AQSh Energetika vazirligining yadro obyektlariga kirish huquqiga ega bo‘lgan xodimi ish serveriga 187 mingdan ortiq erotik surat yuklagani sababli xavfsizlik ruxsatidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda 404 Media nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak o‘zining shaxsiy pornografik arxivini hukumat kompyuteriga “tasodifan” yuklab olgan. U bu materiallardan sun’iy intellekt asosidagi “robot pornografiyasi” yaratish uchun o‘quv bazasi sifatida foydalanmoqchi bo‘lgan.
Oradan olti oy o‘tib, hamkasblari ichki serverda o‘n minglab ochiq sahnali suratlar to‘planganini payqab, tekshiruv boshlashgan. Aniqlanishicha, xodim 1990 yillardan buyon to‘plab kelgan arxivini ish kompyuteriga ko‘chirgan, biroq tizim shaxsiy va korporativ fayllarni ajratmasligini bilmagan.
Hisobotda qayd etilishicha, u yillar davomida depressiyadan aziyat chekkan va o‘zini “nihoyatda yolg‘iz” his qilgan. U so‘roq jarayonida aybini tan olgan, biroq o‘z harakatini “katta jinoyat emas” deya himoya qilgan. Shuningdek, rahbariyatning “ortiqcha qattiqqo‘lligidan” norozilik bildirgan va tergov jarayonini “Ispan inkvizitsiyasi”ga qiyoslagan.
Xodim xavfsizlik ruxsatidan mahrum etilgach, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Ammo psixologik baholash natijalari uning holatini og‘ir deb topgan va qaror o‘z kuchida qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!