18:30 / 31.08.2021
4 119

Pentagon AQSHning Afg‘onistondagi jami talafotlarini oshkor qildi

Pentagon AQSHning Afg‘onistondagi jami talafotlarini oshkor qildi
Foto: Reuters
AQSH Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy ishtiroki mobaynida 2 mingdan ortiq odamni yo‘qotdi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Kennet Makkenzi ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Bu missiya oson bo‘lgani yo‘q. Biz 2461 nafar Amerika harbiylari va tinch fuqarolarining o‘limi hamda 20 mingdan ortiq odamning yaralanishi bilan haq to‘ladik», — dedi u. Shuningdek, ushbu missiya AQSHga 1-2 trillion dollarga tushgan.

AQSH prezidenti Jo Bayden 23 avgust kuni AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi davomida 2448 nafar amerikalik halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. U har kuni talafotlar statistikasi bilan tanishib chiqishini aytgandi. «Bu qog‘ozchani har kuni o‘zim bilan olib yuraman — unda 2448 amerikalik halok bo‘lib, 20 722 nafari yaralangani qayd etilgan», — degan edi siyosatchi.

Makkenzi oshkor etgan yangi raqamlarga 26 avgust kuni Kobul aeroporti yaqinidagi terakt oqibatida halok bo‘lgan amerikalik harbiylar ham kiradi. Aeroportga kiraverishda to‘plangan olomon orasida xudkush terrorchi o‘zini portlatgach, kamida 185 kishi halok bo‘lgandi. Portlash uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga oldi, AQSH bunga javoban Afg‘onistondagi ISHID pozitsiyalariga bir nechta aviazarbalar berdi.

AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonga 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyin kirdi. O‘shanda «Al-Qoida» jangarilari to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgan, ularning ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga borib urilgan edi. Oqibatda jami 2977 kishi halok bo‘lgan.

BBC yozishicha, qariyb 20 yillik missiya mobaynida Afg‘onistonda 800 mingdan ortiq Amerika harbiy xizmatchilari va 25 ming oddiy fuqarolari xizmat o‘tashga ulgurgan.

Aprelda AQSH prezidenti Jo Bayden 11 sentabr voqealariga 20 yil to‘ladigan kungacha Afg‘onistondan qo‘shinlar olib ketilishini e’lon qilgandi. «Men tariximizdagi eng uzoq davom etgan urushni yakunlab, Amerika qo‘shinlarini uyga qaytarish vaqti keldi, degan xulosaga keldim», — dedi Bayden.

U AQSHning maqsadi mamlakatni birlashtirish emas, balki «Al-Qoida»ni yo‘q qilish bo‘lganini tushuntirdi. Shuningdek, prezident afg‘on kampaniyasi AQSHga kuniga 150-300 million dollarga tushganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Amerika armiyasi o‘z kontingentini Afg‘onistondan olib chiqishni yakunladi. AQSHning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi qariyb 19 yil-u 11 oy davom etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pentagon AQSHning Afg‘onistondagi jami talafotlarini oshkor qildi