date

Olimlar po‘latdan 10 barobar mustahkam super yog‘och yaratdi

Olimlar po‘latdan 10 barobar mustahkam super yog‘och yaratdi

AQSHdagi InventWood kompaniyasi olimlari yog‘ochni yangi texnologik ishlovdan o‘tkazib, uni po‘latdan 10 barobar mustahkam va 6 barobar yengilroq holatga keltirishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar berdi InventWood. Kompaniya bu materialni tijoriy asosda ishlab chiqarishni ham boshlab yuborgan.

Ilmiy ish Yel universiteti professori Lyanbin X-u rahbarligida amalga oshirilgan. U avval yog‘ochni shaffof materialga aylantirish ustida tajribalar olib borgan, ammo keyinchalik asosiy maqsadni — yog‘ochni po‘latdan ham mustahkam qilishni belgilagan. Uning fikricha, tabiiy materiallar asosida ekologik va arzon qurilish yechimlari yaratish insoniyat uchun yangi yo‘nalish ochadi.

Yangi usulga ko‘ra, yog‘och avval maxsus kimyoviy eritmada pishiriladi, so‘ngra issiq press orqali qattiq siqiladi. Bu jarayonda yog‘och hujayralari zichlashib, uning ichki tuzilishi butunlay o‘zgaradi. Natijada, u oddiy metallardan ham mustahkam, egiluvchan va uzoq muddatli materialga aylanadi.

InventWood rahbari Aleks Launing ta’kidlashicha, bu super yog‘och qurilish sohasida haqiqiy inqilob bo‘lishi mumkin. Uning yengilligi binolarning og‘irligini ancha kamaytiradi, bu esa zilzila xavfi yuqori hududlarda chidamliroq inshootlar qurish imkonini beradi. Shu bilan birga, bunday texnologiya qurilish xarajatlarini ham sezilarli darajada qisqartiradi.

Hozircha super yog‘och odatiy yog‘ochga nisbatan qimmatroq, biroq po‘lat ishlab chiqarish bilan taqqoslaganda, bu usulda 90 foizga kamroq uglerod chiqindilari hosil bo‘ladi. Olimlar buni ekologiya nuqtayi nazaridan katta yutuq sifatida baholamoqda, chunki po‘lat sanoati dunyodagi eng yirik ifloslanish manbalaridan biri hisoblanadi.

Kompaniyaning uzoq muddatli rejasi — super yog‘ochni po‘lat bilan raqobatlasha oladigan darajaga yetkazish. Dastlab, u binolarning fasad qismlari, pollar va ichki bezaklarda ishlatilishi kutilmoqda. Keyinchalik esa mebel, devor konstruksiyalari va hatto butun binolar qurilishida ham keng qo‘llanilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar po‘latdan 10 barobar mustahkam super yog‘och yaratdi