date

Mikromoliyadan bankgacha: Markaziy bank yangi tartib joriy etdi

Mikromoliyadan bankgacha: Markaziy bank yangi tartib joriy etdi

Markaziy bank boshqaruvi muhim qaror qabul qildi va mikromoliya tashkilotlari hamda bank faoliyatini o‘zgartirish jarayonini tartibga soluvchi yangi nizomni tasdiqladi. Ushbu hujjat moliya muassasalari uchun faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirishdagi aniq talablar va xususiyatlarni belgilaydi.

Endi:

  • mikromoliya tashkiloti mikromoliya bankiga aylanishi,

  • mikromoliya banki to‘liq bankka transformatsiya qilinishi,

  • bank mikromoliya banki maqomiga o‘tishi yoki aksincha,

  • mikromoliya banki qaytadan MMT sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

Shu bilan birga, agar mikromoliya tashkiloti o‘z maqomini mikromoliya bankiga o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, u albatta aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan bo‘lishi talab etiladi.

Yangi nizomga ko‘ra, mikromoliya bankini tashkil etish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Dastlabki ruxsatnoma berish,

  2. Bank ro‘yxatdan o‘tkazilib, bir vaqtning o‘zida litsenziya topshirish.

Banklar, mikromoliya banklari yoki mikromoliya tashkilotlari faoliyat turini o‘zgartirish istagida bo‘lsa, ular Markaziy bankka elektron tarzda ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Arizalar belgilangan qonunlar – “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” hamda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi hujjatlar asosida ko‘rib chiqiladi.

Ariza ko‘rib chiqilgani uchun belgilangan to‘lovlar ham mavjud:

  • dastlabki ruxsatnoma uchun – BHMning 5 baravari,

  • litsenziya uchun – ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi,

  • litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun – yuqoridagi miqdorning yarmi.

Shu tariqa, Markaziy bank tomonidan joriy etilgan yangi tartib moliya sektorida shaffoflik va tizimlilikni kuchaytirishi, shuningdek, moliyaviy bozoridagi o‘tish jarayonlarini yanada aniq va tartibli qilishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mikromoliyadan bankgacha: Markaziy bank yangi tartib joriy etdi