08:00 / 08.10.2021
1 562

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini kim oladi?

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini kim oladi?
Foto: BBCRussian
8 oktabr kuni beriladigan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 329 nomzod ko‘rsatilgan (234 kishi va 95 tashkilot). Bu mukofot tarixidagi uchinchi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Asosiy da’vogarlar
Asosiy favorit – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti. Tashkilotni COVAX loyihasi nomzod sifatida ko‘rsatgan.

Keyingi favorit – “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti. Oslodagi Tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti direktori Henrik Urdal Reuters agentligiga bergan intervyusida shunday dedi: “[Mukofotning berilishi] – bu voqealarni mustaqil yoritish va demokratik boshqaruv uchun yolg‘on xabarlarga qarshi kurashishning muhimligi to‘g‘risidagi ko‘psonli bahslarning aks-sadosi bo‘ladi”.

Bukmekerlar Aleksey Navalniy, Svetlana Tixanovskaya va Greta Tunbergning imkoniyatlarini teng deb baholamoqda. Henrik Urdal Tixanovskayaning imkoniyati ko‘proq deb hisoblaydi. Ehtimoliy da’vogarlar ro‘yxatida Jo Bayden, Angela Merkel va Bill Geyts ham bor.

So‘z erkinligi va iqlim
Ammo JSST mukofotni olishiga hamma ham xayrixoh emas. Stokholmdagi tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti direktori Den Smit JSST mukofotni qo‘lga kirita olmaydi deb hisoblaydi, “chunki uning roli bahstalab”. Vaksina borasida esa, uning fikricha, tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bor.

“OAV erkinligi yoki taniqli jurnalist yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin. Ammo dolzarbligi bois iqlim o‘zgarishini yuqoriroq qo‘ygan bo‘lardim”, dedi u CNN’ga bergan intervyusida.

GETTY IMAGES
Mukofot berishdagi ziddiyatlar
Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra, mukofot “xalqlar o‘rtasidagi ahillikni mustahkamlash uchun mavjud armiyalarni tarqatib yuborish yoki kamaytirishga hammadan ko‘proq harakat qilgan yoxud tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga hissa qo‘shgan” shaxs yoki tashkilotga beriladi.

Ammo mukofotning o‘zi yoki ayrim sovrindorlar bir necha marta aks ta’sirni keltirib chiqargan. Masalan, Myanma muxolifati yetakchisi va tinchlik mukofoti sovrindori Aung San Suu Ji hokimiyat tepasiga kelgach, rohingya xalqiga nisbatan vahshiyona munosabatidan so‘ng G‘arb jamoatchiligi oldida uning obro‘si butunlay chilparchin bo‘ldi.

Aung San Suu Ji 2019 yilda Haagadagi BMT xalqaro sudida rohingya xalqiga nisbatan qilgan qatliomi uchun javob berdi. O‘shanda uni Nobel mukofoti sovrindori maqomidan mahrum qilish bo‘yicha chaqiriqlar yangradi, ammo mukofotni qaytarib olib bo‘lmaydi.

Boshqa misol – Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali. U 2018 yilda qo‘shni Eritreya bilan munosabatlarni yaxshilagani uchun mukofotga loyiq deb topilgandi, ikki yildan keyin esa Efiopiyada Tigray qonli mojarosi boshlandi.

GETTY IMAGES
1994 yilda Falastin ozodlik tashkiloti yetakchisi Yosir Arafot va Isroil bosh vaziri Itshak Rabin hamda Isroil tashqi ishlar vaziri Shimon Peres tinchlik mukofotini oldi. Nobel qo‘mitasi a’zolaridan biri Kare Kristiansen Arafotning mukofotlanishiga norozilik sifatida iste’fo bergandi.

2009 yilda mukofot barchani hayratga solgan holda AQSH sobiq prezidenti Barak Obamaga berildi. Obama erishgan aniq muvaffaqiyatlari uchun emas, balki tinchlik uyg‘unligiga erishishdagi harakatlari uchun mukofotlangandi.

Eng ziddiyatli mukofot esa 1973 yilda AQSH davlat kotibi Henri Kissinjer va shimoliy vetnamlik siyosatchi Le Dik Txo Vetnamdagi urushni yakunlash bo‘yicha Parij kelishuvini imzolagani uchun olgan tinchlik mukofoti hisoblanadi. Urush ikki yildan keyin tugagan, Le Dik Txo esa mukofotdan voz kechgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini kim oladi?