23:30 / 25.06.2020
2 913

Ukrainada yirik suv toshqini ro‘y berdi. Olimlar buning sababini iqlim o‘zgarishida ko‘rishmoqda

Ukrainada yirik suv toshqini ro‘y berdi. Olimlar buning sababini iqlim o‘zgarishida ko‘rishmoqda
Foto: AFP
Karpatdagi suv toshqini Ukraina tarixiga 1998 va 2008 yillardagi halokatli suv toshqinlari qatorida kirishi mumkin.
Ivano-Frankovsk oblastida uch kishi hodisa qurboni bo‘lgan. Bu hududda suv toshqini 200dan ortiq aholi punktiga ta’sir qilgan, shundan 29tasi tashqi dunyodan uzilib qolgan.

Tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurash uchun hukumat bir yarim mingdan ortiq politsiyachilar, qutqaruvchilar va milliy gvardiyachilarni jalb etgan.

Tog‘li hududdagi Krivorovnya qishlog‘ida Chorniy Cheremosh daryosidan o‘tgan ko‘prik vayron bo‘lgan.
Ivano-Frankovsk hududida 5 mingga yaqin uy va qurilishlar suv ostida qolib, 800 kishi evakuatsiya qilingan, shu jumladan, Galich shahridagi shifoxona bemorlari ham. Bu shifoxonada Covid-19 bemorlari davolanadi.

Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suv toshqinidan 110 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari, 1850 metr uzunlikdagi qirg‘oq muhofaza inshooti va 90 ko‘prik zararlangan. Galichda Dnestr ustidan o‘tuvchi ko‘prikda harakat to‘xtatib qo‘yilgan.

Bosh vazir Denis Shmigal inqirozli vaziyat haqida gapirdi. «Amalda, suv toshqini ko‘lami 2008 yildagidan yirikroq», degan u.

Jabrlangan hududlarga gumanitar yuklar olib borilmoqda, xususan, non, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazilishi tashkillashtirilgan.

AFP
Ekspertlar va ekologlar halokatli suv toshqiniga o‘rmon xo‘jaligi faoliyati va daraxtlar kesilishi sabab bo‘lgani ehtimoli haqida savol berishmoqda.
Karpat Milliy fanlar akademiyasi Karpat ekologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi Oksana Mariskevichning so‘zlariga ko‘ra, o‘rmon - suv toshqini sabablaridan biri, ammo asosiysi emas.

«Suv toshqinining oldini olib bo‘lmasdi, ammo uning oqibatlari kamroq bo‘lishiga erishish mumkin edi. Masalan, agar avvalgi yirik suv toshqinlari, 2008 yildagi suv toshqinidan keyin qabul qilingan, daryo havzalarida suv toshqiniga qarshi himoya o‘rnatish bo‘yicha davlat dasturlari ijro qilinganida», degan u BBC’ning Ukraina xizmatiga bergan intervyusida.

«Qoidaga ko‘ra, halokatli suv toshqinlarining bir necha sababi bo‘ladi, bunga faqatgina o‘rmon xo‘jaligidagi ahvolni sabab qilish kerak emas», deydi «Dunay-Karpat dasturi» tashkiloti ekologi Anatoliy Pavelko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi omil - iqlim o‘zgarishidir.
«So‘nggi uch yilda juda qurg‘oqchilik bo‘ldi. Bu yil esa qish uzoq davom etdi va bahor erta boshlandi. Keyin esa Karpatda bir necha kun ichida bir oylik yomg‘ir normasi yog‘ib ulgurdi», deydi u.

Milliy o‘rmonchilik universitetining o‘rmon madaniyati va o‘rmon seleksiyasi kafedrasi professori Yuriy Debrinyuk ham unga qo‘shiladi.
«Asosiy sabab - qisqa vaqt ichida haddan tashqari ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lganidir. So‘nggi vaqtlarda yog‘ingarchilik taqsimoti buzildi - bir oyda bir yillik yog‘in yog‘ib qo‘yishi mumkin, keyingi oylarda esa qurg‘oqchilik. So‘nggi yillarda suv toshqinlari bo‘lmayotgandi, chunki ko‘p yomg‘ir yog‘magandi. Ammo bu oy ikki hafta yomg‘ir yog‘di va suv toshqini yuzaga keldi», deydi u.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada yirik suv toshqini ro‘y berdi. Olimlar buning sababini iqlim o‘zgarishida ko‘rishmoqda