date

Saida Mirziyoyeva “Insoniy birodarlik” mukofoti hakamlar hay’atida ishtirok etdi

Saida Mirziyoyeva “Insoniy birodarlik” mukofoti hakamlar hay’atida ishtirok etdi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Shayx Zayd nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti hakamlar hay’ati a’zolarining ilk yig‘ilishida qatnashdi. Bu haqda u o‘z ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Dunyo bo‘ylab odamlar orasida o‘zaro tushunish, hamjihatlik va hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan ushbu muhim tashabbusda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Hakamlar hay’ati o‘z sa’y-harakatlari bilan adolatli va mehr-shafqatli dunyo sari yo‘l ochayotgan insonlarni e’tirof etish maqsadida birlashmoqda. Ishonchim komilki, oldinda bizni muhim va ilhombaxsh yo‘l kutmoqda”, — deb yozdi Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, Shayx Zayd bin Sulton Ol Nahayon sharafiga ta’sis etilgan “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti ilk bor 2019-yilda joriy etilgan. U har yili 4 fevral — Xalqaro inson birodarligi kunida topshiriladi. Laureatlar 1 million AQSH dollari miqdoridagi mukofot bilan taqdirlanadi.

Mukofot insonlar o‘rtasida birodarlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, tinchlik, insonparvarlik hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shgan shaxslar va tashkilotlarni e’tirof etishni maqsad qiladi.

Mutaxassislar fikricha, Saida Mirziyoyevaning hakamlar hay’atidagi ishtiroki O‘zbekistonning global insonparvar tashabbuslardagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. Bu orqali mamlakat xalqaro muloqot va tinchlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlashda faol rol o‘ynashini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan, “Insoniy birodarlik” mukofoti nafaqat xalqaro hamjihatlik ramzi, balki insoniyatni yaxshilik va tinchlik sari chorlovchi muhim platforma sifatida tobora ahamiyat kasb etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Saida Mirziyoyeva “Insoniy birodarlik” mukofoti hakamlar hay’atida ishtirok etdi