12:00 / 15.10.2021
2 856

Putin muxolifat, demokratiya va Muratov haqida - asosiy iqtiboslar

Putin muxolifat, demokratiya va Muratov haqida - asosiy iqtiboslar
Foto: Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi Manejda o‘tkazilgan energetika haftaligi forumi doirasida mavzudan tashqari qator savollarga ham javob berdi. Xususan, Aleksey Navalniy va rus muxolifati haqidagi savollarga. Shuningdek, keyingi muddatga saylanish istagi, Yevropadagi gaz inqirozi va AQSH bilan aloqalar haqida gapirdi.

Rossiyadagi demokratiya haqida
«Rossiyada demokratiya yo‘qolib borayotgani haqidagi gaplar bo‘rttirilgan. Mark Tven o‘z o‘limi haqidagi mish-mishlarga javoban aytganidek, bizni o‘ylaguncha o‘zingizda nima bo‘layotganini o‘ylang», dedi Putin kinoya bilan.

Rossiya prezidenti bu borada an’anaviy parlamentar davlatlardagi vaziyatga qarashni tavsiya qildi: «O‘sha AQSHda ham lobbizm bor. Lobbizm nima? Qonuniylashtirilgan korrupsiya. Biz ham ahmoq emasmiz, hammasini ko‘rib turibmiz». Uning fikricha, Yevropadagi parlamentarizm ham jiddiy muammolarga yuz tutmoqda.

Rossiya prezidentining fikricha, Rossiyada ham muammolar bor, lekin «ular»nikidan ko‘p emas, aksincha kamroq.

Mamlakatdagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, Putin «Rossiya revolyutsiyaning planini to‘ldirgan» iborasini navbatdagi marta ishlatdi. U oxirgi marta bu gapni 20 avgust kuni Angela Merkel bilan xayrlashuv uchrashuvida aytgandi.

Muxolifat va Navalniy haqida
Rossiya prezidentining fikricha, mamlakatda muxolifat bor va u hukumatni tanqid qilmoqda: «Muxolifat haqida gapiradigan bo‘lsam, Rossiyada u bor va dadil ishlamoqda, hukumatni tanqid qilyapti. Shunchalik keskin tanqid qilyaptiki, boshqa mamlakatlarga bunchalik tanqidga imkon berilmaydi ham. Muxolif saytlar ham ishlamoqda, hatto ularga «Gazprom» pul to‘lamoqda. Ha, ha, «Gazprom» Yevropaga gaz sotib, muxolif OAVni moliyalashtirmoqda».

Muhokama boshlovchisi bo‘lgan AQSHning SNBC telekanali jurnalisti Hedli Gembl Putindan mamlakatda Aleksey Navalniy yetakchiligidagi «beshinchi kolonna» bor-yo‘qligi, Putin muxoliflarni qamoqqa yuborayotgan bir vaqtda ularning mavjudligidan xavotir olishi yoki yo‘qligi haqida so‘radi.

Bu savolga Putin shunday javob berdi: «Ko‘chada bo‘layotgan namoyishlarga qarasangiz, ularning hammasi ham qamoqda emasligini ko‘rasiz. Qonunni buzmaganlar faoliyatini davom ettirmoqda».

Rossiya prezidenti doimgidek Navalniy haqida uning familiyasini aytmay gapirdi: «Siz aytgan odam esa muxolifatchi bo‘lgani uchun emas, qonunbuzarlik qilgani uchun qamoqda o‘tiribdi. U Rossiyada faoliyat olib borgan xorijlik tadbirkorlarga nisbatan firibgarlik qilgan, bir necha marta. Xalqning ishonchidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish, bu orqali esa iqtisodiy foyda ko‘rish tuzuk ish emas. Siz aytgan odam haqida fikrim shu».

Beshinchi muddatga nomzodini qo‘yish haqida
Konstitutsiyaga aynan Putin uchun o‘zgartirish kiritildi va endi u 2036 yilgacha ham prezident bo‘lishi mumkin. Ammo uning aytishicha, hali bu borada qaror qabul qilmagan. Undan 84 yoshgacha ham hukumatda qolishi yoki yo‘qligi, shuningdek, o‘rinbosari haqida ham so‘rashdi. Ammo Putin bu savollarga javob berishni istamadi: «Bunday savollarga hech qachon javob bermaganman va bu odatimdan chiqmayman. Bu boradagi gaplar vaziyatni izdan chiqaradi. Barcha davlat idoralari tinch ishlashi uchun vaziyat stabil bo‘lishi kerak».

Dmitriy Muratovga Nobel berilishi haqida
«Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov oldinroq tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. Putinning aytishicha, u qoidalardan chetga chiqmasa, xorijiy agent deb topilmaydi (hozir Rossiyada hukumatni tanqid qiluvchi nashrlarni xorijiy agent deb topish «modaga aylangan»).

«U xorijiy agent deb topilishiga asos bo‘luvchi Rossiya qonunlarini buzmasa, bunday deb topilmaydi. Agar u Nobel mukofotidan o‘ziga qalqon sifatida foydalanib, qonunlarni buzadigan bo‘lsa, bunga ongli ravishda borgan bo‘ladi», dedi Rossiya prezidenti.

Foto: Getty Images
Yevropadagi gaz muammosi
Putinning aytishicha, Yevropada gaz yetishmovchiligi yuzaga kelayotganiga Rossiya emas, Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘zi sababchi: «Muammo bizda emas, yevropaliklarning o‘zida axir. Ular vaqtida o‘z gaz zaxiralarini qazib olishmadi. Yozda shamol turbinalari ishlamadi, bu havo bilan bog‘liq. Ular o‘z zaxiralarining 75 foizinigina qazib olishdi va bu juda kam. Rossiya doim, hatto sovuq urush vaqtida ham shartnomalar shartini bajargan holda Yevropa mamlakatlariga kerakli gazni yetkazib kelgan».

Putinga ko‘ra, «Shimoliy oqim-2» truboo‘tkazgichi Yevropadagi gaz narxi va talabini mo‘’tadil holatga keltiradi, ammo uni ishga tushirish uchun rasmiyatchiliklarni tugatib olish kerak.

Putin muloqot boshlovchisi amerikalik Hedli Gemblning chiroyli ayol ekanini, ammo Yevropaga gaz yetkazib berish borasida adashib ketganini aytib, hazil qilishga ham ulgurdi.

«Chiroyli ayol, yoqimtoygina. Men unga bir gapni aytdim, ammo u boshqa gapni aytardi, xuddi meni eshitmagandek. Siz Yevropaga gaz yetkazib bermayapsiz, deydi. Bu borada kim ma’lumot olmoqchi bo‘lsa, aytib qo‘yay, biz Yevropaga gaz eksportini 15 foizga oshiryapmiz. «Gazprom»ning o‘zi 10 foizga oshiradi», dedi Putin.

Neft narxi haqida
«Biz qazib olishni kamaytirib turish orqali narx osmonga ko‘tarilishini istamaymiz. Biz uchun barchasi stabil bo‘lishi muhim», dedi Putin neft narxi oshayotgani haqida. Uning fikricha, neftning bir barreli 100 dollargacha chiqadi.

Putinga ko‘ra, neft narxining mo‘’tadillashuvida Saudiya hukumati va AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp katta rol o‘ynagan: «Biz qazib olishni kamaytirdik, narx mo‘’tadillashdi. Darvoqe, bu borada Saudiya valiahd shahzodasi, Saudiya qiroli va AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp ham katta rol o‘ynadi. Bu yerda qandaydir siyosiy gap yo‘q, shunchaki o‘sha uch tomonlama muzokaralarda qatnashganim uchun bu gapni aytyapman».

AQSH bilan munosabatlar haqida
Putinning fikricha, AQSH va Rossiya o‘rtasida umumiy manfaatlar to‘qnashuvi borligi sabab munosabatlar baribir barqarorlashadi: «AQSH siyosiy isteblishmenti rus-amerika munosabatlarini o‘zgacha ko‘rsatishni qachondir bas qilishiga ishonaman, chunki bu ularning zarariga ishlamoqda. Umumiy manfaatlar bor ekan, munosabatlar albatta stabillashadi. Hozirgi AQSH hukumati bilan aloqalar joyida. Ayni damda davlat kotibining o‘rinbosari Moskvada bo‘lib turibdi va prezident Bayden bilan keyingi uchrashuvlar muhokama qilinmoqda», deydi Putin ikki mamlakat munosabatlari haqida.

Dollar haqida
Rossiya yetakchisining fikricha, Rossiya dollardan voz kechish haqida o‘ylamayapti, ammo AQSH o‘z valyutasiga nisbatan ishonchsizlik paydo qilmoqda: «Dollar dunyodagi yetakchi valyuta sifatidagi o‘rnini yo‘qotmoqda. Dunyodagi dollar operatsiyalari, mamlakatlarning dollardagi shaxsiy zaxiralari ham kamaygan. Ammo biz hozircha dollardan foydalanishni to‘xtatmoqchi emasmiz, neft va boshqa energiya manbalari savdosida dollardan foydalanish bizni qoniqtirmoqda».

Putinning fikricha, AQSH dollardan sanksiya vositasi sifatida foydalanishi Rossiyani boshqa valyutadan foydalanishga majbur qilmoqda: «Shunchaki biz mijozlardan dollarda pul ololmayapmiz, shu sabab boshqa valyutaga o‘tishga majbur bo‘lyapmiz. Hatto AQSHning yaqin hamkorlari ham dollardan foydalanishni kamaytirmoqda. Bu fakt».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin muxolifat, demokratiya va Muratov haqida - asosiy iqtiboslar