘qotishi taxmin qilingan. Buni esa ko‘pchilik unutgan.
«1949 yili Xitoy kommunizmni tanlaganida AQSH shokka tushgan. 1972 yilga kelib arazlar unutilgan (aynan shu yil Richard Nikson Xitoyga tashrif buyurgan ilk AQSH prezidenti bo‘lgandi). Aftidan, hozir AQSH yana Xitoyning dunyodagi o‘rni borasida aniq xulosaga kela olmayapti», deydi Maykl Klark.
Xitoyning «sovuq urush» davridagi holati bugungidan butkul farq qilgan. O‘shanda bu mamlakatga AQSH tomonidan iqtisodiy va texnologik jihatdan xavf sifatida qaralmagan. Bugun dunyodagi o‘rnatilajak yangi tartibda nafaqat Xitoyning qudratini, balki Yer shari aholisning yarmi Xitoy, Hindiston va Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashashini inobatga olish kerak. Bu dunyo iqtisodiyoti geografiyasiga ta’sir qiladi va oxir-oqibat xalqaro siyosiy jarayonlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Koronavirus sabab nimadir o‘zgaradimi?
Koronavirus davlatlar iqtisodiyotiga o‘nlab yillar davomida ta’sir o‘tkazishda davom etadi. Xitoy esa yaqin kelajakda koronavirus sabab ko‘p narsa yo‘qotishi mumkin. Axir virus shu davlatda paydo bo‘lgandan keyin Xitoy nafaqat dunyo mamlakatlari oldida «tili qisiq» bo‘ladi, balki bu to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Hozircha koronavirusdan keyingi dunyo qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Bir narsani unutmaslik kerak, Ikkinchi jahon urushidan keyingi odamlarda kuchli bo‘lgan vatan oldidagi burch tushunchasi hayot o‘z iziga tushishiga yordam bergan. Hozirgi tushkun kayfiyatdagi dunyoda esa bunday pozitivlikni kutish qiyin, ammo umidni so‘ndirmaslik kerak...
Dunyo SiyosatiIkkinchi Jahon UrushiAQSH XitoyNATO AlyansiGlobal TartibXitoy Kommunizmi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar