15:10 / 21.01.2021
2 852

«Boshqa biror prezident bunday ishga jur’at etmagan!» Tramp o‘zidan qanday meros qoldirgan?

«Boshqa biror prezident bunday ishga jur’at etmagan!» Tramp o‘zidan qanday meros qoldirgan?
20 yanvar kuni Donald Trampning prezidentlik vakolati yakuniga yetdi. Xo‘sh, AQSHning 45-prezidenti tarixga qanday arbob sifatida kiradi? BBC bu borada amerikalik olimlar hamda siyosatshunoslarning fikri bilan qiziqdi.

«Donald Tramp tarixda ikki bora impichmentga uchragan ilk prezident sifatida qoladi. U saylovda ovozlar o‘g‘irlangani haqida cho‘pchak so‘ylab, Vashingtonda o‘z tarafdorlarini to‘pladi, hokimiyatni kuch bilan qaytarib olishga urindi», – deydi Amerika tadbirkorlik instituti xodimi Metyu Kontinetti.

Ekspertga ko‘ra, Tramp davrida mamlakatda ultra o‘ng yo‘nalishdagi ekstremistik harakat va fitna nazariyalari kuchaydi.

M.Kontinetti adolat yuzasidan 45-prezidentning ijobiy hissasini ham qayd etgan. Jumladan, pandemiyaga qadar Qo‘shma Shtatlarda iqtisodiy o‘sish kuzatildi, jangarilar yetakchilari yo‘q qilindi, fazoviy dastur yangilandi, kovidga qarshi vaksina dasturi rekord darajada qisqa fursatda tasdiqlandi.

Virjiniya politexnika universiteti professori Lora Belmonte prezident Tramp davrida AQSH global miqyosda yetakchilik maqomini boy berganiga e’tibor qaratadi.

«Meni Trampning 2018 yili Xelsinki shahrida prezident Vladimir Putin bilan o‘tkazgan matbuot anjumanini tomosha qilib tangu tong holatda qolgan edim. O‘shanda u Rossiyaning saylovlarga aralashuvi masalasida AQSH razvedkasiga qarshi chiqib, Putinning yonini olgan edi. Men boshqa biror prezident shu tariqa aksildemokrat muxolifni yoqlashga jur’at etganini eslay olmayman», – deydi professor L.Belmonte.

Olima, shuningdek, Tramp iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimi hamda Eron bilan tuzilgan yadro shartnomasidan ham chiqib ketganini yodga oladi.

Perdyu universiteti professori, tarixchi Ketrin Braunell Tramp hamda uning tarafdorlari AQSH demokratiyasining nechog‘li mustahkamligini beayov sinaganini ta’kidlaydi.

«O‘zi o‘ylab topgan uydirmani haqiqat o‘laroq ko‘rsatib, millionlab odamni ishontirganidan hayratga tushaman. 6 yanvar kuni Kapitoliyning qamal etilishi prezident Tramp so‘nggi 4 yil davomida yuritgan dezinformatsiya siyosatining haddi a’losi bo‘ldi”, – deb hisoblaydi professor Braunell.

U ijtimoiy tarmoq kuchidan foydalanib, siyosat hamda shou biznes sarhadlarini qorishtirgan holda, ommani chalg‘itdi.

Pensilvaniya universiteti professori Meri Fransis Berri respublikachi prezident sud tizimiga ham zarba berdi deb hisoblaydi. Ekspertning qayd etishicha, Tramp bir tomondan qora tanli talabalar hamda ishbilarmonlarga ko‘mak beruvchi farmonlar qabul qildi, ikkinchi tomondan esa, qora tanli aholi sha’niga nomaqbul fikrlar bildirdi.

Vashington universiteti professori Margaret O'Maraga ko‘ra, asli tujjor bo‘lgan hamda aksar siyosiy qadriyatlarni ochiq-oshkora rad etgan Tramp Qo‘shma Shtatlarda shakllangan azaliy siyosiy tizimni ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi. Ushbu tizimni qayta tiklash esa uning merosxo‘ri Jo Baydenga og‘ir bo‘lishi aniq.

Huquq professori Saikrishna Prakashning taxminiga ko‘ra, Trampning 4 yillik faoliyati Kongressni jiddiy siyosiy islohotlarga undaydi, jumladan, qonunchilik idorasi prezidentning ayrim vakolatlarini qisqartirishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)