22:44 / 07.11.2020
2 129

Omadsiz ikkinchi urinish. AQSHning qayta saylana olmagan 9 prezidenti

Omadsiz ikkinchi urinish. AQSHning qayta saylana olmagan 9 prezidenti
Foto: Getty Images
3 noyabr kuni AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda amaldagi prezident respublikachi Donald Tramp va sobiq vitse-prezident Jo Bayden o‘zaro raqobat olib bordi. Odatda saylovning ertasiga g‘olib aniq bo‘lardi. Bu safar 4 kundan buyon g‘olib kimligi noma’lum.

Birinchidan, bu yil rekord miqdorda (160 million) saylovchi qatnashdi. Ikkinchidan, ovoz berish pochta orqali amalga oshirildi va ularni hisoblash ko‘p vaqt oladi. Uchinchidan, keyin yana nimalardir bo‘lyapti...

Saylovda Bayden g‘alaba qozonishi tobora haqiqatga yaqin bo‘lib bormoqda, chunki u yaxshigina ustunlikka ega. Shu tariqa Donald Tramp AQSHda bir muddat prezidentlik qilib, ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan «omadsizlar» ro‘yxatidan joy olishi mumkin. Xo‘sh, yana qaysi prezidentlar bunday muvaffaqiyatsizlikka uchragan?

Jon Kuinsi Adams. AQSHning 6-prezidenti (1767 – 1848).
1825-1829 yillarda AQSHni boshqargan.

AQSHning 6-prezidenti Jon Adams 2-prezident Jon Adamsning o‘g‘li hisoblanadi. U Harvard universitetida huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan. 1888 yil ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Endryu Jeksonga yutqazgan Adams umrining oxirigacha siyosat bilan shug‘ullanishda davom etgan.

Martin Van Byuren. AQSHning 8-prezidenti (1785 – 1862).
1837-1841 yillarda AQSHni boshqargan.

AQSHning 8-prezidenti niderlandiyalik kambag‘al muhojir oilasida tug‘ilgan va huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. Siyosat bilan shug‘ullana boshlagach, avvaliga senator, so‘ng AQSH davlat kotibi, Buyuk Britaniyada elchi lavozimlarida ishlagan. 1840 yilda o‘tkazilgan saylovlarda ikkinchi muddatga saylana olmagan Byuren 1844 va 1848 yillarda ham prezidentlik uchun kurashib ko‘radi va saylovlarda yutqazadi. 1848 yilda, so‘nggi mag‘lubiyatidan so‘ng nafaqaga chiqadi.

Stiven Grover Klivlend. AQSHning 22-prezidenti (1837 – 1908).
Birinchi muddatida 1885 yil 4 mart – 1889 yil 4 mart oralig‘ida, ikkinchi muddatida 1893-1897 yillarda AQSHni boshqargan.

Stiven Klivlend garchi ikki muddat AQSHni boshqargan bo‘lsa-da, u 1888 yilda ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Benjamin Harrisonga mag‘lub bo‘lgan. Klivlend 1892 yilda o‘tkazilgan saylovda yana nomzodini qo‘yadi va g‘alaba qozonadi. Shu tariqa u bir muddatni o‘tkazib yuborib, ikki marta AQSH prezidenti bo‘lgan yagona rahbar bo‘ladi.

Benjamin Harrison. AQSHning 23-prezidenti (1833 – 1901).
1889 yil 4 mart – 1893 yil 4 mart oralig‘ida AQSHni boshqargan.

Benjamin Harrison AQSHning 9-prezidenti Uilyam Harrisonning nabirasi hisoblanadi. U ham huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oladi. U 1889-1893 yillar oralig‘ida AQSHni boshqarib, 1892 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Stiven Grover Klivlendga yutqazib qo‘yadi.

Uilyam Hovard Taft. AQSHning 27-prezidenti (1857 – 1930).
1909 yil 4 mart – 1913 yil 4 mart oralig‘ida AQSHni boshqargan.

Sudya oilasida tug‘ilib o‘sgan Taft huquqshunoslik sohasida ta’lim oladi. Bir muddat prezidenlik qilgan Taft 1912 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Vudro Vilsonga yutqazib qo‘yadi. O‘shanda jami to‘rt nomzod orasida Taft uchinchi o‘rinni oladi. Shundan so‘ng uzoq yillar Yel universitetida huquqshunoslikdan dars beradi.

Herbert Klark Huver AQSHning 31-prezidenti (1874 – 1964).
1929 yil 4 mart – 1933 yil 4 mart oralig‘ida AQSHni boshqargan.

AQSHning 31-prezidenti temirchi oilasida tug‘ilgan. U Stenford universitetida geologiya sohasida tahsil oladi. Huver AQSHni mamlakat uchun eng og‘ir davr bo‘lgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz yuz bergan yillarda boshqaradi. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda Franklin Ruzveltga yutqazgan Huver siyosatda qoladi va uzoq yillar turli vazifalarda ishlaydi.

Jerald Ford. AQSHning 38-prezidenti (1913 – 2006).
1974 yil 9 avgust – 1977 yil 20 yanvar oralig‘ida AQSHni boshqargan.

Jerald Ford Yell universitetida huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. Ford siyosat bilan shug‘ullana boshlagach, prezident Nikson ma’muriyatida vitse-prezident etib tayinlanadi. Nikson iste’foga chiqqach, Ford uning o‘rnini egallaydi. 1976 yilda prezidentlik saylovida Jimmi Karterga yutqazib qo‘yadi.

Jimmi Karter. AQSHning 39-prezidenti (1924 yilda tug‘ilgan).
1977 yil 20 yanvar – 1981 yil 20 yanvar oralig‘ida AQSHni boshqargan.

Jimmi Karter Jorjiya Texnologiya institutida, so‘ng harbiy-dengiz akademiyasida tahsil oladi. 1976 yilda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Karter bir muddat prezidentlik qiladi va 1980 yilda ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Ronald Reyganga yutqazib qo‘yadi. Shundan so‘ng, u siyosatda qoladi va AQSHning turli missiyalariga boshchilik qiladi.

Katta Jorj Bush. AQSHning 41-prezidenti (1924 – 2018).
1989 yil 20 yanvar – 1993 yil 20 yanvar oralig‘ida AQSHni boshqargan.

Katta Jorj Bush Yell universitetida iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. Siyosatga kirib kelguncha uzoq yillar harbiy uchuvchi bo‘lgan. Bir muddat prezidentlik qilib, 1992 yilda ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Bill Klintonga yutqazadi va 1993 yil 20 yanvarda o‘z o‘rnini unga bo‘shatib beradi. U o‘z vaqtida Ronald Reyganga vitse-prezidentlik qilgan. U MRB rahbari ham bo‘lgan va bir muddat prezidentlik qilgani aynan razvedkachilar orasida katta obro‘ga ega bo‘lishiga xalaqit bermagan.

Ko‘rib turganingizdek, Donald Trampning mag‘lubiyati juda noodatiy narsa emas. Demokratiya asosiga qurilgan mamlakatda amaldagi prezidentning saylovda yutqazishi yangilik emas. Biroq Tramp bunday omadsizlikka uchragan oxirgi 27 yildagi ilk rahbar bo‘lgani butun boshli avlod oldidagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar Tramp mag‘lubiyatni mardlarcha tan olib postni topshirsa, keyinchalik ham obro‘ bilan eslanishi mumkin, lekin hozirgi harakatlari bilan, ya’ni prezidentlikdan ketmaslikka urinayotgani bilan Tramp faqat va faqat o‘zini obro‘sizlantiradi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Omadsiz ikkinchi urinish. AQSHning qayta saylana olmagan 9 prezidenti