
Rossiya va AQSHni bog‘laydigan Bering bo‘g‘ozi orqali tunnel qurilishi haqida yangi ma’lumotlar e’lon qilindi, deb xabar berdi Topnews.
Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari va prezidentning xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha qiymati kamida 8 milliard dollarni tashkil etadi.
Dmitriyev ta’kidlashicha, norasmiy ravishda “Putin–Tramp tunneli” deb atalgan bu loyihani sakkiz yildan kamroq vaqtda amalga oshirish mumkin. Tunnel temir yo‘l va yuk tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, “Rossiya va AQSHning qo‘shma resurslarini rivojlantirish imkonini yaratadi”, – dedi u.
Uning ta’rifiga ko‘ra, Bering bo‘g‘ozi ostidagi tunnelning uzunligi 98–113 kilometr bo‘lib, bu Fransiya va Buyuk Britaniyani bog‘laydigan mashhur Yevrotonneldan (51 km) deyarli ikki baravar uzunroq bo‘ladi.
Kirill Dmitriyev Ilon Maskga murojaat qilib, The Boring Company texnologiyasidan foydalanishni taklif qildi. Bu usul qurilish muddatini qisqartirib, xarajatlarni sezilarli darajada tejashi mumkinligi aytilmoqda.
Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, “Putin–Tramp tunneli” g‘oyasi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. “Bu haqdagi xabar ikki million marta ko‘rildi. Tramp buni qiziqarli deb atadi, Zelenskiy esa yoqtirmadi. Bu mavzuda eng yirik OAVlar yozdi”, — dedi u.
Qiziq tomoni shundaki, Chukotka va Alyaska o‘rtasidagi transport yo‘lagini yaratish g‘oyasi ilk bor 2007-yilda muhokama qilingan. O‘shanda Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 6 ming kilometrlik transkontinental magistral loyihasini taklif etgan edi, undan 102 kilometri bo‘g‘oz ostida o‘tishi kerak bo‘lgan.
Endi esa bu g‘oya yana kun tartibiga chiqdi. 2025-yil 15-avgust kuni Alyaskada Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvi chog‘ida Dmitriyev “Yevroosiyo va Amerika o‘rtasidagi yangi dunyo ko‘prigi” bo‘lishi mumkin bo‘lgan loyiha rejasini taqdim etdi.
Shu tariqa, Bering bo‘g‘ozi orqali Rossiya va AQSHni bog‘laydigan tunnel loyihasi nafaqat muhandislik jihatidan, balki geosiyosiy ramz sifatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mutaxassislar bu tashabbusni XXI asrning eng noodatiy transport inshootlaridan biri sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!