Foto: «The Guardian»
Qozog‘iston hukumati britaniyalik sobiq vazir va yozuvchi Jonatan Aytkenga Nursulton Nazarboyev haqida kitob yozgani uchun mo‘may qalam haqi to‘lagani oshkor bo‘ldi. Bu haqda «The Guardian» gazetasi «Pandora hujjatlari» ma’lumotlariga tayangan holda xabar beradi.
«2010 yilning aprelida Jonatan Aytken Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev vasf etilgan yangi kitobi taqdimoti uchun Vashingtonga parvoz qiladi... U o‘z nutqida eng muhim jihat – Qozog‘iston hukumati hamkorlik qiluvchi PR kompaniya kitob uchun buyurtma bergani va yashirin ravishda gonorar to‘laganini ochiqlamaydi. «Pandora hujjatlari»ga ko‘ra, Aytken o‘z adabiy mehnati uchun 166 ming funt sterling olgan», – deb yozadi «The Guardian» gazetasi.
Mazkur mablag‘ Hongkongda joylashgan «WorldPR» shirkati tomonidan Aytkenning «Consultancy & Research Services Limited» kompaniyasiga o‘tkazib berilgan. Vashingtondagi kitob taqdimoti uchun xarajatlar, jumladan, J.Aytken Oq uy yaqinidagi «Capital Hilton» mehmonxonasida turishi to‘lovi ham qoplab berilgan.
E’tiborga molik jihati, J.Aytken «Nazarbayev and the Making of Kazakhstan» (Nazarboyev hamda Qozog‘istonning barpo etilishi) kitobi uchun Qozog‘iston hukumatidan pul olmaganini aytgan edi.
Kitobda Qozog‘iston prezidenti muvaffaqiyatli iqtisodiy islohotlar tashabbuskori hamda o‘z mamlakatini sovet tuzumidan meros yadro qurolidan xalos etgan yetakchi sifatida tasvirlanadi. Muxoliflar esa muallifni N.Nazarboyevning avtokratik xarakterini xaspo‘shlashda ayblagan.
J.Aytken ushbu kitobi uchun mo‘may qalam haqidan tashqari Qozog‘iston Respublikasi davlat mukofoti – medal bilan taqdirlangan. Medalni 2017 yili Qozog‘istonning Buyuk Britaniyadagi elchisi topshirgan.
J.Aytken o‘z davrida Buyuk Britaniya hukumatida vazir hamda parlamentda deputat lavozimida faoliyat yuritgan. Uning siyosiy karerasi 1996 yili yolg‘on guvohlik sabab xotima topgan. Gap shundaki, «The Guardian» gazetasi siyosatchining «Ritz Hotel» mehmonxonasida yashashi uchun Saudiya Arabistoni podshohining o‘g‘li pul o‘tkazgani haqida material chop etgan. J.Aytken buni rad etgan hamda gazetani tuhmatda ayblab sudga bergan. Pirovardida, u yolg‘on gapirgani isbotlanib, qamoqqa hukm qilingan. Siyosatdan ketgach, u taniqli shaxslar haqida avtobiografik kitoblar yozish bilan shug‘ullangan.
J.Aytken kitobi qahramoni – Qozog‘istonni qariyb 30 yil davomida boshqargan Nursulton Nazarboyev 2019 yil 19 mart kuni prezidentlik vakolatini o‘zidan soqit qilgan edi.
N.Nazarboyevga tirikligidayoq haykal qo‘yilgan. Qozog‘iston poytaxti hamda mamlakatdagi universitet, ko‘cha hamda xiyobonlarga ham uning nomi berilgan. 81 yoshli Elboshi garchi rasman prezidentlik lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, siyosiy ta’siri katta ekani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, Tekshiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ) tomonidan yaqinda e’lon qilingan «Pandora hujjatlari»da o‘nlab taniqli siyosatchilar, davlat va hukumat rahbarlarining ofshor sxemalarga aloqador ekani fosh etildi.
Avvalroq «Pandora hujjatlari» doirasidagi yana bir holat – O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga daxldor shubhali vaziyat haqida xabar bergan edik. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning saylov kampaniyasiga munosib hissa qo‘shgan britaniyalik tadbirkor Muhammad Amersi Shvetsiyaning «Telia» telekommunikatsiya tashkiloti bilan bir necha shubhali shartnomalarda qatnashgan. Xususan, u «Telia» kompaniyasiga Gulnora Karimova bilan 220 mln dollarli kelishuvni imzolashni maslahat bergan. Keyinroq G.Karimovaga to‘langan pullar pora ekani isbotlanib, shved kompaniyasi AQSH hukumati tomonidan 952 mln dollar miqdorida jarimaga tortilgan. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin