date

Ispaniyada plyajlar xavfli dengiz jonzoti tufayli yopildi

Ispaniyada plyajlar xavfli dengiz jonzoti tufayli yopildi

Ispaniyaning Alikante viloyatiga qarashli Guardamar del Segura shahrida kutilmagan voqea yuz berdi. Shaharning mashhur plyajlarida suv ostida zaharli va noyob dengiz mavjudoti — “Glaucus atlanticus”, xalq orasida “moviy ajdaho” deb ataladigan kichik shilliqqurt paydo bo‘lgani haqida mahalliy OAV yozdi. Bu haqida CNN nashri ham ma’lum qildi.

20 avgust kuni Guardamar politsiyasi o‘z ijtimoiy tarmoq sahifasida rasmiy e’lon berdi. Unda aytilishicha, aholi va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida shahar sohillarida vaqtinchalik tarzda suzish man etildi. “Moviy ajdaho” paydo bo‘lgani sababli barcha plyajlar yopiladi va faqat yangi ko‘rsatmalardan keyin qayta ochiladi”, – deyilgan bayonotda.

Aslida, ushbu jonzotning nomi uning tashqi qiyofasi bilan bog‘liq. Chunki ko‘rinishi afsonaviy ajdahoga o‘xshab ketadi. Uning uzunligi bor-yo‘g‘i 3 santimetrni tashkil etadi, ammo zaharli xususiyatlari tufayli juda xavfli hisoblanadi. Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, “moviy ajdaho” o‘zidan bir necha barobar katta dengiz hayvonlarini yeb, ularning zaharini o‘z tanasida to‘playdi va keyin undan foydalanib, o‘zidan 300 marta katta bo‘lgan o‘ljasini ham falaj holatga keltira oladi.

Politsiya ogohlantirishicha, bu shilliqqurt bilan kontaktga kirishish inson terisida kuchli kuyish va og‘riqlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, mahalliy aholi va sayyohlar qum ustida yoki suvda noodatiy jonzotni ko‘rsa, unga tegmasliklari lozim.

Shahar meri Xose Luis Sayes ham aholini juda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi:
“Unga hatto qo‘lqop bilan ham tegmang. Agar kimdir chaqib olsa, ta’sirlangan joyni darhol sho‘r suv bilan yuvish va tibbiy yordamga murojaat qilish kerak”, – dedi u.

Bir necha kundan so‘ng plyajlardagi taqiq olib tashlandi va suvga kirishga ruxsat berildi. Biroq mahalliy hokimiyat va mutaxassislar hanuz ehtiyot choralariga qat’iy amal qilish kerakligini uqtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Alikante viloyati Ispaniyaning eng mashhur sayyohlik hududlaridan biri hisoblanadi. U quyoshli iqlimi, sof qumli plyajlari va qoyali sohillari bilan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Ammo “moviy ajdaho”ning paydo bo‘lishi bu yo‘nalishdagi turizmga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qayd etilishicha, mazkur shilliqqurt odatda Atlantika, Tinch va Hind okeanlarining iliq suvlarida uchraydi va ular oqim hamda shamol ta’sirida harakatlanadi. O‘rta Yer dengizida esa uning ko‘rinishi juda kam holat hisoblanadi. Shuning uchun Guardamarda “moviy ajdaho” paydo bo‘lishi tabiatshunoslar uchun ham noodatiy voqea sifatida baholandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ispaniyada plyajlar xavfli dengiz jonzoti tufayli yopildi