date

Karimovning musodara qilingan Amadea yaxtasi yangi sohibini topdi

Karimovning musodara qilingan Amadea yaxtasi yangi sohibini topdi

Rossiyalik milliarder va senator Sulaymon Karimovga tegishli bo‘lgan mashhur Amadea superyaxtasi yangi egasiga o‘tdi. Bu haqda “Business Insider” nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Adliya vazirligi 106 metrlik lyuks kemaga oid kimoshdi savdosini 10 sentyabr kuni yakunlab, uni noma’lum xaridorga sotgan. Auksionni Floridadagi National Maritime Services kompaniyasi tashkil etgan. Rasmiy manbalar bitim qiymatini oshkor etmagan, ammo yaxtaning bahosi avval 300 million dollar deb baholangan bo‘lsa, keyingi mustaqil baholashda 230 million dollarga tushgan.

AQSH rasmiylari kemani tezroq sotishni maqsad qilgan, chunki yaxtani saqlash har oy soliq to‘lovchilarga taxminan 1 million dollarga tushar edi — bu mablag‘ ekipaj maoshi, yoqilg‘i va sug‘urta xarajatlariga sarflanardi.

Amadea — bu oddiy kema emas, balki haqiqiy “suzuvchi saroy”. U Germaniyaning Lürssen kemasozlik zavodi tomonidan qurilgan bo‘lib, lotincha “Xudoning sevgisi” degan ma’noni anglatadi. Yaxta olti qavatdan iborat bo‘lib, uning ichki qismi marmar, nodir yog‘och va toshlar bilan bezatilgan. U 8 ta lyuks kabinaga, shuningdek, vertolyot maydoni, basseyn, fitnes zali, kurort, konferens-zal, vino yerto‘lasi va omar akvariumiga ega.

Yaxtaning markaziy elementi — qo‘lda bo‘yalgan Pleyel royali bo‘lib, uning pedallaridan tortib barcha qismlari 24 karatlik oltin bilan qoplangan. Bu detal Amadea’ni dunyodagi eng boy bezatilgan xususiy kemalardan biriga aylantiradi.

Biroq yaxtaga egalik qilishning o‘zi katta xavfni o‘z ichiga oladi. Chunki uning huquqiy maqomi bahsli bo‘lib, ayrim da’vogarlar ham hali o‘z talablaridan voz kechmagan.

Ma’lumot uchun, Amadea 2022-yil bahorida AQSHning talabiga ko‘ra Fiji orollarida musodara qilingan va keyinchalik San-Diyego portiga olib ketilgan. Karimov shaxsan kemaga egalik qilishini rad etgan bo‘lsa-da, AQSH prokuraturasi sudga ekipajning ko‘rsatmalari hamda milliarderning Amadea bortidagi ilk sayohatchisi bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.

Shu bilan birga, yaxtaning ichki dizayni Karimovlar oilasining shaxsiy iltimosiga ko‘ra qayta bezatilgani, unda pissa tannuri va dam olish xonalari o‘rnatilgani ma’lum qilingan. Ekipaj a’zolaridan biriga esa doim kema bortida Karimovning sevimli Nike krossovkalaridan bir juftni saqlash topshirilgan.

Sulaymon Karimov 2018-yilda AQSH tomonidan Prezident Vladimir Putin rejimidan manfaatdor bo‘lgan va Rossiyaning g‘arazli faoliyatini ilgari surishda muhim rol o‘ynaydigan” sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Shundan keyin ham, ma’lumotlarga ko‘ra, u 2021-yilda yaxtani ishonchli shaxslar orqali sotib olishga rozi bo‘lgan.

Ammo keyinroq Amadea rasmiy ravishda Millemarin Investments Ltd. kompaniyasi mulki sifatida ro‘yxatga olingan. Shu jarayonda Errigan Marine firmasi va uning nominal egasi — Imperial Yachts kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Kochman ham ishtirok etgan.

AQSH Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yil oktyabridan to musodara qilingunga qadar Karimov va uning oila a’zolari yaxtada bir necha bor sayohat qilgan, uni modernizatsiya qilish va uzoq safarlar uchun qayta jihozlash rejasini ishlab chiqqan. U hatto kemani saqlash va ta’mirlash uchun 2 million dollar sarflagan.

Qizig‘i shundaki, yaxta musodara qilingach, “Rosneft”ning sobiq rahbari Eduard Xudaynatov uning haqiqiy egasi ekanini da’vo qildi. Biroq AQSH prokuraturasi uni Karimovning mulkni yashirish uchun qo‘yilgan qo‘g‘irchoq shaxsi sifatida baholadi.

Nihoyat, 2025-yil iyul oyida Nyu-York federal sudi Amadea’ni auksionga qo‘yishga ruxsat berdi. Shu tariqa, dunyodagi eng qimmatbaxo xususiy yaxtalardan biri yangi egasiga o‘tdi — ammo uning haqiqiy qimmati va kelgusidagi taqdiri hanuz sir bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Karimovning musodara qilingan Amadea yaxtasi yangi sohibini topdi