22:30 / 06.07.2020
2 398

Sud jurnalist Prokopevani terrorizmni oqlash va targ‘ib qilishda aybdor deb topdi

Sud jurnalist Prokopevani terrorizmni oqlash va targ‘ib qilishda aybdor deb topdi
Svetlana Prokopeva. Foto: Artyom Avanesov
Sud Rossiyaning Pskov oblastida yashovchi jurnalist Svetlana Prokopevani terrorizmni oqlash ishi bo‘yicha aybdor deb topdi. Prokuror jurnalist qiz uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragan bo‘lsa-da, sud 500 ming rubl jarima bilan kifoyalangan, deb yozadi Forbes Russia.

«Mediazona»ga ko‘ra, 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi pskovlik jurnalist qiz Svetlana Prokopevani terrorizmni omma oldidagi chiqish bilan oqlash va targ‘ib qilish (RF jinoyat kodeksining 205.2-moddasi 2-qismi) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha aybdor deb topgan. Sud jurnalistga 500 ming rubl jarima tayinlagan. Bungacha prokuror uni olti yil koloniyaga hukm qilib, to‘rt yil jurnalistika bilan shug‘ullanishni taqiqlashni talab qilgan edi. Modda bo‘yicha maksimal jazo — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Jinoiy ish 2019 yilning fevralida qo‘zg‘atilgan edi. O‘shanda Prokopevaning uyiga tintuv uchun kelishgan, o‘zini esa bir necha marta Tergov qo‘mitasiga tergovga chaqirishgan. Bunga sabab Prokopeva «Exo Moskvi v Pskove» radioefirida 2018 yilda FQBning Arxangelsk oblastidagi hududiy boshqarmasi binosida o‘zini o‘zi portlatgan anarxist Mixail Jlobitskiyga bag‘ishlangan dasturida teraktni davlatning mamlakat aholisiga nisbatan «repressiv» siyosatiga, uydirmaga asoslangan jinoiy ishlar va odamlarda o‘z haq-huquqini qonuniy himoya qilish imkoniyati yo‘qligiga bog‘lagan. Prokopevaning o‘zi aybini tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Svetlana Prokopevaning suddagi so‘nggi so‘zi e’lon qilingandi. «Men kasbiy burchim doirasidan chiqadigan biror narsa qilmadim», degan edi u suddagi so‘nggi so‘zida.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sud jurnalist Prokopevani terrorizmni oqlash va targ‘ib qilishda aybdor deb topdi