16:07 / 06.07.2020
2 341

Liviyadagi voqealar rivoji: Rossiya va Misr manfaatlari to‘qnashuvining yangi sahnasi

Liviyadagi voqealar rivoji: Rossiya va Misr manfaatlari to‘qnashuvining yangi sahnasi
Foto: John Moore / Getty Images
Liviyadagi so‘nggi voqealar mintaqadagi ishtirokchilarni o‘z siyosatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. 2020 yil 21 iyunda Liviya chegarasi yaqinidagi harbiy bazaga tashrif buyurgan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi mamlakat armiyasi Liviya masalasiga aralashishi mumkinligini ma’lum qildi.

Haftar rahbarligidagi Liviya milliy armiyasini qo‘llab-quvvatlagan Misr Foiz Saroj rahbarligidagi Liviya Milliy kelishuv hukumati (UMH) harbiylarining Sirt shahriga kirishi Misr uchun «qizil chiziq» bo‘lishini bildirdi. Sisining ushbu bayonoti Kremlni Liviya siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Misr pozitsiyasi
Misrning Liviya masalasiga aralashishi mumkinligi haqida bergan bayonoti turli maqsadlarni ko‘zda tutadi. Aytish joizki, Misrning o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Liviya ishiga aralashishi xalqaro huquq normalariga to‘g‘ri kelmasdi. Ya’ni uning Liviyada harbiy kuch ishlatishiga qonuniy asos keltirilishi lozim edi.

Birinchidan, har bir mamlakat kabi Misrning ham BMT tomonidan berilgan o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi mavjud. Ammo Misr o‘zining mudofaa huquqini talab qilib, transchegaraviy harbiy operatsiya amalga oshirishi uchun Liviya uning hududini bosib o‘tib, unga qarshi harbiy kuch ishlatgan bo‘lishi kerak. Liviya Milliy kelishuv hukumati bunday ish qilmagani bois Misrning Liviyaga qarshi amaliyotga kirishishi xalqaro huquqqa zid qadam bo‘ladi.

Ikkinchidan, Misrning Liviyaga qarshi kuch ishlatishi faqat BMT Xavfsizlik Kengashi qarori qabul qilingan taqdirdagina qonuniy kuchga ega bo‘ladi. BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar bunday qaror qabul qilganicha yo‘q. Demak, Misrning yuqoridagi bayonoti qonunga xilof.

Uchinchidan, chegaraviy harbiy kuchdan foydalanishning yana bir sharti shuki, mamlakatning xalqaro miqyosda tan olingan qonuniy hukumatining o‘zi ma’lum bir davlatga rasmiy talab bilan chiqishi kerak. BMT tomonidan tan olingan Liviya Milliy kelishuv hukumati esa Misrga bunday talab bilan chiqmadi, aksincha, uning bayonotini keskin qoraladi.

To‘rtinchidan, biror davlatning transchegaraviy harbiy aralashuvga kirishish shartlaridan yana biri – o‘sha mamlakat, ya’ni Misrning milliy xavfsizligiga Liviya chegarasida jiddiy tahdid tug‘ilishidir. Ammo ma’lumki, Misr-Liviya chegarasidan to Liviyaning deyarli g‘arbiy mintaqalarigacha bo‘lgan hududi uning o‘zi dastak berayotgan Xalifa Haftar boshchiligidagi kuchlar tomonidan nazorat qilinmoqda. Haftar kuchlari nazorati ostidagi hudud Liviya konsensusi va Misr o‘rtasidagi bufer zonani tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, Liviya milliy kelishuv hukumati tomonidan Misrga qandaydir xavfsizlik tahdidi bo‘lishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Shuning uchun, Misrning Sirt shahri va Kufradagi aviabazaning Liviya Milliy kelishuv hukumati qo‘liga o‘tishiga doir munosabati, aslida, uning Liviya hududidagi strategik mavqeyini yo‘qotish xavotiridan kelib chiqmoqda. Misr Liviyaga harbiy aralashuvni amalga oshirishi mumkinligi haqidagi o‘z bayonoti bilan bir qator natijalarga erishishni maqsad qilmoqda. Chunonchi, u Tripolidagi hukumatning sharqqa qarab yurishini to‘xtatmoqchi. Chunki Foiz Saroj tarafdorlarining harbiy muvaffaqiyatlari Haftarga bo‘lgan ishonchni pasaytirmoqda. Bu o‘z navbatida Haftar tarafdorlari orasida o‘zaro hamjihatlik susayishiga olib keladi. Misr esa ssenariyning bu yo‘sinda rivojlanishini istamaydi.

Avvalroq Misrning «Qohira deklaratsiyasi» deb atagan bir tomonlama sulh taklifi Tripolidagilar tomonidan salbiy kutib olingan edi. Turkiya ham nazarda tutilgan mazkur sulh orqali Misr keng qamrovli urush olib borishdan o‘zini saqlab qolar va Liviyaning sharqiy mintaqalari ustidan nazoratni tutib qolish masalasida savdolashish imkoniga ega bo‘lardi.

Albatta, Sisining harbiy kuch ishlatish haqidagi bayonotining siyosiy natijalari ham bo‘ldi. Bu, eng avvalo, UMH tomonidan mag‘lub etilgan Haftar uchun psixologik yordam bo‘ldi. Qolaversa, bu bilan Misr boshqa davlatlarga Liviyada Haftarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirib qo‘ydi. Eng asosiysi, u Haftar kuchlarini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar orasida oldingi planga chiqib oldi.

Ta’kidlash joizki, Haftarga yordam berayotgan davlatlar o‘rtasida ma’lum bir manfaatlar to‘qnashuvi ham mavjud. Bular jumlasida esa BAA, Saudiya Arabistoni, Rossiya kabi davlatlar mavjud. Turgan gapki, ularning har biri Haftarga ko‘proq ta’sir o‘tkazish orqali ushbu safda yalovbardorlik qilishga va Liviyadagi siyosiy jarayonlarni yo‘naltirib turishga intilmoqda. Biroq ushbu mamlakatlarning barchasi o‘z maqsadiga kam xarajat qilish orqali erishishni istamoqda va hatto boshqa davlatlar qo‘li bilan o‘z manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga urinmoqda.

Rossiya pozitsiyasi
2011 yildan keyin Liviyada kechgan fuqarolar urushi va siyosiy voqealarda Rossiyaning siyosiy ta’siri deyarli yo‘q edi. Ammo 2016 yildan boshlab Rossiya Haftar timsolida Liviya siyosatiga kirib kela boshladi. Rossiya Haftar orqali Liviyadagi nufuzini oshirish yo‘llarini izlar ekan, Haftar ham Rossiya kabi fuguradan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga chog‘lanayotgan edi. Ayni paytda Haftar-Rossiya yaqinlashuvi Misr va Haftarni qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa kuchlarning ham rejalariga muvofiq edi.

O‘z navbatida, Rossiyadan olinadigan siyosiy va harbiy yordam nafaqat Liviyadagi ichki kuchlar muvozanatiga, qolaversa, xalqaro muhitga ham katta ta’sir ko‘rsatishi kutilgan edi. Ammo Rossiyaning Haftar bilan birga Liviya jarayonida rol o‘ynashga kirishishi boshqa davlatlarni ikkinchi darajali aktyorlarga aylantirib qo‘ydi. Bu esa ularning Liviya masalasida yanada kamroq so‘z haqqiga va yanada kamroq kuch ta’siriga ega bo‘lishlarini anglatardi. Mazkur jarayondan eng ko‘p bezovta bo‘lgan mamlakat esa Misr bo‘ldi.

Misr o‘zining so‘nggi harakati orqali jarayon oqimini o‘z foydasiga yo‘naltirishni istadi. U o‘zining milliy manfaatlariga ustuvor ahamiyat berishga tayyorligini va uning manfaatlariga taalluqli masalalar ko‘rib chiqilishi kerakligini uqtirmoqchi bo‘ldi.

Tabiiyki, endilikda Misrning oldingi planga chiqib olganidan va o‘zining ikkinchi darajaga tushib qolganidan xavotirlangan Moskva bu jarayonga to‘siq bo‘lish, Liviyadagi voqealar rivojida «muhim aktyor» pozitsiyasini saqlab qolish yo‘llarini izlashga kirishdi. Buni esa nafaqat diplomatik kanallar orqali, balki Liviya maydoniga bilvosita aralashish orqali amalga oshirishga intilmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Liviyada sulhni ta’minlash va muzokaralarni boshlashdan boshqa yo‘l yo‘qligini aytar ekan, Misrning harbiy yechimdan tiyilishi kerakligini bildirdi. Shuningdek, Rossiya AQSHning Liviya masalasiga kirishishi ortidan Berlin jarayonini qayta boshlashga chaqirish orqali Misrni cheklash, Turkiyani ilgarilashga yo‘l qo‘ymaslik, AQSH va Germaniya bilan hamkorlik qilish kabi maqsadlarni ko‘zlamoqda.

Rossiya bir tomondan Misrning Liviyaga haddan tashqari harbiy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikka urinayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan ayrim davlatlarni ham o‘z yoniga olib, «konstruktiv vositachi» imijini yaratishga intilmoqda. Rossiyaning bunday munosabati uning rasmiy bayonotlari bilan ham kesishmoqda. Ammo Rossiya mintaqadagi mamlakatlarga o‘tkazgan bosimini Liviya masalasi boshida to‘plangan davlatlarga o‘tkaza olmasligi tufayli bu jarayonni hamkorlik va muloqot orqali davom ettirishni eng oqilona yo‘l deb bilmoqda.

Ammo Moskva tomonidan diplomatiya yo‘li bilan amalga oshirilayotgan bu siyosat sohada jiddiy natija bermayapti. Ma’lumki, to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy aralashuv Rossiya uchun strategik muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Shuning uchun Rossiya uchinchi yo‘l sifatida o‘zining rasmiy munosabat bildirishini davom ettirmoqda. Boshqa tomondan esa «Vagner» yollanma jangchilari orqali Liviya jarayoniga bilvosita aralashmoqda.

Ruslar Sirt va Kufra shaharlariga yollanma harbiylarni jo‘natib, Liviyadagi kuch muvozanatining UMH foydasiga hal bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda, bu bilan esa Liviyada hamon o‘zining muhim kuch ekaninini ko‘rsatishga intilmoqda. Biroq Rossiyaning bu siyosati «konstruktiv diplomatiya» konsepsiyasiga asoslanib yaratmoqchi bo‘lgan imijiga putur yetkazmoqda. So‘z va ish birligi orasidagi ziddiyat esa Rossiyaning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Liviyadagi voqealar rivoji: Rossiya va Misr manfaatlari to‘qnashuvining yangi sahnasi