16:46 / 08.11.2020
2 003

Baydenni prezidentlik va muammolar kutmoqda. U ishni nimadan boshlamoqchi?

Baydenni prezidentlik va muammolar kutmoqda. U ishni nimadan boshlamoqchi?
Foto: BBC Russian
48 yildan buyon AQSH siyosatida bo‘lgan Jo Bayden nihoyat uchinchi urinishda prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi. 77 yoshida orzusiga erishgan Bayden bungacha 1987 va 2008 yillardagi saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ikki holatda ham u hal qiluvchi bosqichgacha yetib borolmagan. O‘zi uchun birinchi finalda esa g‘alabaga erishdi.

Biroq Baydenda g‘alabadan sarmast bo‘lib o‘tirishga vaqt yo‘q, chunki uni juda-juda ko‘p muammolar kutib turibdi. VVS bu muammolarning asosiylarini sanadi.

Koronavirus
Esingizda bo‘lsa, Tramp Baydenni doim niqob taqib yurgani uchun mazax qilgandi. Biroq o‘shanda Tramp aynan koronavirus uning hokimiyatdan ketishi uchun yakuniy sabab bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Bayden yanvardan prezidentlikka kirishadi, ungacha esa Tramp ishini qiyinlashtirish uchun chiqaradigan qarorlarga chidashga majbur.

Demokratlar vakili prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan dastlabki qiladigan ishi koronavirusga qarshi kurash bo‘lishini aytdi. U virusga qarshi kurashni aholini yoppasiga test qilishni joriy etishdan boshlamoqchi. Baydenning rejasiga ko‘ra, koronavirus tarqalishini nazorat qiluvchi butun boshli monitoring tizimi ish boshlaydi va bu jarayonda 100 mingdan ortiq amerikalik band bo‘ladi. Unga ko‘ra, har bir shtatda kamida 10tadan ommaviy testdan o‘tkazish markazi bo‘ladi.

Ishchi o‘rinlar
Trampning davrida ishsizlik rekord darajada qisqargani rost, lekin koronavirus pandemiyasi sabab millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi. Mamlakat virus sabab yo‘qotishga uchragan tadbirkorlarga juda katta yordam berdi, lekin ularning aksari hamon o‘ziga kelmagan. Shu sabab Bayden kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u bermoqchi. Bir necha yil oldin amerikaliklar eng kam ish haqi soatiga 15 dollardan bo‘lishini talab qilib, namoyish o‘tkazishgandi. Keyinchalik turli shtatlarda 2022 yilgacha eng kam ish haqi soatiga 15 dollar qilib belgilanishi ma’lum bo‘ldi. Bayden bu jarayonni tezlashtirmoqchi va bu ko‘pchilikning inqirozdan chiqishga yordam berishiga ishonmoqda.

Bayden kam ta’minlanganlik uchun ijtimoiy nafaqa miqdorini oyiga qo‘shimcha 200 dollargacha oshirmoqchi. Shuningdek, u boylar uchun soliqni kamaytirish bo‘yicha Tramp joriy etgan soliq tizimini ham qayta ko‘rib chiqmoqchi. Demokratlar vakilining rejalarida yoshlarga yordam berish ham bor. Masalan, u 10 ming dollargacha federal talabalar zayomlarini chiqarishni taklif qilgan.

Bayden mamlakat milliy brendlarini rivojlantirish uchun «Amerika mahsulotlarini sotib ol» dasturini tashkil etib, uning ijrosiga 400 milliard dollar ajratmoqchi. Ma’lumot uchun, Bayden bir vaqtlar Shimoliy Amerika erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqidga uchragan. Chunki aynan shu sabab AQSHdagi korxonalar ko‘plab ish o‘rnini yo‘qotgan. Aftidan, Bayden yo‘l qo‘ygan xatosidan xulosa chiqargan.

Irqchilik muammosi
2020 yil AQSHda uchta voqea bilan yodda qoladigan bo‘ldi: prezidentlik saylovlari, koronavirus va namoyishlar. Jorj Floydning o‘ldirilishi ortidan mamlakatda nosog‘lom irqiy muhit paydo bo‘lgan. Bayden AQSHda irqchilik mavjud deb hisoblaydi. U bunday muammoni etnik ozchilikda yashovchi millatlar uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturlar ishlab chiqish orqali hal qilmoqchi.

Bayden 1990-yillarda jinoyatga qarshi qattiqqo‘llik bilan kurashish kerak deb hisoblagan bo‘lsa, hozir uning qarashlari o‘zgargan. Qaysidir ma’noda yoshi o‘tgan sayin Baydenning tabiati yumshab borgan. U irqiy va ijtimoiy tengsizlikni bir-biri bilan bog‘liq deb hisoblab, ularni birga hal qilish lozim deb hisoblaydi. Demokrat nomzodning rejalari orasida qamoqxonalardan ozod qilinganlarni reabilitatsiya qilish uchun 20 milliard dollardan iborat fond tuzish ham bor.

Iqlim va ekologiya
Yaqinda Tramp administratsiyasi global isish bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgandi. O‘sha kuni Bayden tvitterda shunday deb yozdi: «Tramp administratsiyasi Parij kelishuvidan chiqib ketdi, Bayden administratsiyasi esa 77 kun o‘tib, kelishuvga qaytadi». Bayden 2020 yil yanvaridagi inauguratsiya kunini nazarda tutgan holda shunday yozgandi.

O‘z navbatida, Bayden so‘lchi demokratlarning «Yangi yashil kelishuvi»ni qo‘llamoqchi emas, uning o‘rniga ekologik toza texnologiyalar tadqiqoti uchun 2 trillion dollar ajratmoqchi. Uning rejasiga ko‘ra, AQSHda 2050 yilga borib, «issiqxona gazlari» nol darajagacha tushishi kerak. Xuddi shunga o‘xshash va’dani ko‘plab mamlakatlar yetakchilari berganini ham unutmaslik kerak.

AQSHning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini tiklash
AQSHni yana buyuk qilish rejasi bilan (Make America Great Again) prezidentlikka kelgan Tramp, tan olish kerak, AQSHning obro‘siga juda salbiy ta’sir o‘tkazdi. Bayden doimo eng avval mamlakatning ichki ishlariga e’tibor qaratishini aytgan, biroq xalqaro maydonda ham «murvatlar bo‘shab qolgan». Bayden AQSHning katta hamkorlari bilan, xususan, NATO bilan munosabatlarni yaxshilashga va’da berdi.

Ma’lumki, Tramp «umuman keraksiz» deb atamagan xalqaro tashkilotlar deyarli qolmadi. Xususan, NATO ham shunday ta’rif olishga erishgan. Tramp bir necha marta alyans a’zolari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarmayotganini, shu sababli AQSH NATOni moliyalashtirishni to‘xtatishini aytib «tahdid qilgan».

Bayden Rossiya bilan Trampdan ko‘ra qattiqqo‘lroq munosabatda bo‘lmoqchi. Ayniqsa, Rossiya AQSH prezidentlik saylovlariga aralashgani haqidagi gaplardan keyin. Baydenning Xitoyga nisbatan munosabatlari ham aniq. U Tramp kabi savdo urushi yo‘lidan bormoqchi emas va Xitoyga «u yo‘q deya olmaydigan» G‘arb davlatlari koalitsiyasi yordamida bosim qilmoqchi. Bu davlatlar qaysi davlatlar ekani haqida esa Bayden hozircha hech narsa demadi.

Tibbiyot
Jo Bayden tibbiy sug‘urta bo‘yicha davlat dasturini yana rivojlantirmoqchi. Bu loyiha Bayden vitse-prezident bo‘lgan Obama davrida boshlangan edi. Tramp bu loyihani juda ko‘p tanqid qilganini eslasangiz kerak. Aslida bu juda yaxshi reja va undan 97 foiz amerikaliklar foydalanishi mumkin. O‘z navbatida bu juda katta loyiha va uning amalga oshirilishiga 5 yil davomida 2,25 trillion sarflanishi taxmin qilingan.

Immigratsiya
Bu masalani Bayden Oq uydagi dastlabki 100 kunlik ish faoliyatidayoq hal qilmoqchi. U Meksika chegarasida noqonuniy migrantlar va farzandlarini ajratib olish tartibini bekor qilmoqchi. Bu tajriba Tramp tomonidan joriy qilingandi. Bayden bir nechta musulmon davlatlardan kirish cheklovini, shuningdek, siyosiy boshpana so‘rash bo‘yicha cheklovni bekor qilmoqchi. Bayden migrantlar o‘zlari bilan olib kelgan bolalar muammosiga ham befarq emas. Tramp davrida ularga hujjat berilmagan va bunday bolalar qator qiyinchiliklarga duch kelgan.

Ta’lim
Bayden ta’lim tizimiga ham o‘zgartirishlar kiritib, bepul oliygohlar sonini ko‘paytirmoqchi. Shuningdek, u maktab yoshiga yetmagan barcha bolalar bog‘chaga borish huquqiga ega deb hisoblaydi. Bog‘chalarga to‘lov imkoniyati bo‘lmagan bolalarning xarajatlarini Bayden boylar uchun solingan soliqlarni qaytarish orqali erishmoqchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenni prezidentlik va muammolar kutmoqda. U ishni nimadan boshlamoqchi?