23:00 / 13.11.2021
2 829

Rim papasini tiz cho‘ktirgan xon yoxud Vengriyaning Turkiy kengashga nima aloqasi bor?

Rim papasini tiz cho‘ktirgan xon yoxud Vengriyaning Turkiy kengashga nima aloqasi bor?
Ko‘pchilikka Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ishida ishtirok etayotgan Vengriyaning mazkur tashkilotga aloqasi yo‘qdek tuyulishi mumkin. Rossiyaning ayrim ommaviy axborot vositalari “Vengriya turonchiligi” haqida bong urishni ham boshlagani Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Vengriyaning qanchalik muhimligini anglatadi.

Tarixan vengerlar turklar bilan bog‘langan. Madyar yoki mojorlarning ota-bobolari hozirgi Boshqirdiston hududida yashagani taxmin etiladi. Ma’lumki, IX asr oxirida Pannoniyaga kelgan vengerlarning birinchi qiroli Arpadning ittifoqchilari orasida qipchoqlar ham bo‘lgan. Keyinchalik, XIII asrda Vengriya hududida yana bir turkiy xalq – janubiy rus cho‘llarining sobiq hukmdorlari qipchoq-xunlar joylashgan, Vengriyaning tarixiy Kunshag viloyati ularning nomi bilan atalgan.

Xunlar, xunnular, gunnlar, xunnlar – 2-4 asrlarda turkiy xunlarning Uraloldi va Volga bo‘yidagi o‘g‘ur (ugor) qabilalari bilan aralashuvidan tashkil topgan xalq.

Birinchi asrda xunlar Markaziy Mo‘g‘ulistondan sharqqa siqib chiqarilgan. 155-160 yillarda xunlarning katta qismi Uraloldi va Volga bo‘yiga kelib mahalliy o‘g‘ur qabilalari bilan yagona qabila ittifoqiga birlashgan va shundan e’tiboran G‘arb tarixiy manbalarida gunnlar deb atala boshlagan.

Xunlar 447 yilda Attila yo‘lboshchiligida Sharqiy Rim imperiyasiga yurish qilib, Konstantinopol ostonalarigacha yetib borgan. Vizantiya elchisi Prisk Attila bilan sulh bitimi tuzish haqida kelishib olgan, unga ko‘ra ilgaridan Vizantiya to‘lab kelayotgan tovon miqdori oshirilgan. 451 yilda Attila o‘ziga tobe bo‘lgan barcha qabilalarni to‘plab Galliyaga bostirib kirgan, yo‘lida duch kelgan Mes, Strasburg, Vorms, Mayns va boshqa shaharlarni vayron qilgan. Xunlar Orleanni qamal qilgan, 451 yil 15 iyunda Katalaun jangida ular G‘arbiy Rim imperiyasi va uning ittifoqchilaridan tashkil topgan qo‘shin bilan to‘qnashgan; 452 yilda Italiyaga bostirib kirgan xunlar Akvileya va Milanni talon-toroj etgan. Rimni qamal qilishganda Rim papasi Lev (Leon) I Attila oldida tiz cho‘kib, katta tovon evaziga sulh tuzilishiga erishgan. Shunday qilib Yoyiq (Ural) daryosidan Reyn daryosigacha cho‘zilgan ulkan hudud Xunlar saltanati qo‘l ostiga kirgan.

Qozog‘istonda hozir ham majar urug‘i yashaydi. Shuning uchun ham XIX asrning ikkinchi yarmida venger ziyolilari orasida venger turonchiligi mafkurasi vujudga keldi, unga ko‘ra vengerlar oltoy tillari guruhiga mansub xalqlarning qarindoshlari deb e’lon qilindi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Vengriyada sovetlarga xayrixoh hukumat o‘rnatilgandan keyingina venger turonchiligi unutildi.

Vengriyaning turkiy xalqlarga yanada yaqinlashuvi bosh vazir Viktor Orban va uning milliy konservativ «Fides» partiyasining ikkinchi muddati bilan bog‘liq. Orban vengerlarning turkiy kelib chiqishi nazariyasini qayta tiklash bilan bir qatorda bu bir qator tashqi siyosat qadamlarini ham qo‘ydi. Masalan, 2012 yilda Vengriya 2004 yilda arman zobiti Gurgen Margaryanni o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan ozarbayjonlik zobit Ramil Safarovni ozod qildi (Ozarbayjonga ekstraditsiya qilindi), natijada Armaniston u bilan diplomatik munosabatlarni uzdi. Vengriya Qorabog‘ mojarosida Ozarbayjonni ochiq qo‘llab-quvvatlay boshladi.

Bugungi kunda Budapeshtda turk tili va madaniyati, turkiyshunoslik fanini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Yunus Emro instituti, xun va turkiy xalqlarning «Qurultoy» festivalini tashkil etuvchi Venger Turon jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda vengerlar, turklar hamda sobiq Sovet Ittifoqining turkiy xalqlari ishtirok etishmoqda. Vengriya Turkiya va Ozarbayjon bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantira boshladi. 2019 yil oktabr oyida Vengriya Turkiyaning suriyalik kurd qurolli guruhlariga qarshi operatsiyasini qo‘llab-quvvatlagan yagona Yevropa Ittifoqi davlati edi. Qozonda Vengriya Bosh konsulligi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Budapeshtning Anqara va Boku bilan yaqinlashishi ko‘p jihatdan boshqa partiya – “Yobbik”ning xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lib, u 2016 yilgacha turkiy dunyo bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan o‘ta o‘ng siyosiy kuch sifatida nom qozongan. “Yobbik” partiyasi rahbari Gabor Vona 2013 yilda shunday degan edi:

«Mening partiyam Turkiya va boshqa turkiy davlatlarni, masalan, Ozarbayjonni xalqaro mojarolarda qo‘llab-quvvatlashi G‘arbga yoqmaydi... Islom globalizm va liberalizm zulmatida insoniyatning so‘nggi umididir».

O‘sha yillarda «Yobbik» veb-saytida Afrikaning bugungi kunda G‘arbga muqobil bo‘lgan haqiqiy kuchga ega emasligi, Avstraliya va Janubiy Amerika jamiyatlarining ham zaifligi aytilib, “An’analarni saqlashga qaratilgan yagona madaniyat bu Islom olamidir", deb yozilgan edi.

«Yobbik» Xo‘jalidagi qirg‘inni genotsid deb tan olinishi muhim ish bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yil 4 oktabrda “Fides” va “Yobbik” deputatlari Armaniston da’vo qiladigan “arman genotsidi”ning tan olinishiga to‘sqinlik qilishdi.

Vengriya Turkiy tilli davlatlar kengashi davlat rahbarlarining joriy sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Budapesht va Anqara munosabatlarining mohiyatini Viktor Orbanning 2021 yil 11 noyabrda Anqarada qilgan nutqi orqali baholash mumkin. Orban Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday dedi:

Yevropa Ittifoqi Turkiyaga migratsiya masalalarida maksimal darajada yordam berishi kerak... Yevropa qit’a atrofida himoya doirasini yaxshilash uchun ittifoqchilarga muhtoj. Himoya doirasi yaratilmasa, Yevropa parchalanib, qiyin vaziyatga duch keladi... Turk do‘stlarimizga imkon qadar yordam berishimiz kerak. Yevropa Ittifoqi Turkiyaga migratsiya masalalarida maksimal darajada yordam berishi kerak... Bosniyadagi barqarorlik va tinchlik Turkiya va Vengriya uchun muhim... Turkiya va Vengriya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 30 foizdan ko‘pga oshdi.. Bizning ma’lumotlarga ko‘ra, bu 4 milliard dollarga yaqin".

Biroq tomonlar bayonotlar bilan cheklanib qolmadi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Vengriya va Turkiya o‘rtasida harbiy, ilmiy, sanoat, madaniy, texnologiya, turizm, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik bo‘yicha 9 ta shartnoma imzolandi. Vengriya davlat media xizmati MTVA ijrochi direktori Daniyel Papp esa Turkiya davlat media xizmati TRT va Turkiya davlat axborot agentligi “Anadolu” bilan shartnoma imzoladi. Va nihoyat, eng muhimi, 2024 yil Turkiya va Vengriyaning qo‘shma Madaniyat yili bo‘ladi, bu ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 100 yilligiga to‘g‘ri keladi.

Vengriya Respublikasi Prezidenti Orban joriy yilning 29-31 mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi.

«Bugun ochiq va amaliy ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdik. So‘nggi to‘rt yilda tovar ayirboshlash deyarli uch barobarga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz», – degan edi o‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

«Moliya sektori, atom energetikasi, farmatsevtika sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatini ochganingizdan minnatdorman. Biz qishloq xo‘jaligiga ham e’tibor qaratmoqdamiz», – degan Orban o‘z navbatida.

Nima bo‘lganda ham, qadimiy turkiy xalqlardan biri bo‘lgan xunlarning avlodi madyar, vengerlarning turkiy xalqlarga yaqinlashishi barcha turkiy davlatlarga ham, Vengriyaga ham siyosiy va iqtisodiy tomondan yaxshi bo‘lishiga shubha yo‘q.

Yoqub Umar tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rim papasini tiz cho‘ktirgan xon yoxud Vengriyaning Turkiy kengashga nima aloqasi bor?