date

Alyaskadagi sammitda muzokaralar yemirildi: Putin Trampni tarix bilan “charchatdi”

Alyaskadagi sammitda muzokaralar yemirildi: Putin Trampni tarix bilan “charchatdi”

Financial Times nashri yozishicha, avgust oyida Alyaskada o‘tgan Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi kutilgan natijani bermadi. Manbalarning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Ukraina bo‘yicha kelishuv muhokamasi o‘rniga Rossiya rahbarining o‘rta asrlar tarixi haqidagi uzun ma’ruzasini eshitishga majbur bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Putin Tramp taklif etgan “o‘t ochishni to‘xtatish evaziga sanksiyalarni yumshatish” variantini rad etgan. Uning talablari ancha keskin bo‘lib, Ukrainadan to‘liq taslim bo‘lish va Donbassdagi hali bosib olinmagan hududlarni ham Rossiyaga topshirishni o‘z ichiga olgan.

Yopiq eshiklar ortida o‘tgan suhbat davomida Putin Trampga tarixiy “ekskursiya” uyushtirgan — Ryurik, Yaroslav Mudriy va Bogdan Xmelnitskiy haqida so‘zlab, Rossiya va Ukraina “bir millat” degan g‘oyasini asoslagan. FT manbalariga ko‘ra, Tramp bu gaplardan juda ham hayratda qolgan va hatto uchrashuvni tark etish bilan tahdid qilgan.

Natijada muzokaralar muddatidan oldin yakunlangan, shuningdek, ikki delegatsiya ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan iqtisodiy tushlik ham bekor qilingan. Tramp Qrim anneksiyasini tan olish va Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan qisman chiqarish taklifini bergan, biroq Putin buni rad etib, butun mintaqani talab qilgan.

Sammitdan so‘ng ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. AQSh rahbari Tramp Putinning “muzokara uslubidan” norozilik bildirib, Yevropa ittifoqchilariga Ukraina uchun Amerika zahiralaridan qurol sotib olishga ruxsat bergan. Shuningdek, Kiyevga Moskvagacha yetadigan Tomahawk raketa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha muhokama boshlangan. Rossiya neftini sotib olishni davom ettirayotgan Hindistonga esa AQSh 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy etgan.

Shu bilan birga, FT qayd etishicha, Putin omma oldida Trampga nisbatan xushomadona munosabatni saqlab qolmoqda. U Charli Kirkning o‘ldirilishi munosabati bilan hamdardlik bildirgan va Trampni “tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq” deb atagan.

Politico nashri yozganidek, sammit ommaviy axborot vositalarida “Putinning g‘alabasi” sifatida yoritilishi Trampni qattiq g‘azablantirgan. Shu bilan birga, Oq uy FT’ga bildirgan rasmiy izhorda Alyaskadagi muzokaralarni “samara­li” deb atagan va uning “muvaffaqiyatsiz o‘tganligi haqidagi gaplarni asossiz” deb hisoblagan.

Ma’muriyat vakilining ta’kidlashicha, “Vashington Rossiyaning pozitsiyasini yaxshiroq anglash uchun har qanday muloqotni foydali deb biladi”.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Alyaskadagi sammitda muzokaralar yemirildi: Putin Trampni tarix bilan “charchatdi”