
Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi navbatdagi sinovini o‘tkazdi.
20-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston U-17 jamoasi Venesuela o‘smirlar termasiga qarshi maydonga tushdi. Bellashuv jangovor tusda kechdi va 1:1 hisobida yakunlandi.
Hisob 29-daqiqada venesuelalik David Garsiyaning goli bilan ochildi. O‘zbekiston jamoasi ikkinchi bo‘limda faol o‘yin ko‘rsatib, 86-daqiqada Nurbek Sarsenbayevning aniq zarbasi orqali hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston U-17 jamoasi tarkibida ushbu futbolchilar maydonga tushdi: Shokirov, Hakimov, Bahodirxonov, Xabibullayev, Ergashev, Erimbetov, Hasanov, Aliyev, Saidmurodov, Sodiqov va Anvarov.
Zaxirada Rustamjonov, Isbaskanov, Yusufboyev, Abdukarimov, Sarsenbayev, Rustamov, Muradov, Turg‘unov, Musaxanov, Saidov, Abdumo‘minov va Shukurullayev bo‘ldi.
Murabbiylar shtabi ma’lum qilishicha, jamoa mundial oldidan yana ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazadi.
23-oktyabr kuni o‘smirlar Kot-d’Ivuar bilan, 29-oktyabrda esa Burkina-Faso bilan bahs olib boradi. Ikkala bellashuv ham Dubaydagi “Al Hamriya” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Mutasaddilarning aytishicha, mazkur o‘yinlar jamoa taktik tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish va jahon chempionati oldidan asosiy tarkibni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘smirlar termasi uchun mundialga tayyorgarlik bosqichi juda mas’uliyatli davr sanaladi. Jamoa so‘nggi o‘yinlarda o‘zaro tushunishni yaxshilab, mundialda munosib ishtirok etishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!