Yevropada Ukraina masalasi yuzasidan keskin tortishuv va siyosiy ziddiyat yana avj oldi. Xususan, Fransiya hamda Italiya o‘rtasida Yevropa qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish tashabbusi bo‘yicha jiddiy diplomatik mojaro yuzaga keldi.
AFP tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Italiya bosh vaziri o‘rinbosari, “Liga” partiyasi yetakchisi Matteo Salvini, Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchiligidagi “Xohlovchilar koalitsiyasi” muhokama qilayotgan tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga jo‘natish g‘oyasiga qattiq e’tiroz bildirdi.
“Fransiya rahbari Emmanuel Makronning o‘zi qo‘liga miltiq olsin, dubulg‘a kiysin va Ukrainaga borib kelsin”, — degan Salvini o‘z bayonotida. Uning bu so‘zlari Italiyada ham, Fransiyada ham katta rezonansga sabab bo‘ldi.
AFP diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, ushbu chiqishdan so‘ng Italiyaning Parijdagi elchisi Emanuela D'Alessandro Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Fransuz diplomatlari Salvinining gaplarini “ikki davlat o‘rtasidagi ishonch muhiti va tarixiy munosabatlarga zid” deb baholagan.
Ta’kidlash joizki, Salvinining bugungi so‘zlari uning Makronga qaratilgan ilk tanqidi emas. Joriy yil mart oyida ham u Fransiya prezidentini “telba” deb atagan va uni Yevropani Rossiya bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvga yetaklayotganlikda ayblagan edi.
Shu tariqa, Ukraina masalasi atrofidagi munozara Yevropa siyosatchilari orasida yanada qiziy boshladi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Salvinining bu qat’iy pozitsiyasi Italiyaning Ukrainaga harbiy kontingent yuborish masalasidagi yo‘nalishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Makron miltiq ko‘tarib Ukrainaga o‘zi borsin” – Matteo Salvini
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar